Qalb — hovuz. Unga his-tuyg‘u ariqlaridan iflos, nopok suvlar quyiladi. Riyozat, ya’ni tarbiyadan maqsad hovuzni o‘sha iflos suvlardan, yig‘ilib qolgan loyqa-quyqalardan poklash, hovuzni asl holiga qaytarish. Qachonki, tip-tiniq, musaffo suvlar to‘lib-toshib tursagina, hovuz asl holiga qaytgan bo‘ladi.
Endi aytchi, har tomondan har xil sassiq bo‘tana suvlar bu hovuzga ochib ko‘yilgan, qanchalik olib tashlama, har soniya olganingdan ham ko‘proq su o‘sha quyulayotgan bir paytda hovuzni qanday poklash mumkin?!
Murid ortiqcha hissiyotlarni chegaralashi lozim. Bu esa qorong‘i uyda xilvat qilish bilan amalga oshadi. Agar qorong‘i joy topilmasa, kiyimiga o‘ralib olsin. Mana shu holatda u Haqni tinglay olishi, Rabbining yaqinligini aniq his qilishi mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga g‘aybdan nido yetganida ham ayni holatda emasmidi: «Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot..!» (Muzzammil, 1).
Bu to‘rtta holat — ochlik, bedorlik, sukut va uzlat muridning «yo‘lto‘sar»lardan va yo‘ldagi boshqa xavflardan himoyalanadigan qalqoni va qo‘rg‘onidir.
Himoyaning bu vositalari qo‘lga kiritilgach, oxirat yo‘lidagi yo‘lchi yo‘lning keyingi qoidalarini o‘zlashtirmog‘i lozim. Bu qoidalar oxiratdagi to‘siqlardan o‘tishda joriy bo‘ladi.
Oxirat yo‘lidagi asosiy to‘siq dunyoga chalg‘igan qalbning o‘zgarishlaridir. Bu to‘siklar biri-biridan xatarli. Ulardan o‘tish tartibi yengilidan yengilrog‘iga qarab borish bilan amalga oshadi.
«Qalb o‘zgarishlari» deyilganida, boylikka, obro‘-martabaga, dunyoga mehrli bo‘lish, Yaratuvchidan uzilib, faqat yaratilgan narsalarga bog‘lanib qolishlar va ularning qoldir-gan izlari nazarda tutilyapti.
Xullas, jismimizni gunohning oshkora sabablaridan qanchalik uzoq tutsak, botinimizni gunohlar qoldirgan izdan shunchalik poklamog‘imiz kerak. Bu jabhada kurash uzoqroq davom etadi va ahvol o‘zgarishi bilan kurash tarzi ham o‘zgarib turadi.
Nafsga qarshi kurash natijasida qalbda dunyoga bog‘liq rishtalar qolmaydi. Ana shundan so‘nggina shayx muridni davomli ravishda qalb zikri bilan mashg‘ul bo‘lishga undaydi, zohir virdlarni ko‘paytirishdan qaytaradi. Balki, majburiy va belgilangan virdlar bilan chegaralaniladi. Bora-bora o‘sha virdlar muridning yagona virdiga aylanadi. Bu — virdlarning eng sarasi va samarasi bo‘lib, qalb shu holatda Olloh zikriga mahkam bog‘lanib qoladi. Qalbdan Olloh yodidan o‘zgasi ko‘tarilganidan so‘nggina bu daraja hosil bo‘ladi. Toki muridning qalbida zarracha dunyoga e’tibor bor ekan, shayx uni bu zikr bilan mashg‘ul qilmaydi.
Shibliy har jum’a vazifa olib ketadigan muridiga degan edi: «Agar bu jum’adan u jum’agacha qalbingda Olloh yodidan o‘zgasi paydo bo‘lsa, huzurimga kelishing haromdir».
Bu darajadagi tajarrud, (ya’ni tom ma’noda dunyo xohishlaridan uzilish. Tarj.) uchun Olloh muhabbati qalbni to‘la egallashi va sidqi iroda lozim bo‘ladi. Tajarrud ma-qomini topgan murid yordan o‘zga g‘ami yo‘q oshiqqa o‘xshab qoladi. Bunday sharoitda shayx muridini uyning bir burchagida yolg‘iz qoldirib, uning yeyayotgan taomiga e’tiborini qaratadi. Chunki, halol taom diniy tarbiyaning asosi hisoblanadi.
So‘ng shayx muridiga zikr darsini boshlaydi. Avvalo, murid tili va qalbi zikrga mashg‘ul bo‘lishi uchun ba’zi kalimalarni qaytaradi. Masalan, «Olloh, Olloh» yoki «Subhanalloh, subhanalloh...» deydi. Yoki shayxi buyurgan boshqa kalimalarni aytadi. Bu zikr to til harakati to‘xtab, go‘yo kalimalar tilga o‘zi oqib kelayotgandek bo‘lguncha davom ettiriladi. So‘ng kalimalarning tilda qolgan ta’siri butkul yo‘qolguncha, lafzlar surati qalbda o‘rnashguncha zikr davom etadi. Keyin zikr davomida lafzlarning harflari va suratlari qalbdan g‘oyib bo‘ladi. So‘ngra qalbda faqat ma’no qoladi. Qalb bu haqiqatdan boshqa barcha narsadan forig‘ bo‘ladi.
Ayni paytda shayx muridni kuzatishdan tolmaydi. Chalg‘ituvchi vasvasalar, dunyoga bog‘liq har xil o‘y-fikrlar oqimini daqiq nazari bilan nazorat qilib turadi. Chunki, qanchalik zikrga mashg‘ul bo‘lmasin, agar qalb bir lahza zikrdan chalg‘isa, ish nuqsonli bo‘lib qoladi. Shuning uchun vasvasalar daf qilinishi lozim.
Barcha vasvasalar daf qilinib, nafs o‘ziga kelsa, aytilayotgan kalimaga qaytsa, endi, mana shu kalimaning o‘zi yana bir vasvasani qo‘zg‘aydi: «Bu aytilayotgan so‘z nima o‘zi? «Olloh» degan so‘zimizning ma’nosi nima? Bu so‘zning qaysi ma’nosi u zotning iloh, ma’budligiga dalolat qiladi?»
Bunday o‘y-xayollarga yon berilgani sayin muridda fikr eshigi ochiladi va asta-sekin bu eshikdan shaytonning kufr va bid’atdan iborat vasvasalari o‘rmalab kiradi. Bunday vasvasalar muridga qanchalik yoqimsiz va bu vasvasalarni qalbdan sidirib tashlashga u qanchalik bel bog‘lasa, shunchalik zararning oldi olinadi.