— Pashkol faslida men ham juda qiynalib, nafas olurmen, — dedi Bobur. — Tashvish chekmang, o‘rganib ketursiz. Qani, uzumdan oling!
Mohim begimning hech narsa yegisi kelmas edi. Shunday bo‘lsa ham kishmishdan ikki dona olib og‘ziga soldiyu, Boburning ko‘ngliga bo‘la:
— Yaxshi pishibdir, — dedi.
— Maktub yozmoqchi edingizmi?
— Ha, Humoyunga... Mening nafasimni pashkol emas, sog‘inch qisadir!
To‘lib o‘tirgan Mohim begim birdan yig‘lab yubordi:
— Men hamisha Humoyunning diydoriga zormen. Siz mudom o‘g‘limni mendan uzoqlarga yuborursiz! Kobulda ekanimda Humoyun Jamnayu Ganga bo‘ylaridan bo‘shamadi. Men Agraga keldim, Humoyun Badaxshonga jo‘nab ketdi. Badaxshonni tinchitib qaytdi hamki, uni yana uzoq Sambxalga yubordingiz. Qayerda bir xatar bo‘lsa, o‘shanga Humoyun ro‘baro‘! Qaysi uzoq yurtda mushkul ish bo‘lsa — yana Xumoyun! Men bu yerda xavotirlikda qon yutib iztirob chekurmen!
— Bunchalik xavotirlanishning ne hojati bor, Mohim!
— Siz xavotirlanmaysiz, hazratim, sizning farzandlaringiz ko‘p! Mening yolg‘iz farzandim qolgan! Uchtasini tuproqqa topshirib, shu birgina Humoyun bilan qolganmen!