Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485911 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 121 122 123 124 125 126 127 128 B


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:34:35

1859/53. Uqba ibn Omirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Uhud g‘azotidan sakkiz yil o‘tganidan keyin u yerda vafot etganlar haqqiga shu darajada duo qildilarki, go‘yo u tirik va o‘liklar bilan vidolashishga o‘xshardi. Keyin qaytib masjid minbariga ko‘tarilib: «Men sizlardan oldin borib kutib oluvchilaringiz va guvoh bo‘luvchilaringizdirman. Sizlar bilan havz ustida ko‘rishishga va’da qilaman. Men o‘sha o‘rnimni mana shu yerdan ko‘ryapman. Meni o‘zimdan keyin sizlarning mushrik bo‘lib ketishingiz qo‘rqitmaydi. Lekin dunyo ustida bir-birlaringiz bilan kimo‘zarga musobaqa qilishlaringiz qo‘rqitadi», dedilar. Uqba (r.a.): «Rasulullohni (s.a.v.) oxirgi ko‘rishim shu bo‘ldi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Boshqa rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh (s.a.v.) «Lekin dunyo ustida  musobaqalashishingiz va oldingi ummatlar kabi uni deb urushib halok bo‘lishingiz qo‘rqitadi», deganlar.

Yana boshqa rivoyatda Rasululloh (s.a.v.) «Men sizlarni kutib oluvchingiz va guvoh bo‘luvchingizdirman. Alloh nomiga qasamki, men hozir havzimni ko‘ryapman. Menga yer xazinalari kaliti yoki yer kalitlari berildi. Alloh nomiga qasamki, mendan keyin sizlarning mushrik bo‘lib ketishingiz qo‘rqitmaydi. Meni qo‘rqitadigan narsa dunyo (matolari ustida) musobaqalashishingiz», deb aytdilar.

1860/54. Abu Zayd Amr ibn Axtab al-Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) biz bilan bomdod namozini o‘qib bo‘lib minbarga ko‘tarildilar va peshin vaqtigacha xutba aytdilar. Keyin tushib peshin namozini o‘qidilar. So‘ngra minbarga ko‘tarilib asr vaqtigacha yana xutba aytdilar. Keyin tushib asr namozini o‘qidilar. Yana minbarga ko‘tarilib, quyosh botguncha xutba aytdilar. U xutbalarining barchasida bo‘lib o‘tgan va kelajakda bo‘ladigan voqealarning xabarini berdilar. Kim o‘sha xutbadan ko‘p yod olgan bo‘lsa, ichimizda bilimdonrog‘imizdir». Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:34:46

1861/55. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim Allohga itoat qilishga nazr qilgan bo‘lsa, o‘sha nazrga vafo qilib itoatda bo‘lsin. Lekin kim Allohga osiy bo‘lishga nazr qilgan bo‘lsa, (o‘sha nazrini buzsin) Unga osiylik qilmasin», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

1862/56. Ummu Sharikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bu sahobiya ayolga kaltakesakka o‘xshash zararli hasharotni o‘ldirishga buyurdilar. «Chunki bu hasharot Ibrohim alayhissalomni yondirish uchun yoqilgan olovni purkagandir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:34:55

1863/57. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim kaltakesakka o‘xshash zararli hasharotni bir zarbada o‘ldirsa, o‘sha kishiga shuncha va shuncha hasanot bo‘ladi. Kim ikkinchi zarbada o‘ldirsa, shuncha va shuncha hasanot bo‘ladi, ya’ni avvalgisidan ozroq. Kim uchinchi zarbada o‘ldirsa, shuncha va shuncha hasanot bo‘ladi, ya’ni avvalgi ikkitadan ozroq bo‘ladi», dedilar.

Boshqa rivoyatda «Kim kaltakesakka o‘xshash zararli hasharotni o‘ldirsa, unga yuzta hasanot yoziladi. Ikkinchi zarbada o‘ldirsa, undan ozroq hasanot yoziladi. Kim uchinchi zarbada o‘ldirsa, ikkovidan ozroq hasanot yoziladi» bo‘lib kelgan.

