FUSSILAT SURASIBu sura ellik to‘rt oyatdan tashkil topgan bo‘lib, Makkada nozil qilingan.
Sura Qur’oni Karim ta’rifi bilan boshlanib, xushxabar eltguvchi va ogohlantirguvchi bo‘lgan bu Kitobning oyatlari ongli — aqlli kishilar uchun mufassal bayon qilib berilganligini uqtiradi. Shuning uchun ham bu sura «Fussilat — Mufassal bayon qilingan sura» deb atalgandir.
So‘ngra yeru osmonlarning Alloh taolo tomonidan yaratilib, intizomga solingani va O’sha zot tomonidan idora qilib turilishi batafsil bayon qilinadi.
Bu surada Tangri taolo qiyomat Kunida har bir insonning ko‘z-qulog‘idan terisigacha til-zabon berib, dunyodan kufru-isyon bilan o‘tgan kimsalarning a’zoyi badanlari ham o‘zlariga qarshi guvohlik berishi haqida ogohlantiriladi va insonning «Qilayotgan amallarimni Alloh bilmaydi», degan gumonda bo‘lishi uning oxiratini kuydirishi aniq ekanligi ta’kidlanadi.
Shuningdek, bu surada yolg‘iz Alloh taoloni Parvardigorim deb, so‘ngra U zot ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lda ustivor bo‘lgan zotlar uchun oxirat diyorida tayyorlab qo‘yilgan mukofot-ziyofatlar haqida ham xabar beriladi.
Sura butun borliqda ham, bir insonning vujudida ham Yaratganning qudrati va hikmatiga dalolat qiladigan oyat-alomatlar mavjud ekanligi va Tangri taolo bor mavjudotni O’z ilmu qudrati bilan ixota qilib olgan Zot ekanligi haqidagi oyatlar bilan nihoyasiga yetadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Ho, Mim.
2. (Ushbu Qur’on) mehribon va rahmli (Alloh) tomonidan nozil qilingandir.
3-4. U biladigan qavm uchun (mo‘minlarga) xushxabar berguvchi va (kofirlarni azobdan) ogohlantirguvchi — arabiy Qur’on holida (nozil qilinib), oyatlari mufassal bayon qilingan Kitobdir. Bas (kofirlarning) ko‘plari (uning oyatlari haqida tafakkur qilishdan) yuz o‘girdilar, demak ular «eshitmaslar»,
5. Ular dedilar: «Dillarimiz sen bizlarni da’vat qilayotgan narsadan pardalangan, quloqlarimizda esa og‘irlik-karlik bordir va sen bilan bizlarning o‘rtamizda bir to‘siq bordir. Bas sen ham o‘z amalingni qilaver, bizlar ham albatta o‘z amallarimizni qilguvchidirmiz».
6-7. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Hech shak-shubha yo‘qki, men ham xuddi sizlar kabi bir odamdirman. Menga Tangringiz yolg‘iz Allohning O’zi ekani vahiy qilinmoqda. Bas sizlar Uning O’ziga to‘g‘ri (toat-ibodatda) bo‘lingiz va Undan mag‘firat so‘rangiz! Zakotni (haqdorlarga) ato etmaydigan, o‘zlari oxiratga kofir bo‘lgan mushriklarga esa halokat bo‘lgay!»
8. Albatta iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas ajr-mukofot bordir.
9. Ayting: «Haqiqatan ham sizlar Yerni ikki kunda yaratgan Zotga kofir bo‘lurmisizlar va o‘zgalarni Unga tenglashtirurmisizlar?! Bu (Alloh) barcha olamlarning Parvardigori-ku?!
10. U zot (Yerning) ustida tog‘larni (paydo) qildi va uni barakotli qildi hamda o‘sha (er)da uning yemishlarini (ya’ni yer ahlining rizqu ro‘zlarini) to‘la to‘rt kunda belgilab — taqsimladi. (Bu tafsilot) so‘raguvchilar uchundir.
11. So‘ngra tutun holidagi osmonga yuzlanib, unga va yerga: «(Mening amri-farmonimga) ixtiyoran yoki majburan kelinglar!» degan edi, ular: «O’z ixtiyorimiz bilan keldik, (amringga bo‘yinsundir)», dedilar.