MA‘MUN (786-833-yillar, Tarsus shahri) — abbosiylar sulolasidan bo‘lgan xalifa, yirik siyosiy arbob, ilm fan homiysi. Xalifa Xorun ar-Rashidning o‘g‘li. Xalifa (813-833). Ma‘mun otasining vaziri Ja‘far ibn Yahyo tarbiyasini olib, kamol topgan. Ma‘mun Xuroson viloyati (markazi — Marv shahri) noibi (809-819). U ancha bilimli hukmdor bo‘lib, olim, shoir, san‘atkor, naqqosh va musavvirlarga homiylik qilar edi. Uning noibligi davrida Rofe ibn Lays boshchiligidagi xalifalikka qarshi qo‘zg‘olon ko‘tariladi. U qo‘zg‘olonni bostirish uchun xalifalik tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlari natija bermagach, dehqonlardan Somonxudotning nabiralari Nux, Ahmad va Yahyolardan iltimos qilib, ulardan yordam so‘raydi. Ular Rofe ibn Laysni qo‘lga olib, uni xalifaga taslim bo‘lishga majbur qiladilar va shu bilan navbatdagi xalq harakati bostiriladi. Somonxudotlarning avlodi bo‘lgan somoniylarning xalifalik oldidagi bu xizmatlari xalifa tomonidan inobatga olinib, Movarounnahr kelajak taqdiri mahalliy mulkdorlar vakillari qo‘liga o‘tishiga yo‘l ochiladi. Xorun vafotidan so‘ng u bilan ukasi Amin o‘rtasida 809-813-yillarda taxt uchun kurash bo‘lib o‘tadi. U uzoq yillar mobaynida Xuroson va Movarounnahrning noibi bo‘lib, mahalliy mulkdorlar bilan juda yaqinlashib ketgan edi. Garchi uni mahalliy zodagonlar qo‘llab-quvvatlasalarda, ammo xalifalikning markaziy qismidagi arablar uning ukasi Aminni xalifalik taxtiga ko‘taradilar. Bundan norozi bo‘lgan Ma‘mun ukasi Aminga qarshi kurashish uchun besh yil tayyorgarlik ko‘radi. Hirot viloyatining zodagonlaridan Tohir ibn Husayn boshliq Xuroson va Movarounnahr mulkdorlari unga yordam beradilar. 813-yilda ular Bag‘dodga yurish qiladilar. Poytaxt qo‘lga kiritilib, Ma‘mun xalifalik taxtiga o‘tqaziladi. Buning evaziga Tohir yuqori lavozimlarga ko‘tariladi. Shuningdek, Ma‘mun Movarounnahr zodagonlarining ham yordamini unutmaydi. Somonxudotning nabiralari ayrim shahar va viloyatlarga noib qilib tayinlaydi. Nuxga Samarqand, Ahmadga Farg‘ona, Yahyoga Shosh va Ustrushona, Ilyosga esa Hirot tegadi. Buning evaziga aka-uka somoniylar Movarounnahrning har yilgi xirojidan juda katta mablag‘ni tohiriylar orqali xalifa xazinasiga yuborib turadilar. Ma‘mun Movarounnahr va Xuroson olimlarini o‘z saroyida to‘play boshlab ularni o‘zi bilan Bag‘dodga olib ketgan, ular "œBayt ul-hikmat" ("œBilim uyi")da o‘z ilmiy faoliyatlarini davom ettirganlar. Dunyoning turli burchaklaridan, O‘rta Osiyo va Xuroson (Muhammad al-Xorazmiy, Yahyo ibn Abu Mansur, Habash al-Xosib al-Marvaziy, Xolid al-Marvarudiy, al-Abbos al-Javahariy, Ahmad al-Farg‘oniy)dan taklif etilgan allomalar ilmiy mavzularda munozaralar olib borishgan. Misrdagi isyon va Ozarbayjondagi Bobak qo‘zg‘oloniga qarshi kurash olib borgan. Ma‘mun davri ilm-fanning nihoyatda rivojlangani bilan ajralib turadi. Ma‘mun riyoziyot, falakiyot, tabobat, kimyo, geografiya, falsafa, mantiq, adabiyot, diniy ilmlar sohasida qator yutuqlarga erishgan, mu‘taziliya ta‘limoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Ma‘mun bobosi Mansur, otasi Horun ar-Rashid tomonidan saroyda to‘plangan kitoblar sonini ko‘paytirgan. Otasi davrida bu kutubxona "œBayt ul-hikmat" deb nomlana boshlagan, keyinchalik u kutubxonalik doirasidan chiqib, tarjima va ilm markazi yoki o‘ziga xos akademiya vazifasini o‘tagan