1864/58. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Bir kishi sadaqa berish niyatida ko‘chaga chiqdi-da, (bilmagan holda) bir o‘g‘rining qo‘liga topshirib qo‘ydi. Odamlar: «Bir kishi kechasi chiqib bir o‘g‘riga sadaqasini topshiribdi», deb gap tarqatishdi. U kishi: «Allohga hamd bo‘lsin», dedi-da, sadaqa berish niyatida ko‘chaga chiqib, (bilmagan holda) bir zinokorning qo‘liga topshirib qo‘ydi. Odamlar: «Bir kishi kechasi chiqib bir zinokorning qo‘liga sadaqasini topshiribdi», deb gap tarqatishdi. U kishi: «Allohga hamd bo‘lsin», dedi-da, sadaqa berish niyatida yana ko‘chaga chiqdi va (bilmagan holda) bir boy kishining qo‘liga topshirib qo‘ydi. Odamlar: «Bir kishi kechasi chiqib bir boyning qo‘liga sadaqasini topshiribdi», deb gap tarqatishdi. U kishi: «O’g‘riga, zinokorga va boyga sadaqani topshirganim uchun Allohga hamd bo‘lsin», dedi. Keyin bu kishi tush ko‘rdi. Tushida unga: «O’g‘riga bergan sadaqang sababli shoyad o‘g‘ri u ishini tark etsa, zinokorga bergan sadaqang sababli shoyad zinokor u ishini to‘xtatsa va boyga bergan sadaqang sababli shoyad u boy ibratlanib, Alloh bergan mol-dunyodan infoq qilsa», deyildi». Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:35:12

