O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi, adib va shoir Munavvarqori Abdurashidxonov (1878—1921) tavalludiga 130 yil to‘ladi.
Munavvarqori bir qancha darslik muallifidir. Uning «Adibi avval» (1907), «Adib us-soniy» (1907), «Usuli hisob», «Tajvid», «Tarixi anbiyo», «Tarixi islomiya»(1912) darsliklari bir necha marta chop etilgan.
Munavvarqori ijtimoiy-pedagogik faoliyat bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullangan. Uning ixcham hikoyalari, talaygina she’rlari o‘sha davrdagi matbuot va o‘zi tuzgan hamda yozgan darsliklarga kiritilgan. Shuningdek, u o‘tkir publitsist adib sifatida tanilgan. Maqolalarida inson va jamiyat, din va dindorlik, ahloq, mustamlakachilik va hurriyat, ziyolilik, tashkilot va davlat idorasi masalalariga alohida e’tibor qaratgan.