Bakovul barini ko‘rib turdi, barini eshitib turdi. Ammo yelkasini qisdi, labini burdi, talmovsirab turib oldi.
— Chilvir? Qanaqa chilvir? Okun, mehmoni azizsiz, bo‘hton qilmang! To‘riq, kel, haqingni ol!— dedi.
Chavandozlar gapi besamar bo‘ldi. Ko‘plar ko‘pkaridan qo‘lini yuvib, qo‘ltiqqa urib ketdi.
Sho‘rchilik Hamdam chavandoz ketayotib, mana bunday dedi:
— Ay bakovul, shunday haq olib yegandan ko‘ra, ko‘chadan... terib yesalaring bo‘lmaydimi? Bir mo‘min banda o‘zi yemay, o‘zi ichmay yig‘indi, elga to‘y berdi. O‘yla-da, imonsiz! Shu haromliging o‘zingga, o‘zingga bo‘lmasa, bola-chaqangga uradi, mana ko‘rasan!
Bakovul yerparchin bo‘ldi. Ammo gapidan qaytmadi:
— Okun, chilvir solmagani haqiqat! — deya chikilladi.
— E, tupurdim, shu haqiqatingga!
Hamdam chavandoz etagini qoqib ketdi.