1865/59. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edik. U zotni taomga chaqirib bir qo‘yning qo‘lini pishirib olib kelishdi. U zot uning atrofidan tishlab yedilar. Va aytdilar: «Qiyomat kuni men odamlarning sayyididirman. Nima uchun shundayligini bilasizlarmi? Ana shu kunda Alloh taolo avvalidan to oxirgi xalq qilingan kishigacha bo‘lgan kishilarni bir tepalikka jamlaydi. Qaralganda bir nazar ila ko‘rish imkoni bo‘ladi. Barcha xaloyiq bir chaqiruvchining ovozini eshitadi. Quyosh ularga yaqinlashtiriladi. Buning sababidan odamlar toqat qilib ko‘tara olmaydigan darajada g‘am va xafalik yetadi. Odamlarga: «Sizlarga bo‘layotgan bu hodisalarga qaramaysizlarmi? Rabbilaringizga bu to‘g‘rida kim shafe’ (vositachi) bo‘ladi, bunga ham qaramaysizlarmi?» deyishadi. Shunda ba’zilari ba’zilariga: «Vositachi bo‘luvchi shaxs otalaringiz Odam alayhissalomdirlar», deyishadi. Keyin ular u zotning huzurlariga borib: «Ey Odam alayhissalom! Siz butun bashariyatning otasisiz. Alloh taolo sizni O’z qo‘li bilan xalq qilib, jon ato etgan. Hamda farishtalarga buyurdi, ular sizga sajda qilishdi va sizni jannatda turg‘izdi. Bizga shafe’lik (vositachilik) qiling. Bizga nima bo‘layotganini ko‘rmayapsizmi?» deyishadi. Odam alayhissalom: «Bugun Rabbim shunday g‘azab qildiki, bundan oldin bunday g‘azab qilmagan. Bundan keyin ham bunaqasi bo‘lmaydi. Chunki u meni bir daraxtdan man qilgan edi. Men Unga osiylik qilib (eb qo‘ydim). Men o‘zimning g‘amim bilan ovoraman. Sizlar mendan boshqa kishi huzuriga boringlar. Nuh payg‘ambarning huzuriga bora qolinglar», deydilar. Ular Nuh alayhissalom huzurlariga borib: «Ey Nuh, siz yer yuzida birinchi rasuldirsiz. Alloh sizni «Shukr qiluvchi banda», deb nomladi. Bizni bu kundagi ahvolimizga va bizga bo‘layotgan mana bu narsalarga qaramaysizmi? Siz bugun bizga Rabbingiz o‘rtasida shafoatchi (vositachi) bo‘ling», deyishadi. Nuh alayhissalom: «Bugun Rabbim shunday g‘azab qildiki, bundan avval bu kabi g‘azab qilmagan edi. Bundan keyin ham bu darajada g‘azab qilmaydi. Men sizlarga vositachi bo‘la olmayman. Chunki men qavmimni duoibad qilib (xatoga yo‘l qo‘yganman). Men ham o‘zimning g‘amim bilan ovoraman. Sizlar mendan boshqa kishining huzuriga boringlar. Ibrohim alayhissalomning huzuriga bora qolinglar», deb aytadilar. Ular Ibrohim alayhissalom huzurlariga borib: «Ey Ibrohim alayhissalom! Siz yer yuzidagi Allohning nabiysi va xalilisiz. Siz bugun bizga Rabbingiz o‘rtasida shafoatchi (vositachi) bo‘ling. Bizning bu kundagi holatimizga qaramaysizmi?» deyishadi. Ibrohim alayhissalom ularga: «Bugun Rabbim shunday g‘azab qildiki, bundan avval bu kabi g‘azab qilmagan edi. Bundan keyin ham bu darajada g‘azab qilmaydi. Men sizlarga shafoatchi bo‘la olmayman. Chunki men uch marta yolg‘on gapirganman. Men ham o‘zimning g‘amim bilan ovoraman. Sizlar mendan boshqa kishining huzuriga boringlar. Muso alayhissalom huzurlariga bora qolinglar», deb aytadilar. Ular Muso alayhissalom huzurlariga borib: «Ey Muso! Alloh sizni risolati va kalomi bilan boshqalardan afzal qilgan. Siz bugun bizga Rabbingiz o‘rtasida shafoatchi (vositachi) bo‘ling. Bizning bu kundagi holatimizga qaramaysizmi?» deyishganida, Muso alayhissalom: «Bugun Rabbim shunday g‘azab qildiki, bundan avval bu kabi g‘azab qilmagan edi. Bundan keyin ham bu darajada g‘azab qilmaydi. Men sizlarga vositachi bo‘la olmayman. Chunki men o‘ldirishga buyurilmagan jonni o‘ldirib qo‘yib (xatoga yo‘l qo‘yganman). Men ham o‘zimning g‘amim bilan ovoraman. Sizlar mendan boshqa kishining huzuriga boringlar. Iso alayhissalomning huzurlariga bora qolinglar», deb aytadilar. Ular Iso alayhissalom huzurlariga borib: «Ey Iso! Siz Allohning rasuli hamda Maryamga yuborgan kalimasi va ruhidirsiz. Va beshikdalik chog‘ingizda odamlar bilan gaplashgansiz. Siz bugun bizga Rabbingiz o‘rtasida shafoatchi (vositachi) bo‘ling. Bizning bu kundagi holatimizga qaramaysizmi?» deyishadi. Iso alayhissalom: «Bugun Rabbim shunday g‘azab qildiki, bundan avval bu kabi g‘azab qilmagan edi. Bundan keyin ham bu darajada g‘azab qilmaydi. Men ham o‘zimning g‘amim bilan ovoraman», deydilar-da, lekin qilgan gunohlarini zikr etmaydilar. «Sizlar mendan boshqa kishining huzuriga boringlar. Muhammad (s.a.v.) huzurlariga bora qolinglar», deb aytadilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:35:23

Boshqa rivoyatda shunday keltiriladi: «Keyin odamlar Muhammad alayhissalom huzurlariga kelib: «Ey Muhammad (s.a.v.), siz Allohning rasuli va payg‘ambarlarning oxirgisisiz. Alloh taolo sizning avvalgi-yu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan bo‘lsa. Siz bugun bizga Rabbingiz o‘rtasida shafoatchi (vositachi) bo‘ling. Siz bizni qanaqa holatga tushib qolganimizga qaramaysizmi?» deyishadi». Muhammad alayhissalom aytadilar: «Keyin men yurib Arshning ostiga boraman. Va Rabbimga bo‘yin egib sajdaga yiqilaman. Alloh taolo men uchun shunday hamd va sanolar (eshigini) ochadiki, bundan oldin biror kishiga ochilmagan edi. Keyin menga: «Ey Muhammad (s.a.v.), boshingizni ko‘taring. Xohlagan narsangizni so‘rang, u beriladi. Shafoat qilavering, qabul qilinadi», deyiladi. Men boshimni ko‘tarib: «Ummatim, ey Rabbim, ummatim, ey Rabbim, ummatim, ey Rabbim», deyman. Keyin Alloh taolo tomonidan: «Ey Muhammad alayhissalom! Hisob-kitobsiz jannatga kiruvchi ummatlaringizni o‘ng darvozadan olib kiring. Qolganlar esa boshqa eshiklardan kirishda boshqa ummatlarga sherikdir», degan farmon bo‘ladi. Mening jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ikki darvoza oralig‘i Makka bilan Bahrayndagi Hajar shahri yoki Makka bilan Damashq janubidagi Busro shahri oralig‘ichadir». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:35:36

