Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 128023 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:23:18

6. Mangu javhar  yoxud iymon ko‘chasidan o‘tmaganlar hiylasi

Tan beramiz: dunyo shunday qurilgan. Unda boqiy narsaning o‘zi yo‘q.
Unda har bir narsaning yashnashi, gurkirashi, gullashi bor. So‘ng zavolga yuz tutishi. Hatto anvoyi pechakgul ham bir ajoyib karnaygullar o‘rab, necha kungina yashnamog‘i, so‘ng urug‘ bog‘lab so‘lmog‘i bor. Hatto o‘sha yo‘qlikka ko‘chgan Izza tepaliklaridagi tikonzorlar ham bahorda bir chiroyli gullab yuborar edilar. Endi topib ko‘r-chi!
Ko‘rk-husn-chiroy ham shunga monand narsalar jumlasidan ekan.
Oyim uzun kechalarda aytib o‘tirardilar:
— Xudoyim taolo ko‘rkni yaratib, uni yuz bo‘lakka bo‘lgan ekan-da, o‘shaning bir bo‘lagini yana mingga bo‘lib, bir bo‘lakkinasini Yusuf alayhissalomga berib, qolganini butun dunyoga sochgan ekan. O‘shanda kennoyingga ham jindek yuqqan. Xudoning berishi-da, bolam, — der edilar.
Endi ana o‘sha chiroyga ham ko‘z tegib, qaerdandir oq tushgan edi. Nima bu, Alloh O‘zi bergan husnni O‘zi qaytarib olmoqdami yo shuni ham ko‘p ko‘rdimi? Balki mahbub ko‘rgan bandasini shu tariqa sinab-poklamoqdadir?! Shuncha ko‘rgiliklari, tosh kelsa — kemirib, suv kelsa — simirib o‘tirganlari oz ekanmi?..

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:23:34

Kelishilgan yerga yetib borganimda hali aytilgan vaqtga jindek bor — oftob endi teatr ortidagi chinorlar orqasidan bosh ko‘tarmoqda edi. Ammo kunmisan-kun chiqib kelmoqda. Uni nur to‘zoni yoxud seli deb atamoq ham kam edi: butun daraxtzor, ulkan chinorlar nur selida qolgan, soyalar qayoqqa qocharini bilmay daraxt tanalariga yopishib olgan, o‘zlari esa, zar purkalgan tilla daraxtlarga aylanib ulgurgan edilar. Shoxlari orasidan yorib o‘tgan nurlar shunday o‘tkir, yoqimli ediki, u nur to‘zonidan ko‘z uzmasam derdim. Bunaqasini ilgari ko‘rganmanmi-yo‘qmi, eslay olmasdim. Ko‘rganmanki, hov o‘sha o‘yinqaroq kezlarimda Izza tepalarida turib quyoshning chiqishiyu botishini soatlab tomosha qilganlarim yodimga tushib bormoqda, yo‘qotganlarimni topib olgandek edim. Umr shunday bebaqo, hayot esa bevafo ekanki, yillar o‘tgani, kunlar kechgani sayin, hatto daqiqalar ichida ham odam bir aziz narsasidan judo bo‘lib qolaversa! Mana, hozir ham oftob nayza bo‘yi ko‘tarilib, daraxtlar ustiga chiqib oladiyu hozirgi nur seliniyu daraxtzor ichidagi anavi qushlar bozorini qaytib topib ko‘r-chi? Ertaga yo ko‘ra olasan, yo ko‘ra olmaysan. Shunaqa, umr selday o‘tib bormoqda, aziz onlarni sovurib, boy berib bormoqdamiz. U deb, bu deb chopib yuribmiz-u, lekin nimani ushlab qolmoqdamiz? Oxir-oqibat nimaga ega chiqmoqdamiz? Ayriliqqami?
Kechagina Bahriddin akam taraflaridan elchi kepti, shundan-shu yoqqa Sulton akamning ahli ayolini yo‘qlab-daraklab kepti deb, boshim osmonda edi. Bugun esa, u bilan ham xayrlashuv onlari yetib kelmoqda edi. Yana qanchadir vaqt o‘tib u keladiyu mendan salomnomani olib, quchoqlashib xayrlashishga tushadi. Keyin men yana yuragim bo‘shab — huvillab qolaveraman. Shumi topganlarim? Bu hayot deganlari buncha beshafqat ekan, nuqul yo‘qotuvlaru judoliklardan iborat?! Bo‘lmasa, topib ko‘r-chi, keltirib ko‘r-chi akamni! Akamu kennoyim ikkovini qo‘sha qaritib ko‘r-chi! Kelmaydi qo‘lingdan! Alloh xohlamasa, biz kimmiz? Nahot taqdir qalamining siyohi bitgan, uning nuqtasini-da o‘zgartib bo‘lmas?!.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:23:44

