Nikoh to‘yining ramzi
To‘g‘ri, o‘nta odamni bir stol atrofiga o‘tqazib, qadah urishtirib ikki soatda o‘tadigan to‘ylar ham ko‘p. Lekin bizniki boshqacha. Nikoh oqshomi deganda hatto ellik yil birga yashab qo‘ygan bobo-yu momolarimizning ham qalbi bir entikib qo‘yadi. Onalarimizning sochiga oq, yuziga ajin tushsa-da, chimildiqda aytilgan dil izhorlari quloqlari ostida shirin tushday xotira bo‘lib shivirlayveradi.
Davlatning o‘z ramzi - gerbi va bayrog‘i bo‘lganidek, chimildiq nikoh to‘ylarining ramziga o‘xshaydi xuddi. Boshqa turkiy xalqlarda qanaqa ahamiyatga egaligini bilmadimu, ammo o‘zbekning nikohida bu odatning nufuzi baland. Ayrimlar haqida "chimildiq ko‘rmagan" deya malomatli, to‘g‘rirog‘i isnodli so‘zlarni yoki "chimildiq ko‘rmay ketdi" degan afsuslarni eshitib qolamiz. Birinchisida o‘z sha'nini bo‘lg‘agan qizlar nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchisida uylanish nasib etmay bir sabab bilan erta xazon bo‘lgan yigitlar haqida gap boradi. Shu ikki iboradan ham chimildiq millatimiz hayotida or-nomus, g‘urur va sha'n, qadr-qimmat tuyg‘ulariga yo‘g‘rilib ketganini sezish mumkin.
O'zingiz o‘ylang, nikoh to‘yida birgina chimildiq bilan bog‘liq qancha nozik rasm-rusumlar bor. "Oyoq bosish", "pista chaqish", "shirin choy ichish", "oyna ko‘rsatish" singari sirli va sehrli urflar yana qaysi elu elatda bo‘lishi mumkin.
Dunyo go‘zal, rang-barang va qiziqarli bo‘lishi uchun turfa mamlakatlar, millatlar, din va tillarga bo‘linganligi shubhasiz. Bo‘lmasa bir osmon ostidagi butun yer yuzi xalqlarini bir millat va bir e'tiqodga bo‘ysundirib qo‘yish Alloh taolo uchun qiyin emas edi.
Har bir ongli inson ota-bobolari dinu diyonatiga, urf-odat va an'analariga sodiq qoladi. O'z millatining gullab-yashnashi, ravnaq topishi, o‘zga xalqlar ichida eng ilg‘or va peshqadami bo‘lishi uchun harakat qiladi. Oxir oqibatda o‘zidan nasl zurriyot qoldiradiki, umr bo‘yi yiqqan milliy, ruhiy va moddiy-ma'naviy boyliklariga munosib merosxo‘r, shuningdek, bu xazinani ko‘paytiruvchi, rivojlantiruvchi, uni yanada boyituvchi bo‘lsin deb. Chunki, dunyo azaliy raqobat maydoni. Kim kimdan noshud, ojiz, notavon bo‘lsa u o‘shanga tobe bo‘ladi. Tobe odamning shaxsiyati, o‘zligi esa asta-sekin o‘lib boraveradi.