1866/60. Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi. Ibrohim alayhissalom xotinlari Hojar va o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni hali sutdan ajramagan paytlarida Baytulloh yaqinidagi katta daraxt ostiga tashlab ketdilar. U joy Zam-zam tepasidagi masjid yuqorisidadir. O’sha paytda Makkada biror kishi ham va biror ichimlik suvi ham yo‘q edi. Ibrohim alayhissalom ikkovlarini bitta xaltada xurmo va bitta meshda suv bilan o‘sha yerda qoldirib, endi orqalariga qaytib ketayotgan edilar, Ismoil alayhissalomning onalari Hojar: «Ey Ibrohim! Bizni bu kimsasiz vodiyda qoldirib, o‘zingiz qaerga ketmoqdasiz?» deb bir necha marta aytsalar ham, ularga o‘girilib qaramadilar. Shunda Hojar: «Alloh sizga shunday qilishni buyurdimi?» degandilar, Ibrohim alayhissalom: «Ha», dedilar. Hojar: «Unday bo‘lsa, Alloh bizni sarson qilib tashlab qo‘ymaydi», dedilar-da, o‘sha joyga qaytib ketdilar. Ibrohim alayhissalom ham yo‘lda davom etib Xujunga yetganlarida, ular ko‘rinmaydigan joyda Ka’baga yuzlanib, qo‘llarini ko‘tarib quyidagicha duo qildilar:

«Parvardigoro, albatta men zurriyotimdan (bir bo‘lagini -o‘g‘lim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o‘smaydigan bir vodiyga joylashtirdim. Parvardigoro, (ular) namozni to‘kis ado qilsinlar, deb (shunday qildim). Bas, Sen O’zing odamlarning dillarini ularga moyil qilib qo‘ygin va ularni (barcha) mevalardan bahramand etgil. Shoyad, shukr qilsalar» (Ibrohim surasi, 37-oyat).

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:35:46

Hojar o‘g‘illari Ismoilni emizib, haligi suvdan ichib yurgandilar, meshdagi suvlari tugab qoldi. Hojar ham, o‘g‘illari Ismoil alayhissalom ham chanqab qolishdi. O’g‘illari chanqaganidan yerga qarab yotganini ko‘rgan Hojar o‘g‘limni bu holatda ko‘rmayin, deb yo‘lga ravona bo‘ldilar. Qarasalar, Safo tog‘i tog‘lar ichida ular turgan joyga eng yaqin ekan. Safo tepasiga chiqib: «Biror kishi ko‘rinarmikan?» deb vodiy tomonga yuzlangandilar, hech kimni ko‘rmadilar. Keyin Safodan tushib vodiyga yetganlarida, ko‘ylaklarining bir tomonini ko‘tarib, xuddi holdan toygan odam yugurgani kabi sekin-asta yugurib, vodiydan o‘tib ketdilar. Keyin Marvaga ko‘tarilib: «Biror kishi ko‘rinarmikan?» deb yuzlangandilar, hech kimni ko‘rmadilar. Safo va Marva tepaligida mana shu tarzda yetti marta yugurdilar. (Rasululloh (s.a.v.): «Odamlar (haj va umrada) yetti marta sa’y qilib yugurishlari shuning uchundir», deganlar.)