— Salomlar bo‘lsin o‘zlariga, Maqsudxo‘ja janoblari.
Oqqushdayin suzib kelib yonginamda to‘xtagan mashinadan tushib ulgurgan mehmonimiz quchoq ochib turar edi.
Turk afandilaridek po‘rim kiyingan, keng peshona, qora ko‘z, yarqiroq yuzli mehmonimizni ko‘rganimdanoq alohida bir mehr uyg‘onib, unga talpindim. Har na qilsa, akalarimizdan mujdayu salomlar keltirgan odam. Yana bizdan mujdayu salomlar olib ketmakchi. O‘z yumushlaridan ortib, bizga shunchalar qayishibdi, vaqt topib kepti, Alloh ajrini to‘liq qilib bersin. Shu omonatni deb biron kor-holga qolmoqdan qo‘rqmabdi, barchasidan Alloh roziligini ustun qo‘yibdi, unga tasanno. Har na qilsa, dunyo ko‘rgan: elchilikni o‘rniga qo‘ydi. Gap yo‘q! Men-chi, bu mard insonni lozim darajada kutib olib, e’zoz ko‘rsata oldimmi?
Uyga olib ketay, bir kecha mehmonimiz bo‘ling, deb shuncha qistadim, ko‘nmadi. Bizning qadamimiz o‘lchovlu, mirzo yigit. Sizni ko‘rganum, birodarimizga tegishluv kishilarning sog‘-omonliguni bilganum yetarluv, muhimi — shu edu, endi ertaga ikki enlukkina bir xat bitub bersangiz kifoya, ola ketaman, deb turib oldi. Mana, o‘shanga kelyapti — xayr-xo‘sh uchun kelyapti.
— Kuzatib qo‘yay, shundan shu yoqqa mozor bosib kelibsiz, yurtdan jindek sovg‘a-salomlar qilib beray, ola keting, — deb uvvalo yalindim, iltijolar qildim, ko‘nmadi.
— Biz safar kishisi — kelib-ketadurgan odam,  Siz qolasiz. Bizdan keyin bir karra surishtirmoqlari bor, shunga yetmay qo‘yaqolsin, dastxat — maktubingiz yetarluv, — dedi issiq jilmayib. Tushungan odamlarning sadag‘asi ketsang arziydi. Ular o‘zi ana shunday — bir boshqacha bo‘ladilar...

