24-bob. Bir erkak hokim va odamlar oldida o‘z xotinini yokim birovning xotinini zinokorlikda ayblasa tokim o‘shal xotinga odam yuborib, qo‘yilgan ayb haqida surishtiradimi?
Abu Hurayra va Zayd ibn Xolid rivoyat qiladilar: «Ikki kishi o‘zaro da’volashib Janob Rasulullohning huzurlariga keldi. Shunda ulardan biri: «Yo Rasulalloh, bizning ishimizni Olloh taoloning Kitobiga binoan hal qilib beringiz!» — dedi. Keyin, faqirrog‘i turib: «To‘g‘ri aytyapti yo Rasulalloh, bizning mojaromizni Olloh taoloning Kitobiga muvofiq hal qilsangiz hamda menga so‘zlamoqqa ijozat bersangiz!».— dedi. Janob Rasululloh: Mayli, gapiraverg‘il!» — dedilar. Ul: «Mening o‘g‘lim manavining xizmatkori erdi, xotini birlan o‘ynashib qo‘ydi. Odamlar o‘g‘limning rajm qilinmog‘ini aytishdi. Men yuzta qo‘y va bir cho‘ri tovon to‘lab, o‘g‘limni qutqarib oldim. Keyin, men ulamolardan surishtirib bilsam, buning uchun o‘g‘lim yuz darra urilib, bir yilga badarg‘a etilmog‘i, manavining xotini ersa, rajm qilinmog‘i darkor erkan»,— dedi. Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, sizlarning ishingizni faqat Olloh taoloning Kitobiga muvofiq ajrim qilib bergumdur! Sen bergan yuzta qo‘y birlan joriya o‘zingga qaytarilg‘ay, o‘g‘ling ersa, yuz darra urilib, badarg‘a qiling‘ay!» — dedilar. So‘ng, Anis al-Aslamiyga: «Manavining xotinining oldiga borib surishtirg‘il, agar zino qilganini e’tirof qilsa, rajm qilg‘il!» — deb amr qildilar. Xotin e’tirof qilib erdi, rajm qilindi».