«Allohim, Sendan so‘raymanki, salomat qalbdan boshqa hech narsa, molu farzandlar ham foyda bermaydigan Kunda Muhammad alayhissalomni menga shafoatchi qilishingni, unga hayotlik vaqtida kelganlarga vojib qilganingdek, menga ham mag‘firatni vojib qilgin. Uni shafoatchilarning avvali, soillarning muvaffaqiyat qozonadiganrog‘i, avvalgiyu oxirgilarning mukarramrog‘i qilgin, ey karamlilardan ham karamli zot. Allohim, men Sendan komil iymonni, faqat Sen taqdir qilgan narsagina yetishligini bildiradigan haqiqiy ishonchni, manfaatli ilmni, qo‘rquvchi qalbni, zikr qiluvchi tilni, keng, halol va toyyib rizqni, maqbul, solih amalni va ziyon ko‘rmaydigan tijoratni so‘rayman.
Allohim, qalblarimizni keng, ayblarimizni to‘silgan, gunohlarimizni kechirilgan, xavfimizni omonlik, amallarimizni solihlari bilan tamom qilgin, ziyoratimizni qabul qilgin. Bizni musofirlikdan ahlu bolalarimiz oldiga salomat, g‘animatli qilib qaytargin. Xavf ham bo‘lmaydigan, xafalik ham bo‘lmaydigan solih bandalaringdan qilgin.
Parvardigoro, bizni hidoyat qilganingdan keyin — endi dillarimizni haq yo‘ldan og‘dirma va bizga O‘z huzuringdan rahmat ato et! Albatta Sengina barcha yaxshiliklarni ato etguvchisan! Izzat egasi bo‘lgan Parvardigoringiz ular sifatlayotgan narsadan pokdir. Barcha payg‘ambarlarga salom bo‘lsin, olamlarning Rabbiga hamd bo‘lsin!