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:23:55

Mayli desa, bir shisha bonkachada omonluq-somonluqqa deb tut terdirib, yana bir shisha bonkachada sumalakmi, halimmi berib yubormoqchi edim. Xolavachchalarimu Marg‘u kennoyimga ilingan edim. Zora og‘zilari tegib, boshlari ko‘kka yetsa, deb edim. Unamadi mehmon. Ayniqsa, halim Sulton akamning joni-tani edi!
— Jindek-jindek shakar sepib, bir laganini yeb olsangmi, oh, uning savobiga kim yetsin, ta’mi kelguvsi yilgacha og‘izdan ketmaydi. Dorilomon zamonlar kelsin, yurtga bir halimlar tortaylik, — derdi orzulab. Orzusiga yetolmadi. Orzu qayda, sarhaddan ham o‘tolmay, begona yurtlarda qolib ketdi. «Inshaalloh» demagan ekan, esiz...
— Qalaysiz, mirzo yigit? Kutub qolmadizmi? Uzr, sizni muntazir  ettuk! — deb kelib, issiq so‘rashdi. Kaft olib, tirsakdan tutishi, mulozamatlari bir samimiy edi, mutaassir tortib:
— Muntaziri nimasi?! — dedim xijolat aralash,— aeroportga chiqaversam bo‘lar edi.
— Rahmat, mirzo yigit. Kutib olib, ko‘p mutaassir ettiz. Takalluflarizdan minnatdorman, — dedi u tirsagimni siqib qo‘yib, — O‘ylaymanki, bu so‘nggi ko‘rishishimiz emas. Mana, birodar bo‘lib qoldik. Alloh xohlasa, bizim diyorlarda-da, ko‘rishtirgay.
— Qani edi, qani edi, — dedim samimiyatidan ta’sirlanib.
— Siz sidqidil so‘rayvering, inshaalloh, O‘zi yetkazgay.
— Rahmat. O‘ziz ham bedarak ketmang. Kelishingiz bilan ko‘rishaylik, — dedim.
— Ilohum, ilohum. Ko‘rishmoq nasib etsun, — dedi u bag‘riga tortib.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:24:08

Men uni quchib, yelkalariga bosh qo‘yib, xo‘shlashar ekanman, ko‘ksiyu yag‘rinlaridan tanish bo‘y — safar kishisining bo‘yini tuyib, beixtiyor u men uchun azizdan-aziz kishilar — darbadar xolavachchalarim bilan ham mana shunday esonlashuvini ko‘z oldimga keltirib, g‘alati bo‘lib ketdim. Ko‘zlarimga sog‘inch yoshlarimi, nima tepchib, betiga qaray olmay qolgan edim. Ko‘ksimni ko‘ksidan uzgim kelmasdi.
U esa, paytdan foydalanib, betini betimga suykab to‘ymas ekan, kutilmaganda qulog‘imga shivirlamoqqa boshladi:
— Ataganingiz u bitikni... o‘ng kissamga sola bilsangiz — solib qo‘ya qoling. U yog‘i Alloh panohiga! Egasiga tekkay, inshaalloh.
Ichimdan bir jimirlov yugurib, xushyor tortdim: nima balo kuzatuvda ekanmizmi? Oldini olyaptimi, har ehtimolga qarshi? Yuragim duk-duk urmoqqayu ko‘zim olma-kesak termoqqa tushgan edi. So‘nggi daqiqada u haq ekanini payqab qoldim: O‘shal oqqush kabi suzib kelgan oq mashinaning haydovchisi... bizdan ko‘zini uzmas, nimadandir g‘ofil qolgisi yo‘q edi.
Shu topda g‘ijinim tutdi: u shoxida yursa, nega biz bargida yurmasligimiz kerak?! Shuni dog‘da qoldirolmasam, nimam pakana pari, deb o‘yladimu...tingchining ko‘zlariga qarab turib, nigohini uzgan kezda omonatni mehmonning kissasiga joylab yubordim. So‘ng hech narsa bo‘lmagandek mehmon bag‘ridan chiqib, xo‘shlashmoqqa boshladim.
Alloh bunday ikkiyuzlamachi tingchilarning yuzini O‘zi teskari qilsin. Undan beriga bu toshni-da teshar nazarlardan qutulib bo‘ladimi ekan! O‘zi asrasin, avvalo.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:24:23

