O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Alisher Navoiy nomidagi
Til va adabiyot instituti
Mavlono Jaloliddin Rumiy
HIKMATLAR
Forsiydan O’zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasi
Toshkent
O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2007
Mavlono Jaloliddin Rumiy - jumla bashariyat nomini hamisha iftixor ila tilga oladigan buyuk ijodkor, betimsol alloma, uning "Masnaviyi ma’naviy" asari esa teran hayotiy o‘gitlar, bebaho hikmatu haqiqatlar xazinasidir. "Masnaviy"ni varaqlab, durdona pandu hikmatlarni saralab, aziz kitobxonlarimiz uchun ixcham bir saylanma tuzdik.
Umid ulkim, ulug‘ bobokalon shoirimizning muborak ruhi shod, uning ruhoniyatiga oshno bo‘lganlarning ko‘ngillari obod bo‘lgay...
Mas’ul muharrir:
To‘ra MIRZAYEV,
filologiya fanlari doktori, professor
So‘zboshi muallifi:
Ibrohim HAQQUL,
filologiya fanlari doktori
Nashrga tayyorlovchi:
Nodir RAMAZONOV
Muharrir:
Jabbor ESHONQUL
HIKMAT - KO’NGIL CHIROG’I
Ma’lum ermasmu magar ibrat senga,
So‘z ochar so‘zni degan hikmat senga?
Jaloliddin Rumiy
Insonni sev! Uni e’zozla! Bu yangilik emas — juda qadimiy gap. Sevgi va e’zozga loyiq bo‘lolmasa-chi? Noloyiqni sevmoq, birinchidan, fahm-farosat pastligini ko‘rsatadi; ikkinchidan, muhabbatni tahqirlaydi; uchinchidan, insoniylik sharafiga ziyon yetkazguvchi bir ishdir. Chunki hamma kishi ham mehr-muhabbatga munosib bo‘lolmaydi.
Odamni bilish, odam tanishda hikmat ko‘p. Mana shunda adashildimi - bo‘ldi: to‘g‘rilik, insof, muruvvat, vijdon, mardlik - hamma-hammasida chalg‘ib ketiladi. Dononi - nodondan, oqilni - johildan, mardni — nomard va g‘irromdan ajratolmagan, rostlik va halollik qadrini yerga qorishtirib, o‘g‘rilik, muttahamlik va korchalonlikka keng yo‘l ochgan jamiyatning boshi esa musibatdan chiqmaydi, xususan, axloqiy, ruhiy ofatlar uni ichdan kemirib, yemirib yuboradi. Bunday vaziyatda so‘z ham, fikr ham ta’sir kuchini yo‘qotadi. Va o‘zi ishonmaydigan narsaga o‘zgalarni ishontirishta bel bog‘lagan, gapi boshqa, hol va amali mutlaqo boshqa vaysaqi, safsatabozlarning bozori qiziydi. Ammo ulardan hech qaysisi millat, yurt taqdiriga tegishli biror bir mas’uliyatni zimmasiga olmaydi.
Odamning taqdiri va istiqboli jamiyatda hal bo‘lganidek, jamiyatning ijtimoiy, axloqiy, fikriy sog‘lomligi ham odamning butunligi, komilligiga daxldor. Komil inson haqida ko‘p gapiramiz, o‘zimizcha kuyinamiz. Bu yaxshi, albatta. Lekin quruq gap bilan, yolg‘iz kuyinish yoki istak bilan insonni o‘zgartirib, komillashtirib bo‘lmasligini chuqur o‘ylab ko‘rmaymiz. Bizningcha, bu jabhada komil inson masalasini har jihatdan chuqur o‘rgangan tasavvuf allomalarining mulohaza, mushohada va xulosalariga ko‘proq tayanish joiz. "Komil inson" asarining muallifi, buyuk vatandoshimiz Azizuddin Nasafiy yozadi: "Shuni yaxshi bilgilki, odamlarning ko‘pchiligida insonlik qiyofasi bo‘lgani bilan odamiylik ma’nosi yo‘qdir. Bunday kimsalar esa aslida eshak, ho‘kiz, qurt-qumursqa, qoplon, ilon va chayonlardir. Nega, nima uchun bunday deya sira ajablanmaslik lozim. Chunki
har bir kent va shaharda ham ma’nan, ham jisman insonlik sharafiga sohib bir hovuch kishi bordir, xolos...".
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tsak. Insonning axloqiy poklanishi, tafakkur balog‘ati, bir so‘z bilan aytganda, komilligi borasida qadimda ilgari surilgan va asrlar mobaynida o‘zlashtirilib, amal etilib kelingan BOYA va tushunchalardan yiroqlashish, uzilish holati u yoxud bu tarzda butun bashariyat turmushida ko‘zga tashlanib turibdi. Buning bosh sababi Nasafiy bobomiz ko‘rsatgan nuqson - odamiylik ma’nosidan mahrumiyatning keng quloch yozishi erur. Darhaqiqat, o‘z ilohiy mohiyatini tushunish va mushohada qilishda insoniyat oldinga emas, ortga odimlagani inkor aylash mushkul bir haqiqat. Moddiy va texnikaviy taraqqiyot bashar nafsida yangi-yangi "o‘zan"lar ochdi...
