Juma namoziga oid turli masalalar
1. Juma kuni birinchi azon aytilgach, musulmonlarning savdo-sotiq (kabi dunyo) ishlarini to‘xtatib, juma namoziga borishlari farzdir.
2. Imom minbarga chiqsa, xutba va juma farzi tamom bo‘lgunicha, gapirish va nafl namoz o‘qish joiz emas.
3. Xutba eshitayotganlarning yeb-ichishlari, keraksiz narsalar bilan shug‘ullanishlari, u yoq-bu yoqqa qarashlari, salomga alik olishlari hamda aksirganga "yarhamukalloh" deb javob qaytarishlari makruhdir.
4. Imom-xatib minbarga chiqqach, jamoatga salom bermaydi.
5. Azon aytilgach, juma namozini o‘qimasdan safarga otlanish (tahriman) makruhdir.
6. Bemor, musofir va ayollarga o‘xshash juma namozini o‘qishi farz bo‘lmagan kishilar, agar juma namozini o‘qisalar, peshin namozining o‘rniga o‘tadi va peshin namozi ulardan soqit bo‘ladi.
7. Hech qanday uzrsiz juma namoziga mukallaf bo‘lgan kishilarning juma namozi o‘qilmasdan avval peshin namozini o‘qishlari haromdir. Shunga qaramay, uyida peshin o‘qiganidan so‘ng, pushaymon bo‘lib, imom hali namozni tamomlamasdan, masjid sari otlansa, namozga ulgurmasa ham, o‘qigan peshin namozi botil bo‘ladi va naflga aylanadi.
8. Bemor, musofir hamda qulga o‘xshash uzrli kishilarning juma namozi o‘qilgan joyda peshinni jamoat bilan o‘qishlari makruxdir.
9. Juma namoziga tashahhudda yoki sahv sajdasida qo‘shilgan kishi juma namoziga ulgurgan hisoblanadi.