Qishda yoqqan qor barak bo‘g‘otigacha bosib, G’o‘la tirg‘ishlaridan kirib turuvchi havo yo‘li ham berkilganida, o‘pkasi zaifroq mahbus bahorga yetib borishidan umidini uzadi. Rahmatulloh yomg‘ir yoqqan kunlari qiynaladi. Boshqa mahal, qor yog‘ib turganida ham, o‘rmonda ishlab, ko‘ngli sal ovunadi. Tuni bilan qiynalgan o‘pkasi rohatlanadi.
Ikki kun ezib yoqqan yomg‘ir uni sil qilib yuboray dedi. Kecha oqshomda, jala avjiga chiqqan mahalda Boshliq «Zerikib qolishmasin», deb rahm qilib, barchani tashqariga quvib, yugurtirdi. O’shandan beri barakdan chiqishga hech kimning toqati yo‘q. Rahmatulloh o‘rmondagi allaqanday yovvoyi mevaning no‘xatdek keladigan danagidan o‘zi yasab olgan donalarni o‘girib, tasbeh aytadi. U Ollohga nolalar qilmaydi. «E Tangrim, ne uchun menga bunday azoblarni ravo ko‘rding, gunohim ne edi?» deb fig‘on chekmaydi. Shundaygina yonida jag‘ini mushtumiga tiragan holda, kirlanib ketgan darcha orqali tashqariga tikilib yuztuban yotgan Mirhosil bir kuni shunday deb zorlanganida, Rahmatulloh:
— Asti unday demang, birodar, neki ko‘rgulik ko‘rgan bo‘lsak, o‘zimizning fe’limizdan. Qolaversa, Ollohning imtihoni ham bir marhamat, — degan edi.
« Last Edit: Apr 25, 2006, 10:19am by Shoir »