SHO'RO SURASIBu sura ellik uch oyatdan iborat bo‘lib, Makkada nozil qilingan.
U Qur’oni Karimning Alloh taolo tomonidan tushirilgan vahiy ekanligini ta’kidlash bilan boshlanib, so‘ngra avvalu-oxir barcha payg‘ambarlar keltirgan shariatlar mohiyati jihatidan bir bo‘lib, yolg‘iz Alloh taologagina sig‘inib-ibodat qilishga buyurgani haqida xabar beradi.
Bu surada ham boshqa Makka suralaridagi kabi mo‘minlar qo‘rquv va umid bilan kutayotgan, kofirlar esa inkor etayotgan Qiyomat kunining kelishi aniq va yaqin ekani ta’kidlanadi va barcha insonlarni o‘sha Kun kelib qolishidan ilgari, Parvardigorga iymon keltirib, yolg‘iz Uning amr-farmoniga itoat etishga buyuriladi.
Sura nihoyasida ushbu Qur’on mo‘minlarni Haq yo‘liga hidoyat qiladigan bir ilohiy Nur ekanligi uqtiriladi.
Bu surada ahli iymonning go‘zal fazilatlaridan bo‘lmish — har bir ishda maslahat — kengash bilan ish tutish xislatiga da’vat etadigan oyatlar ham mavjud bo‘lgani uchun u «Sho‘ro-Maslahat» surasi deb nomlangan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Ho, Mim.
2. Ayn, Sin, Qof.
3. (Ey Muhammad), Qudratli va Hikmatli Alloh sizga va sizdan avvalgi (payg‘ambarlar)ga mana shunday vahiy qilur.
4. Osmonlar va yerdagi bor narsalar Unikidir. U yuksak va ulug‘dir.
5. (Mushrik jamoalarning shirk keltirishlari sababli) ustlaridagi osmonlar yorilib ketishga yaqin bo‘lur. Farishtalar esa Parvardigorga hamdu sano aytish bilan (U zotni aybu nuqsondan va «sheriklar»dan) poklarlar va yerdagi (mo‘min-musulmon) kishilar uchun (Allohdan) mag‘firat so‘rarlar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Allohning O’zigina mag‘firat qilguvchi, mehribondir.
6. (Allohni) qo‘yib (boshqa) «Do‘stlar»ni ushlagan (ya’ni o‘shalarga sig‘inayotgan) kimsalar ustida Alloh kuzatib turguvchidir. (Ey Muhammad), siz ularning ustida vakil-qo‘riqchi emassiz.
7. (Barcha) qishloq-shaharlar onasi — poytaxti (Makka ahlini) va uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogoxllntirishingiz uchun va (oxirat azobidan) shak shubha bo‘lmagan to‘planish Kunidan ogohlantirishingiz uchun Biz sizga mana shunday arabiy Qur’onni vahiy qildik. (U kunda) bir guruh jannatda bo‘lsa, bir guruh do‘zaxdadir.
8. Agar Alloh xoxlaganida, albatta ularni (ya’ni barcha insonlarni) bir millat (bir dinda — Islomda) qilgan bo‘lur edi. Lekin U O’zi xoxlagan kishilarni O’z rahmatiga (jannatiga) doxil qilur. Zolim-kofirlar uchun esa biron do‘st va yordamchi yo‘qdir.
9. Yoki, ular (Allohni) qo‘yib (boshqa) «do‘stlar»ni ushlab oldilarmi (ya’ni, o‘shalarga sig‘inmoqdalarmi)?! (Yo‘q), faqat Allohning O’zigina Do‘stdir. U o‘liklarga hayot berur va U barcha narsaga qodirdir.
10. (Ey Muhammad, mo‘minlarga ayting): «Sizlar (bu hayoti dunyoda kofirlar bilan) ixtilof qilgan har bir narsaning hukmi (Qiyomat kunida) Allohga (qaytarilur va U zot kim haq, kim nohaq ekanligini ajratib berur). Mana shu Alloh Parvardigorimdir. O’ziga suyandim va O’ziga iltijo qilurman».