Yana Marvaga ko‘tarilgandilar, bir ovoz eshitdilar: «Jim bo‘l!». Keyin: «Ey bu ovoz egasi! Agar senda biror yordam bo‘lsa, o‘sha yordamingni bergin», dedilar. Qarasalar, bir farishta Zam-zam chashmasi oldida tovoni yoki qanoti bilan (erni) ishqagan edi, suv paydo bo‘ldi. Hojar qo‘llari ila mana bunday ko‘tarib havza qildilar hamda suvni hovuchlab meshlariga quydilar. Har to‘ldirganlaridan keyin ham suv favvora bo‘lib otilib chiqar edi. (Ba’zi rivoyatlarda «Hovuchlab olganlari miqdoricha otilib chiqar edi» bo‘lib kelgan.)

(Rasululloh (s.a.v.) «Alloh Ismoil alayhissalomni rahmatiga olsin, agar Zam-zam suvini havza qilmay, shundayligicha qoldirganlarida yoki hovuchlamay olganlarida edi, shu Zam-zam suvi bir oquvchi buloq-chashma bo‘lar edi», dedilar.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:35:57

Hojar suvdan ichdilar va farzandlarini emizdilar. Farishta Hojarga: «Halok bo‘lib ketishdan qo‘rqmang! Chunki kelajakda bu yerda Alloh uchun bir uyni bu bola va uning otasi bino qiladi. Albatta Alloh o‘z ahlini halok qilmaydi», dedi. Ilgari Baytulloh tepalikda edi. Sel oqizgudek bo‘lsa, o‘ng va chap tarafidan o‘tib ketar edi. Ana shu muddatda davom etdi, hattoki Jurhum jamoasidan yoki qabilasidan bir toifa kishilar Kado nomli tomondan kelayotib, Makkaning pastki tomoniga tushishgan edi, qanot qoqib turgan qushlarni ko‘rishdi. Va: «Albatta qushlar suv bor joylarda aylanishadi. Bizlar ko‘pdan beri bu vodiydan o‘tar edik, ammo suv bo‘lmas edi», deyishdi. Keyin bir yoki ikki elchini bilib kelish uchun yuborishdi. Ular borib qarashsa, suv bor ekan. Qaytib kelib suv borligi xabarini berishdi. U qabila Zam-zam oldiga borishsa, Hojar turibdilar. Shunda ular: «Mana shu yerdan manzil qilishga ijozat berasizmi?» deb so‘rashdi. Hojar: «Ha, ijozat beraman. Lekin suv (xususida men xo‘jayinman). Sizlarning bunda haqqingiz yo‘qdir», dedilar. Ular bu shartga ko‘nib «Xo‘p», deyishdi. (Rasululloh (s.a.v.): «Hojarning ularga yashashlari uchun izn berishlariga sabab bu ayol tanho yashab hamrohlarga muhtoj bo‘lganlari uchundir», dedilar.) Keyin ular ahli-bolalarini olib kelish uchun odam jo‘natishdi. Ular olib kelinib o‘sha yerga joylashtirildi. Shunday qilib, u yerda xonadonlar paydo bo‘ldi. Ismoil alayhissalom yigit bo‘lib, ulardan chiroyli tarzda arab tilini o‘rgandilar. Voyaga yetganlarida o‘sha qabilaga marg‘ub va mahbub bo‘ldilar. Bu zotdagi yetuklikni bilishganidan keyin o‘zlaridagi bir ayolga uylantirib qo‘yishdi.

