Bugun ishga kelayotib avtobusga chiqdim. Odamlar gavjum, kim ishga, kim o`qishga, kim mehmonga, kim bozorga shoshilgan...
Bir payt inqillib, bir nimalarni g`o`ldirab bir ayol chiqib qoldi. Joy berdim. U ayol kasalmi, yo boshqa, xullas sa'al g`alatiroq ekan.
Ehtimol bizga, shunday tuyulgandir...
- Hay bolam, kiyimingni oldini taqsangchi, shamollasang nima boladi-a?
- Hoy qizim, buncha yupun kiyinmasang, men ham sendek vaqtimda yupqa kiyinib yurib mana endi, azobini tortib yotibman!
- Ey o`tirgan ayol, qo`lingdagi bolani qalpog`i qani? Ko`chaga shunday olib chiqmagin yana!
Uning bunday kuyunishlariga kimdir piq-piq kuldi, kimdir boshini sarak-sarak qildi, kimdir barmog`ini chakkasiga tirab "jinniroq" ishorasini qildi.
Ayol qarshisida turgan sochlari qora rus qizniyam "e'tiborsiz" qoldirmadi.
- Isming nima qizim?
- Dasha...
- Kasha?
- Dasha!
- Kvasha? tavba-a, shunday ham ism qo`yadimi? O`zbekmisan o`zi qizim?
Rus qiz ensasi qotibroq nariga qochdi. ayolning "o`lja"siga endi men aylandim:)
- Umringdan baraka top qizi-im, bilasanmi, haligi televizorda aytadiku, o`sha qo`shiq senga atalgan!
So`ng ovozini boricha hirgoyi qila boshladi:
O`zbegimni qizlari, chiroyli sizlar!
O`zbegimni qizlari, hayoli qizlar!
Odamlar endi rostmanasiga kulib, bir-biriga iljayib qaray boshlashdi.
so`ng qo`shib qo`ydi:
- Turmushga chiqqanmisan qizim?
"yo`q" ishorasini qildim.
- Iloho, o`zingga o`xshagan chiroyli, aqlli, o`qimishli kuyov nasib qilsin! Menga qara, nega kostyumingni oldi ochiq? yop bolam! Sovuq tegadi! Yoki kel, o`zim taqib qo`yay? Kel, ke-elaqol!
"Tavba-a" tepasida turgan erkak sal nariroqqa qochdi. "Kasal shekilli"...
Ayol og`zi burnini ro`molda tang`ib olgan, ora-sira ihrab, "Voy Xudoyim-a buncha azoblamagin.." deb qo`yardi.
Men o`z bekatimda tushib qolar ekanman, "Xudo shifo bersin xola" dedim.
Bugungi- birov yo`l chetida ihrab yiqilib yotsa boshqa birov aqalli qayrilib qarmaydigan, birov yig`lab tursa, boshqasi kelib hol so`rashga yaramaydigan bir zamonda bu sho`rlik ayolning kuyunchakligini kimdir iljayib, kimdir ensasi qotib qabul qilardi...
u kasal edimi, yo boshqa, xullas sa-al g`alatiroq edi.
ehtimol, BIZGA shunday tuyulgandir...