HUSAYN VOIZ KOSHIFIY (1440-1505) -ilohiyotchi, shoir va adib. Xuroson viloyati Sabzavor sh. Bayhaq kentida tavallud topgan. Asosan, Hirotda yashab, uzoq yillar bu yerdagi madrasalarda dars bergan. Qur’onga to‘rt jildli sharh bitgan. Shuningdek, din tarixi, riyoziyot, falakiyot, kimyo, fiqh, adabiyot va san’at sohalarini to‘liq o‘zlashtirgan va bu fanlarga oid 200 dan ziyod asar yozgan. H.V.K. voiz, notiq sifatida ham dong taratgan. "Axloqi Muhsiniy", "Javoqirnoma", "Risolai Hotamiya", "Axloqi Karim", "Tafsiri Husayniy", "Futuvvatnomai Sultoniy", "Anvori Suhayliy", "Oinai Iskandariy" kabi kitoblarida din-diyonat, ma’naviyat, davlatni boshqarish, komil insonni tarbiyalash masalalari, gunoh va savob, vijdon, burch singari tushunchalar yoritilgan. Uning fikricha, Alloh yaratgan inson zoti dunyodagi eng yuksak, olijanob mavjudotdir, binobarin unda saxovat, shijoat, sabr-toqat, rostgo‘ylik va kamtarlik kabi fazilatlar mujassam bo‘lishi shart. Kishilar birlashib, jamiyatni hosil qiladi. Jamiyat, davlat esa, adolatli boshqarilsa, shariatga, diyonatga rioya qilinsa, odil siyosat yuritilsa jamiyat, mamlakat rivojlanadi, xalq yaxshi yashaydi. "Rashahot ayni-l-hayot" ("Hayot chashmasidan tomchilar") asarida naqshbandiylik tariqati mashoyixlari haqida hikoya qilinadi. H.V.K. yaratgan asarlar o‘nlab yillar davomida Xuroson madrasalarida darslik sifatida mutolaa qilingan, O’rta Osiyo va Eron tarixi hamda madaniyatini o‘rganishda muhim manba sanalib, arab, eski o‘zbek, tatar, ingliz, frantsuz va b. tillarga tarjima etilgan, Sharku G’arb mamlakatlaridagi kutubxonalardan o‘rin olgan. H.V.K.ning "Futuvvatnomai Sultoniy" asari nashr etilgan (Toshkent, 1993).