So‘ng oq mashinaga dovur kuzatib borib, mehmonimizga oq yo‘l tilar ekanman:
— Xo‘p, omon boring. Siz ila ko‘rishtirgan Allohimga beadad shukrlar bo‘lsin, — dedim.
— Siz-da yaxshi qoling. Ko‘rganumdan beadad mamnunman. Ro‘baro‘ qilaman desa, O‘ziga oson ekan, — deya shukrona bildirdi u va ikki kaftini boshi uzra ko‘tarib juftladi: — Xo‘p, Allohning panohiga.
— Birodarlaringizu xesh-aqrabolaringizni O‘ziga topshirdik, — deb eshikni yopdim.
Men aytadiganimni aytib, beradiganimni berib ulgurgan edim. Tingchi tushmagur, hech nimani anglamayin-da qolgan edi. U noiloj mashinasiga o‘t oldirmoqda edi.
Men jondan aziz kishim — Sultonmurod akamga duoi xayrlar ila salom yo‘llab qolganimdan boshim osmonda ekan, turgan yeridan ohista jilib, erka ki-yikdek suzib ketgan mashinadan ko‘z uzolmasdim. Ammo shu tob ko‘chaning narigi betida, qayrag‘och tagidagi uzun o‘rindiqda o‘tirgan qora ko‘zoynakli yolg‘iz kimsaga banogoh ko‘zim tushib, yuragim shig‘ etdi. Chap kuragim ustida bir jimirlov yugurib, o‘zimni allaqanday omonat sezib ketdimu qayoqqa yurarimni unutdim. Nazarimda esxonam chiqib, jonim tovonimga tushib ketgan edi. Ana, xolos, arzimagan kuzatuvga buncha esankiramasam? Akamga to‘zim bersin ekan! Yana men o‘zimni kimga mengzab, kimlarga ergasharimni orzulab yuribman?! Yana ularning orqasida kimlarning, himoyachisi bo‘lib qolmoqchiman! Bunday paytda bular shoxida yursa, nega biz bargida yurmasligimiz kerak?! Shundagina Alloh asragay-ku, to‘zim bergay-ku. Undan beriga kim mazlumlarning himoyachisiga aylana qolibdi?!

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:24:31

Meni uyat, andesha hissi bosib, sal o‘zimga kelib qolgan edim: uzun zinalardan bir-bir chiqib, mahobatli kollonalar tagi bilan ishxonamiz eshiklari tomon yurdim. Chindan bu eshiklar, bu idora meni har qanday balolardan asrab qoladigandek, boyagidek nigohlarga xorlatib ham, xo‘rlatib ham qo‘ymaydigandek edi. Ammo o‘zim avvalo tilimdan pand bermasligim, bilib qadamimni bosishim lozim. Ana shunda Alloh ham asraydi, o‘zim ham uzoqqa bora olaman. To‘g‘ri, akam bo‘lolmasam ham (unga tenglashishga yo‘l bo‘lsin!) undan beriroq bo‘lmoq mumkin-ku. O‘z so‘zida mahkam turmoq, boshqalardan bir pog‘ona baland fikrlamoq, hamisha Haqni demoq, Haq tarafida turmoq mumkin-ku. Undan beriga bu dargohlarda nima bor?
Men shunday o‘ylar bilan o‘z qavatimga ko‘tarilishga ko‘tarildim-u, eshikka kalit solgan joyimda xayolimga tamomila boshqa fikr urilib, peshonamni muzdek ter bosdi:
«Haydovchisi sezmagan taqdirda ham... boshqa birovi ko‘rmadimikan? Yo‘ldayoq to‘xtatib tintishsa-chi?»
Bu fikrdan esim teskari bo‘lib ketayozgan edi.
Balki to‘xtatib ulgurishgan hamdir?.. Men nimaga ishonib unday xat bitib bera qoldim? Tuzoqqa tushirishdi, desang-chi! Yaxshi ham Sutchi bergan o‘girmani qo‘shmaganim!.. Mavridi kelar, berarman ham, fikrini bilarman ham...
Xonamga qanday kirib bordim, oyoqlarimdan mador qochib, qay o‘rindiqqa cho‘kdim, qancha o‘tirib qoldim — bilmasdim. Xayolim to‘zib ketgan, ko‘z oldimdan o‘sha mashinadayoq ikki yog‘idan ikki odam kirib tintuvga olgan xorijlik mehmonimiz ketmasdi. Shayton meni ne kuydan olib, ne kuyga solar, o‘zimga kelolmas, qilgan ishimdan mantiq izlardim-u, o‘zimni oqlaydigan bir narsa topolmasdim. Axiyri boshim qotib, deraza oldiga borsam, o‘sha yolg‘iz qayrag‘och tagidagi uzun o‘rindiqda... kim o‘tiribdi deng?! Qora ko‘zoynagini qo‘liga olib, yo darig‘, tepadan aniq-taniq ko‘rdim, ko‘zi ojiz — so‘qir odam o‘tiribdi!..