Abdurahmon Jomiy hazratlari:
G’arqi daryoiy tafakkur shudaem,
Tahnishin chun sadafu dur shudaem, -
deydilar. Chunonchi: biz tafakkur daryosining qa’riga sho‘ng‘idik. Shu uchun sadaf va durga o‘xshab joyimiz pastda - eng chuqurlikdadir. Aqli va dili hikmatga to‘lgan zotlarning, xususan irfon narhidan qonib-qonib suv ichgan haqiqatparastlarning sifat va fazilatlari xuddi shundaydir.
Abu Hasan Bushanchi "Bugun tasavvuf, haqiqatidan mahrum bir ismdir. Bundan oldin esa ismsiz bir haqiqat edi", deydi. Ya’ni: tasavvuf atamasi sahoba va salaf zamonida mavjud emasdi. Biroq ularning har birida buning ma’nosi mavjud edi. Endi esa tasavvufning nomi bor, ammo haqiqat va hikmati yo‘qdir. Ushbu fikrni hozirgi kunlarga ham tadbiq qilsa bo‘ladi. Chunki tasavvuf mavzuida aytilayotgan va yozilayotgan mulohazalarning ko‘pi uning haqiqati, sirli hikmatidan ko‘ra tashqi yoki allaqachon eskirib ulgurgan jihatlariga tegishlidir. Tasavvufning hayotiy ruhi, bebaho duri gavhari, sir-asror xazinasi va go‘zallik shukuhini qaerdan izlash haqida so‘ralsa, hech ikkilanmasdan, adabiyot va san’atni tilga olish lozim. Tasavvuf targ‘ibu tashviqiga safarbar adabiyot ham juda ahamiyatli va ibratli. Lekin tasavvuf olami va haqiqatlari badiiy talqin qilingan Ishq, Ruh, Ko‘ngul, Irfon va Zavq adabiyoti yanada go‘zal, yanada ta’sirlidir. Bu adabiyotda nainki so‘z va ma’no, ohang, rang, tasvir ham o‘zgacha, ya’ni ruh va ko‘ngulni yolqinlantiruvchidir. Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari shu uchun dunyo ahlining yuragini zabt aylab, o‘ziga asir etgan.
O’zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol keyingi yillarda tarjimon sifatida bir qator xayrli va zo‘r ishlarni amalga oshirdi. O’zbek o‘quvchilari uning tarjimasida sharq irfoniy adabiyotining shoh asarlari - Fariduddin Attorning "Mantiqut tayr", Jaloliddin Rumiyning olti jildlik "Masnaviyi ma’naviy"sini o‘qish imkoniga ega bo‘lishdi. "Masnaviy"ning har bir kitobi bor-yo‘g‘i ming nusxada chiqqani inobatga olinsa, uni o‘qiganlar soni orzu darajasida emasligi o‘z-o‘zidan anglashiladi. Holbuki, "Masnaviy" bugun dunyo jamoasini qiziqtirib, bashariyatning najot, umid kitobidan biri bo‘lib turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra so‘nggi vaqtlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarida tez-tez nashr etilib, eng ko‘p xarid qilinayotgan kitob "Masnaviy" ekan. Uni o‘qish, o‘rganishga ehtiyojmandlik bizda ham hech bir eldan oz yoki past emas. Shuni nazarda tutib Mavlono hikmatlaridan kichik bir guldasta tuzdik. Bu hikmatlar tuyg‘u va tushunchada tozalik, imon va e’tiqodda halovat demak. Mavlononing so‘z va fikrlaridagi hikmat — insoniylik qadri va sharafini hayvoniy, shaytoniy hirsu ofatlardan ajratish demak.
Sharq donishmandlaridan biri kambag‘al va qashshoqlarni boylikdan nafratlanish, molu dunyoni qoralashga o‘rgatmanglar, odam oldin badavlat bo‘lib, ana undan so‘ng boylikni nazarga ilmaydigan saviyaga yuksalmogi lozim, degan ekan. Bu - to‘g‘ri gap. Xalqimiz bejiz "Ko‘rmaganni - ko‘rgani qursin", demagan. Ochdan, qashshoqdan chiqqan nazari past kimsa dunyo boyligini yig‘sa ham baribir to‘ymaydi, "mol yig‘ishtirur lain"ligicha qolaveradi. Va bunaqa gushnalarning millatga, yurtga, ilm-fan yoki adabiyot va san’atga hech foydasi tegmaydi. Ollohga shukrki, elimiz orasida adabiyotni sevadigan, ilm-fan, ma’rifat qadr-qimmatini har qanday moddiy boylikdan baland ko‘radigan sarmoyadorlar ba’zan uchraydi. Siyrak bo‘lsa-da, bor ular. Mazkur kitob shunday insonlardan birining tashabbusi va himmati bilan chop etildi. Bundan ko‘pchilik minnatdor, Mavlononing ruhlari shod bo‘lur, degan umiddamiz. Axir ma’rifat hamisha madadga muhtojligini Rumiy hazratlari ham inkor qilmaganlar. Haq mayining ayricha toti bor. Mavlono demishlarki:
Haq mayidin kimsa bir kultum ichar,
Bir emas, ul ikki olamdin kechar.
Ul musaffo may sururi o‘zgacha,
Mastligi etgay davom mahshargacha.
O’ylaymizki, ushbu hikmatlarni o‘qigan har bir kitobxon Haq mayidan qultumlab, qon va jonida o‘zgacha surur uyg‘onishini his etarkan, bunga o‘zi ishonch hosil qiladi.
Ibrohim Haqqul,
filologiya fanlari doktori