* * *
«Men agar do‘zaxdan qo‘rqsam meni yondirib yubor, Jnnatni orzu qilsam, haydab chiqar»
Robiya Al-Alaviya USh asr shoirasi
Men muslim bo‘lganda, do‘zaxdan qo‘rqmas edim,
Men muslim bo‘lganda, jannatni so‘rmas edim.
Birgina falsafam bo‘lar — odil yashashlik,
Oqilo, iymonni hech kimga bermas edim.
Do‘zaxdan qo‘rqish, bu — yoxud, Ollohga ta’na,
Jannatdan umid, bu — yoxud Ollohga ta’ma.
Ta’na ham, ta’ma ham axir insofdan emas,
Zero pushaymonning toshini termas edim.
Kimsalar ba’zida ibtidodan gap ochar,
Jannat deb lof urib intihodan gap ochar,
Yo‘q-ku, chog‘i bu gardunda «Bo‘l» yo oxirat,
Ohkim, oxiratning qamin hech yemas edim.
Hayot bir sham ekan, lip etib yonar bir dam,
Kelarin, ketarin bilmay o‘tar har odam,
Ey haq, men nohaq, bu gaplar o‘zingga ayon,
Shu uchun hech qachon «Anal-haq» demas edim.
07.11.98