Hojar vafot etib, Ismoil alayhissalom uylanganlaridan keyin Ibrohim alayhissalom qoldirib ketgan xotinlari va o‘g‘illaridan xabar olgani keldilar. Lekin o‘g‘illari Ismoilni topa olmadilar. Kelinlaridan Ismoil alayhissalom haqida so‘ragan edilar, kelinlari: «Bizga rizq axtarib yoki ov qilish uchun chiqib ketdilar», dedi. Ibrohim alayhissalom kelinlaridan: «Yashashlaringiz va boshqa holatlaringiz qalay?» degandilar, kelinlari: «Biz yomon holatdamiz, juda ham qiynalib yashamoqdamiz», deb shikoyat qildi. Ibrohim alayhissalom: «Agar ering kelsa, mening nomimdan salom yetkaz va yana darvozasi ostonasini almashtirishini ham aytgin», dedilar. Ismoil alayhissalom qaytganlarida, kimdir kelganini sezdilar va xotinlaridan: «Biror kishi keldimi?» degandilar, xotinlari: «Ha, bunday sifatli bir qariya kelib, siz haqingizda so‘radi. Men siz haqingizda xabar berdim. Keyin yashashimiz haqida so‘ragan edi, men qiynalib yashayotganimizning xabarini berdim», dedi. Ismoil alayhissalom: «Biror narsa dedilarmi?» degandilar, xotinlari: «Ha, sizga salomlarini yetkazmoqni va darvozangiz ostonasini almashtirishingizni buyurdilar», dedi. Shunda Ismoil alayhissalom: «Bu kishi otam edi. Sendan ajrashishni buyuribdilar. Sen ota-onangnikiga borib yashagin», deb uning talog‘ini berdilar va o‘sha qabiladagi boshqa bir ayolga uylandilar. Alloh xohlaganicha fursatdan keyin Ibrohim alayhissalom yana o‘g‘illari huzuriga keldilar. Lekin o‘g‘illarini yana topa olmadilar. Kelinlaridan Ismoil alayhissalomning qaerga ketganliklarini so‘radilar. Kelinlari: «Rizq axtarib ketdilar», dedi. Otalari: «Qandaysizlar?» deb ularning yashashlari haqida so‘radilar. Kelinlari: «Allohga (hamd) va sano bo‘lsinki, yaxshi, mo‘l-ko‘l yashayapmiz», dedi. Ibrohim alayhissalom: «Taomlaringiz nima?» deb so‘ragan edilar, kelinlari: «Go‘sht», dedi. «Ichimliklaringiz nima?» deganlarida, kelinlari: «Suv», dedi. Ibrohim alayhissalom: «Allohim, ularning go‘shtlari-yu suvlariga baraka ato qil», deb duo qildilar. (Rasululloh (s.a.v.): «O’sha kuni ularda bug‘doy yo‘q edi. Agar bo‘lganda, unga ham baraka tilab duo qilardilar. Agar suv va go‘sht uzluksiz Makkadan boshqa joyda yeyilsa, sog‘liq uchun zararlidir (lekin duo barakotidan Makkada unday emas)», deb aytdilar.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:36:10

Boshqa rivoyatda keltirilishicha, Ibrohim alayhissalom kelib: «Ismoil alayhissalom qaerda?» deb so‘radilar. Kelinlari: «Ovga ketdilar», deb qaynotalariga: «Tushib ovqatlanib ketmaysizmi?» dedi. Ibrohim alayhissalom: «Yemak va ichmaklaringiz nima?» deb so‘radilar. Kelin: «Yemagimiz go‘sht, ichimligimiz suv», dedi. Ibrohim alayhissalom: «Allohim, ularning yemak va ichmaklariga baraka ato et», deb duo qildilar. (Rasululloh (s.a.v.): «Bu mo‘l-ko‘lchiliklar Ibrohim alayhissalom duolari barakotidandir», dedilar.) Keyin Ibrohim alayhissalom kelinlariga: «Agar ering kelsa, mening salomimni yetkaz. Va u darvoza ostonasini mustahkam qilsin», dedilar. Ismoil alayhissalom qaytganlarida xotinlaridan: «Biror kishi keldimi?» deb so‘radilar. Xotinlari: «Ha! Chiroyli suratdagi bir qariya keldi», deb u zotni maqtadi va: «Siz haqingizda so‘ragan edi, men uning xabarini berdim. Yana yashashimiz haqida ham so‘ragan edi, men yaxshi holatdamiz, deb aytdim», dedi. Ismoil alayhissalom xotinlaridan: «Otam biror narsa aytdilarmi?» deb so‘ragandilar, xotinlari: «Ha, sizga salom yo‘lladilar va darvozangiz ostonasini mustahkamlashingizni buyurdilar», dedi. Ismoil alayhissalom: «Bu kishi otam edi. Ostona, deb seni aytganlar. Seni mahkam ushlashimni buyuribdilar», dedilar. Keyin Ibrohim alayhissalom Alloh xohlaganicha fursatda ular oldiga kelmadilar. Qachonki, yana kelganlarida Ismoil alayhissalom Zam-zam yaqinidagi katta daraxt ostida kamon o‘qi tayyorlayotgan edilar. Ismoil alayhissalom Ibrohim alayhissalomni ko‘rganlarida xuddi bola ota bilan, ota bola bilan ko‘rishgani kabi ko‘rishishdi. Ibrohim alayhissalom: «Ey Ismoil! Rabbim menga bir ishni bajarishni buyurdi», deganlarida, Ismoil alayhisalom: «Rabbingiz buyurgan narsani bajaring», dedilar. Ibrohim alayhissalom: «Bunda menga yordam berasanmi?» dedilar. O’g‘illari: «Sizga yordam beraman», dedilar. Ibrohim alayhissalom: «Albatta Alloh mana bu yerga uy qurishni buyurdi», deb atrofdagi yerlarga nisbatan baland bo‘lgan bir tepalikka ishora qildilar.