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:24:39

Ana vasvasayu mana vasvasa! Shayton ekan-ku! Nauzanbilloh, bo‘sh kelsang u qay kuylarga solmaydi, kishini...
Derazadan urgan shabadadan o‘zimga kelib, yengil tortgan joyimda eshik ochilib birov kirdi. O‘girilib, bir qavat yuqoridagi «Ayollar saltanati»1da ishlaydigan «jannati hamkasbimiz»ni ko‘rib iljaydim. Mana buni yaxshilikka fol olsa mumkin edi.
— E, keling, «Saodat asri»dan tushgan akam, — deya beg‘araz hazillashdim.
— Huri aynlardan salom, — dedi u ham kaftini kaftimga tashlab.
— Nechuk-nechuk, ertamatan yo‘qlab qopsiz? — dedim farg‘onacha tegishib.
— Shu qavatda tili bir shirin, so‘zi bir o‘tkir yigit bor. Uni bizga torting. Biz uchunam bir narsalar bitib bersin, deyaptilar opa.
— Yo‘g‘-e! Men sizlarbop silliq narsalar yoza olarkanmanmi? — dedim hayratga tushib.
— O‘tiring-o‘tiring, avval eshiting, — dedi hamkasbim meni joyimga cho‘kishga undab.
Biz uzun oromkursiga o‘tira qoldik. U bilagimdan tutib, jilmaydi:
— Xuddi o‘sha silliq narsalar me’daga tegib, Sizni, Sizga o‘xshaganlarni yo‘qlatayaptilar. Yordamiz kerak, oshna.
— Meni bilasiz, unaqa tezotarlardan emasman. Yozsam og‘riq narsalarni, jondan o‘tganlarini yozaman. Har kimga ham yoqavermaydi, — dedim haqiga ko‘chib.
U bosh silkidi:
— Xuddi o‘shanaqasi kerak. O‘zlari aytdilar: nima, hayotimiz shunchalar silliq, to‘kismi? Ko‘ngli yarimta o‘ksiklar kammi? Judoliklarimiz haqida kim yozadi? Armonlarimiz haqida-chi, dedilar. Eshityapsizmi, o‘zlari aytdilar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:25:01

