Zamon kecha va kunduzning soatlaridan tashkil topgan bo‘lsa, uning harakati kecha va kunduzning almashinuvidan hosil bo‘lsa, ikkovidan qaysi biri oldin yaratilgan, kechami yoki kunduzmi?
Bu savolga javob berishda ulamolar ikki toifaga bo‘linadilar. Birinchi toifa deydilar:
«Alloh taolo kechani avval yaratgan. Chunki, qachon quyoshning nuri kelsa, kecha chekinadi. Quyosh botsa, olamni zulmat qoplaydi. Quyosh va oy yaratilgandan keyingina yorug‘lik paydo bo‘ldi, yorug‘liksiz hamma joyda qorong‘ulik hukmron, shunday ekan, avval kecha va keyin kunduz yaratilgan. Bu haqda Abdulloh ibn Abbos (r.a.)dan:
«Kecha kunduzdan avval yaratilganmi?»,- deb so‘ralganda, Ibn Abbos: «Bilmaysizmi, Yeru osmonlar sochilib yotgan paytda, ularning orasida faqat zulmat bor edi. Mana shu narsa, kunduzdan avval kecha bo‘lganligini ko‘rsatadi»,- deb javob berdilar». (O’sha manba, 43-b.)
Ikkinchi toifa:
«Kunduz kechadan avval yaratilgan. Chunki olam yaratilmasdan oldin kecha ham, kunduz ham va boshqa narsalar ham yo‘q edi. Yolg‘iz Alloh bor edi. Allohning nuri yaratilgan narsalarga tushib munavvar qilib turardi», - deydilar va dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradilar: «Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) dedilar: «Parvardigoringiz, uning oldida kecha ham, kunduz ham yo‘q paytida, o‘z nuri bilan osmonlarni munavvar qilib turgan. Alloh kunduzni yaratganda esa uning muddatini o‘n ikki soat qilib belgilagan». (Tarixi Tabariy. Qohira 1939. 1-j. 43-bet.)