DUNYO GO‘ZAL
Dunyo go‘zal, dunyo beshafqat,
Qayda bo‘lma topadi doim.
Go‘zallikni ko‘rsatib faqat,
Shafqatsizlik qilar muloyim.
Dunyo sokin, dunyo tashvishli,
Hayot sahni sahnadir tekis.
Mitti yurak jizg‘anak pishdi,
Ulgurmadi ko‘rsatib bir his.
Dunyo tashvish, dunyo o‘tkinchi,
Ulgurmaysan uh chekishga ham.
Yog‘och otni o‘ylamay min-chi,
Gunohlaring bo‘ladi hamdam.
Dunyo — shirin, g‘urbati achchiq,
Shirinlikka aldanar bola.
Eshigingdan nafsing tiyib chiq,
Yetolmasang qilmagin nola.
Dunyo — kitob, Tangri bitigi,
O‘qiy desak savodimiz yo‘q.
Yelkalarda tashvish etigi,
Ta’qib qilar ajal degan o‘q.
Dunyo go‘zal, dunyo bir shirin,
Yeb to‘ymaysan, ichib to‘ymaysan,
Yechimi yo‘q bu dunyo sirin,
Yecholmaysan, ammo tinmaysan,
Dunyo go‘zal, dunyo beshafqat..