UBAYDULLOH IBN ZIYOD (taxm. 649-685) — Arab xalifaligining Xurosondagi noibi (673-674); Movarounnahrni arablar tomonidan fath etilishining dastlabki bosqichida faol qatnashgan arab sarkardasi. Xalifa Muoviya farmoni bilan u 673-yil kuzida arab qo‘shiniga bosh bo‘lib, Amudaryoni birinchi bo‘lib kechib o‘tgan. So‘ngra Buxoroni qamal qilgan. Buxoro malikasi turklarni yordamga chaqirgan va ular yordamida arablarga qarshi zarbalar bergan. Biroq, oqibatda arab qo‘shini g‘olib kelib, o‘rtada sulh tuzilgan. Sulhga ko‘ra, Buxoro malikasi bir lak (bir million) dirham hajmda boj to‘lagan, shuningdek, arablar ko‘plab qurol-yarog‘lar, kiyim-kechaklar, oltin, kumush buyumlar va 4 ming buxorolik kamonchilarni o‘lja olib, Xuroson noibi qarorgohi — Marvga qaytishgan. Ubaydulloh ibn Ziyod buxorolik kamonchilarni o‘zining shaxsiy gvardiyasiga aylantirgan. Muoviya Ubaydullohni 674-yil Xurosondan chaqirtirib olib, Basra noibi etib tayinlagan, 681-yildan — Basra va Kufa noibi.
UMAR IBN ABDULAZIZ — Arab xalifasi (717-719). U hukmronligi davrida murakkab vaziyatni hisobga olib, bo‘ysundirilgan yerli xalqlar bilan kelishish siyosatini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. U yangi yerlarni bundan buyon zabt etishni to‘xtatish hamda moliyaviy islohot o‘tkazish to‘g‘risida farmon berdi. Bunga binoan musulmon arablar bilan bir qatorda islomni yangi qabul qilgan ajamliklardan xiroj va jiz‘ya soliqlarini olish bekor qilindi. Ammo Xuroson noiblari farmonni xalifalikning moliya siyosatiga zid degan bahona bilan uni bajarishdan bosh tortadilar. Ular hatto aholi hali yuzaki musulmon, jiz‘yadan ozod qilish uchun xatnaga e‘tibor berish ham lozim degan beandishalikkacha boradilar. Biroq Movarounnahr zodagonlarining ko‘pchiligi o‘zini haqiqiy musulmon deb hisoblab, soliq to‘lamay qo‘yadi. So‘ngra xalifalik ma‘murlari bir yo‘la hammadan jiz‘ya olish haqida buyruq beradi. Natijada Movarounnahrda yoppasiga islomdan chiqish va eski dinlarga qaytish boshlanadi. Buning oqibatida mahalliy mulkdorlar bilan xalifalik vakillari o‘rtasida ziddiyat keskinlashib, butun mamlakatda xalifalikka qarshi xalq qo‘zg‘oloni ko‘tariladi.