Anhor labida juft-juft soyalar,
Jilmayib o‘taman ko‘z qirin tashlab.
Goh xayol qurmagur olib ketadi,
Bahona topganday yoshlikka boshlab.
Yo‘q-yo‘q, men turmadim oydin tunlarda,
Suvlar yoqasida ishq o‘tida mast.
Men bunday damlarni yo‘lga termulib,
Intizor o‘tkazdim har on, har nafas.
Yoshligim, umrimni, halovatimni
Mardona topshirib vafo qo‘liga,
Oylarni, yillarni minutlab sanab,
Tunu kun qaradim yorning yo‘liga.
Hali begonaydik ajralishganda,
Ko‘rishdik juda ham qadrdon, inoq.
Yulib olsa hamki hijron yor vaslin,
Qilib ketgan ekan unga yaqinroq.
Saida Zunnunova. (Alloh rahmat qilsin)