Va uyning asosini ko‘tardilar. Ismoil alayhissalom toshlarni olib keldilar. Ibrohim alayhissalom esa uni qurdilar. Hatto uyni ko‘tarib, hozirgi maqomi Ibrohimdagi toshni olib kelib o‘rnatdilar. Ibrohim alayhissalom uning ustiga chiqib bino qilardilar. Ismoil alayhissalom esa toshni uzatib turardilar. Va ikkovlari: «Ey Rabbimiz, bizdan buni qabul et. Albatta Sen eshitguvchi va bilguvchi Zotsan», deb aytib turishar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:36:25

Boshqa rivoyatda aytilishicha esa, bir kuni Ibrohim alayhissalom xotinlari Hojar va o‘g‘illari Ismoilni olib, bir idishga suv to‘ldirib, birga yo‘lga chiqishdi. Hojar u idishdagi suvdan ichar edilar, sutlari ham o‘g‘illariga kifoya qilar edi. Shu holatda Makkaga kirib borishdi. Ibrohim alayhissalom ularni katta bir daraxt ostiga qo‘yib, o‘zlari narigi ahliyalari huzuriga qaytib ketayotganlarida, Hojar ham u zotning ortlaridan ergashdilar. Kado nomli joyga yetganlarida, orqalaridan bir kimsa: «Ey Ibrohim! Siz bizni kimga tashlab ketyapsiz?» dedi. Ibrohim alayhissalom: «Alloh taologa», dedilar. Hojar: «Allohga bo‘lsa, roziman», dedilar-da, qaytib ketdilar va haligi idishdagi suvdan ichib, bolalariga o‘z sutlaridan emizib yuraverdilar. Qachonki, u suv nihoyasiga yetganda «Qani, (nariroqqa) borib qaray-chi, shoyad, biror kishini uchratsam», dedilar. Keyin borib Safoga ko‘tarildilar. «Biror kishini uchratarmikinman?» deb qayta-qayta qaradilar. Biror kishini uchratmadilar. Keyin vodiyga tushib, sa’y qildilar va Marvaga kelib ham ana shu tariqa bir necha marta borib keldilar. So‘ngra: «Borib qaray-chi, go‘dak nima qilyapti ekan?» deb borib qarasalar, u avvalgi holatidek ovozini past-baland qilib yotibdi. Nafslari yana xotirjam bo‘lmadi. Va: «Yana borib qaray-chi, shoyadki, biror kishini uchratsam», dedilar. Borib Safoga ko‘tarildilar va qayta-qayta qarab biror kishini uchratmadilar. Hammasi bo‘lib mana shu tariqa yetti marta aylandilar. Keyin yana: «Borib qaray-chi! Nima qilyapti ekan?» deb borgandilar, bir ovozni eshitdilar. Va unga: «Agar senda yaxshilik bo‘lsa, bizga yordam qil», dedilar. Qarasalar, Jabroil alayhissalom turibdilar. Jabroil alayhissalom tovonlari bilan ishora qilib yerga urgandilar, yerdan suv otilib chiqdi. Hojar esa bundan dahshatga tushdilar va hovuchlarini to‘ldira boshladilar», deb ushbu hadis roviyi yuqoridagi hadisni oxirigacha bayon etdilar.
Bularning barchasini Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.

1867/61. Said ibn Zayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Qo‘ziqorin Bani Isroillar yegan holvalaridandir. Uning suvi ko‘z uchun shifodir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan