ICHKILIK MO’MIN FAROSATINI O’TMASLASHTIRADI
Ibrat faqat basirat bilandir. Ya’ni, ma’naviy ko‘zimiz ham ochiq bo‘lishi kerak. Chunki bu nurni bizga Janobi Haq ehson etgan. Zohiriy narsalar oddiy ko‘z bilan ko‘rilsa, botiniy dunyo basirat bilan ko‘riladi, o‘qiladi, bilinadi. U xuddi sizning radiongiz, televizoringiz. Agar ishlamasa, uning nima keragi bor? Ma’naviyatdan bebahra ko‘ngil, ko‘z, akl va quloq xuddi ishlamaydigan soat yoki mashina, radio, televizor kabi - tashqi ko‘rinishi go‘zal, lekin eng zarur bo‘lgan ich qismi esa buzuq. Bu oqimning nomi «Nur»dir. (O’zbekchasiga yorug‘lik, oydinlik desa bo‘ladi). Bizning jon mashinamizni ishlatadigan nur - ruxdir. U bo‘lmasa inson ishga yaramaydigan, axlatga tashlangan bir mashina bo‘lagi kabi bo‘lib qoladi. Ba’zi birodarlarimiz bu ta’birdan xafa bo‘lib, bizga e’tiroz bildirishlari mumkin:
- Ishlashimizni ko‘r. Ovro‘poliklarni, dinsiz qavm va kommunistlarni ko‘rmayapsanmi? Jon jahdi bilan ishlayapti. Xo‘sh, sizningcha bular jonsiz odamga o‘xshaydimi?....
Aziz birodarim, - deyman men. - Vaqti-vaqti bilan tush ko‘rib tursang kerak. Tushni yotog‘ingda uxlayotgan jasading ko‘radimi yoki sening bir timsolingmi? Na eti, na suyagi bor. Bir onda har tarafga keza oladi. Ba’zan ko‘klarda uchadi, ba’zan dengizlarni oshadi. Asl ruh bir nurki, uning ta’rifiga tilimiz ojizdir. Shu nur tufayli inson insondir. U nurning pokligi va sofligi muhofaza etilgan taqdirdagina insonda juda buyuk va juda ko‘p ajoyibotlar ko‘rinar. Payg‘ambarlardan zoxir bo‘lgan mo‘‘jizalar aslida shu nurning g‘oyat tozaligidandir. Bu nur vujudimizda ikki taraflama ko‘rinadi. Birinchisi, ko‘rinadigan hayot - ko‘rish, yeb-ichish va eshitishni ta’minlaydi. Bu nur yo‘qolsa, xayot tugaydi. Nurning asl qismi ichki nurdir. Ikkalasini birlashishidan insonda kamoli insoniyat zohir bo‘ladi. Faqat bittasi bilan badan ishlaydi. Harqanday jonzotning ishlaganidek ishlaydi. Murodimiz bu emas. Biz bir mumtoz maxluqmiz, xayvonlar kabi g‘oya va natijasini bilmay ishlagani kelmaganmiz. Biz Xoliqimizga bandalik qilishimiz kerak. Bu bandalikni bajo keltirmoq uchun bu olamga kelganmiz. Asl vazifamiz bandalik. Buni unutib, hayvondek ishlab, tuproqqa ko‘milib yo‘q bo‘lish emas. Aks xolda bunday hayotga achinib, yig‘lash kerak. Zero, unday xayotda eng muxim narsa - insonlik yo‘qdir. Insondan boshqa maxluqlarning yashashidek xayot bor, xolos. «Balxum azall - balki ular xayvondan ham tubanroqdirlar» oyati jalilasida fosiq, kofirlarning past, eng tuban darajaga loyiq ekanliklariga ishora qilingan.