157-BOB
Janoza namozida o‘qiladigan zikrlar
Mayyitga janoza namozi o‘qish farzi kifoyadir. Shu singari, uni yuvish, kafanlash, dafn qilish ham farzi kifoyadir. Bunga hamma bir ovozdan ittifoq qilgan.
Janoza namozi Imom A’zam (r.a.) mazhablarida quyidagicha o‘qiladi: Avval «Allohu akbar» deb, ya’ni, takbiri tahrimani aytib quloq qoqadi. So‘ng Sano - «Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va la ilaha g‘oyruk» duosini o‘qiydi. So‘ngra yana takbir aytadi, ammo qo‘lini ko‘tarmaydi. Keyin Rasulullohga biror salovotni aytadi. So‘ng «Allohu akbar», deb janoza duosini o‘qiydi. Janoza duosi: «Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ‘alal islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ‘alal iyman. Allohumma la tahrimna ajrohu va la taftinna ba’dahu». (Ma’nosi: Ey Rabbim, tirigu o‘ligimizni, hoziru g‘oyibimizni, kichigu kattamizni, erkagu ayolimizni mag‘firat qil. Ey Rabbim, kimimizni hayotda qoldiradigan bo‘lsang, uni Islomda qil, kimimizni o‘ldiradigan bo‘lsang, uni iymon bilan vafot ettir. Bizni uning ajridan mahrum qilma. Undan keyin bizni fitnaga solma.)
Agar mayyit yosh bola bo‘lsa, quyidagi duoni o‘qiydi: «Allohummaj’alhu lahuma farotan vaj’alhu lahuma salafan vaj’alhu lahumo zuhron va saqqil bihi mavaziynahuma va afrig‘is sobro ‘ala qulubihima va la taftinnahuma ba’dahu va la tahrimhuma ajrah», so‘ng yana «Allohu akbar» deydi va ikki tomonga salom berib, namozni tugatadi. (Ma’nosi: Allohim, bu go‘dakni ota-onalari uchun ajr, fazl va zahira qil. U sababli ota-onasining tarozilarini og‘ir qil, qalblariga sabr yog‘dir. Undan so‘ng ularni fitnaga solma, ularni uning ajridan mahrum qilma.)