Ammo yozib bergan taqdirimda ham bosmasliklarini bilib, gajirligim tutib kelmoqda edi.
— Nechuk o‘zlari boshlab bera qolmabdilar? Yozaman desalar armonlaridan qog‘oz beti kuygay-ku, — dedim.
— Bilmadim, balki o‘zlariga noqulaydir. Harqalay, opa degan nomlari bor, — dedi bo‘shashibroq.
Men to‘nimni teskari kiyib ulgurgan edim. Qolaversa, boyagi ko‘ngli yarimta o‘ksiklar haqida gap ketgandayoq tamom bo‘lgandim. Kennoyimu akamning hijron to‘la tarixlari yodimga tushib ketib, alamimmi — nimam to‘lib bormoqda edi. Men undan bo‘lak nimani ham yoza olar edim?! Ammo bu tarixni, nainki diyoridan, xeshu aqrabolaridan ayrilgan, hatto shar’an nikohidagi yostiqdoshidan judo bo‘lgan bu darbadarlar qissasini kim ham bosib chiqargay? Opa tugul boshqasi bir chimdimini e’lon qila olarmikan?
O‘zlari-chi? O‘zlarini tul qoldirgan jamiyat, tuzum haqida yolg‘iz yostiqdan bo‘lak kimga og‘iz ocha olar ekanlar1? U sir-asrorlari, ichga yutgan zardoblari haqda miq etmay kelyaptilar-ku o‘zlari?! Shu miq etmaganlari evaziga Opa bo‘lib o‘tiribdilar-ku, to‘rda yuribdilar-ku! Ammo buni ayta oladilarmi, ocha oladilarmi yuraklarini? Hayot — mana shunaqa beshafqat! Xohla, ichga yutu zulm mashinasining bir murvati, parragiga aylan! Xohla, boshni tikib, to‘g‘risidan qaytma! Qay biri boqiylik keltiradi — o‘zing bilib olaver, tanlab olaver! Hayot shunaqa — chidaganga chiqargan! Uning imtihonidan Allohga xush keladirgan biron ish qila olgan kishidan bo‘lak kim ham o‘ta olibdi?..
U kishi esa, jamiyat in’om etgan kursiyu to‘rlardan kecha olmay nimani boy berayotganlarini bilarmikanlar?..
— Yo‘q. Birodar, va’da qilolmayman. Unday narsani yozishga hozir kayfiyatim yo‘qroq, — dedim yotig‘i bilan. Aftidan uni ayab, ochig‘iga ko‘chmayotgan edim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:25:13

«Ayollar saltanati»dan tushgan hamkasbim esa, meni tushuna qolmay o‘tina boshlagan edi:
— Mayli, bir haftacha kutay. O‘ziz bir narsa qoralab bera qoling.
Men uning ko‘ziga qaramayin ham bosh chayqadim:
— Iloji yo‘q, kayfiyatim bo‘lmasa, biron satr ham... bita olmayman, — dedim hamon chiniga ko‘cha qolmay.
— Nima bo‘ldi, uyizda xotirjamlik yo‘qmi yo bu yerdami? — dedi u o‘zini yaqin tutib.
Men o‘sha ichimga sig‘dirolmayotgan narsani qayta ichimga yuta qolmay, o‘rnimdan turib, deraza tomon yurdim:
— Bizniyam bir o‘ksik, ko‘ngli yarimta kennoyimiz borlar, — dedim unga qaray olmay, negadir ko‘zim namlanib, ovozim ham o‘zgarib kelmoqda edi, — Shu kishiga bo‘lisholmaganimizdan...
— Qanaqa yordam kerak, siz yashirmay aytavering. Opaning dastlari uzun. Hammaga birdek qayishadigan odatlari bor, — u turib yonimga kelib olgan, yelkamga qo‘lini qo‘yib, o‘ziga elatmoqchi bo‘lar edi.
Men ko‘nglim yumshab kelib, qanday jin aylantirdi, yorilib qo‘yibman. Esimni yig‘ib olganimda kech edi, sirni ochib qo‘yganimdan o‘zim pushaymon edim.
— Shoshmang, buning davosi bor-ku. O‘ziz ham uni ko‘rgansiz! — deb yelkamga qoqdi.
— Qachon, kimni aytayapsiz? — dedim hech narsaga tushuna olmay.
— O‘sha yamoqchini-da. Anuv hovlidagi tutning tagida o‘tiradigan-chi? Aron amaki?..
— Xo‘sh, bunga uning nima dahli bor? — dedim hayronligim battar ortib.
— Xuddi o‘shandan eshitganman bu narsani. Siz xo‘p deyavering!
— Yamoqchidan-a? Gapingiz qiziq, — dedim yana qaytarib.
— Siz avval eshiting, — deb tirsagimdan tutganicha o‘ziga qaratdi. — Xuddi o‘sha odam Arpapoyadagi mashhur juhud tabibning akasi bo‘lardi, bildiz?

Qayd etilgan