DAVOMI...
Abu Na’im va boshqalar Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Mulk egasining ikki o‘g‘li Nabiy sollallohu alayhi va sallam oldilariga kelib: "Onamiz erlarini hurmat qilar, bolalariga muloyim, mehmonlarni izzat qilar edi, lekin johiliyatda bolasini tiriklayin ko‘mgan", deyishdi. U zot: "Onangiz do‘zaxda", dedilar. Ular yuzlari bo‘zarib, ortlariga qaytishdi. Nabiy alayhissalom ularni chaqirib kelishni buyurdilar. Ular biror bir yangilik umidida xursand bo‘lib kelishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Mening onam ham sizlarning onalaringiz bilan", dedilar.
Abdulloh ibn Qays aytadi: "Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan musulmonlarning zurriyotlari haqida so‘radilar. U zot: "Ular otalari bilan", dedilar. Oisha: "Amal qilmasdan-a?" dedilar. "Nima qilishlarini Alloh bilguvchiroq", dedilar. So‘ng Oisha mushriklarning zurriyotlari haqida so‘radilar. "Otalari bilan birga", dedilar. Oisha roziyallohu anho: "Amal qilmasdan-a?" dedilar. "Nima qilishlarini Alloh bilguvchiroq", dedilar Nabiy alayhissalom.
Abu Umar aytadi: "Abdulloh ibn Qays shomlik tobeinlardan, ishonchli. Ammo undan mazkur hadisni rivoyat qilgan Baqiya ibn Valid zaif va ko‘p hadislari munkardir. Lekin bu hadis Oisha onamizdan boshqa yo‘l bilan ham rivoyat qilingan".
Yana bir toifa ulamolar aytadilar: "Go‘daklar ham oxiratda imtihon qilinadi. Bunga dalil Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis: "Rasululloh sol-lallohu alayhi va sallam johiliyat davrida (ya’ni, Islom kelmasidan avchal) halok bo‘lgan inson, nodon-aqlsiz inson hamda go‘dak haqida shunday dedilar: "Johiliyat davrida halok bo‘lgan odam: "Menga kitob ham, Payg‘ambar ham kelmadi", deydi", dedilar, so‘ng ushbu oyatni o‘qidilar: "Agar biz ularni (Muhammad kelishidan va Qur’on nozil bo‘lishidan) ilgari biror azob bilan halok qilganimizda, ular albatta: "Parvardigoro, bizlarga biror payg‘ambar yuborganingda edi, bizlar xor-zor va sharmanda bo‘lmay, Sening oyatlaringga ergashar-itoat etar edik", degan bo‘lur edilar" (Toho, 134). So‘ngra yana so‘zlarida davom etdilar: "Nodon inson: "Ey Rabbim, menga yaxshi va yomonni ajratishim uchun aql bermading", deydi. Go‘dak esa: "Parvardigoro, men balog‘atga yetmadim", deydi. Ulardan olov ko‘tariladi va: "Ularni qaytarib, unga kirgizinglar", deyiladi. Bas, ularni qaytaradilar va Allohning azaliy va abadiy ishida kim amal qilib, baxtlilar qatorida bo‘lishi yozilgan bo‘lsa, shu jannatga kirgiziladi va Allohning ilmida kim baxtsiz bo‘lsa (ya’ni, Islomni tanib, aqli yetib, balog‘atga yetsa ham, itoatsiz bo‘lish mumkin edi), u ushlab qolinadi. Bas, Alloh taolo: "Menga osiylik qilyapsizku, Payg‘ambarlarga qanday itoat qilardingiz", deydi".
Bu hadis ma’no jihatidan zaifdir. Chunki oxirat imtihon diyori emas, savob va gunohlarning jazosini beradigan joy.
Sumra ibn Jundub roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan uzun hadisda shunday deyilgan: "Jannatda bo‘yi eng uzun kishi Ibrohim alay-hissalom. Atroflaridagi bolalar esa, barcha fitratga ko‘ra tug‘ilgan go‘daklardir". Shunda: "Ey Rasululloh, mushriklarning bolalarichi?" deb so‘rashdi. "Mushriklarning bolalari ham" dedilar" (Buxoriy rivoyati).
Bir jamoalar ulamolar mana shu fikrdalar. Ayni paytda bu boblarda zikr qilingan fikrlarning to‘g‘rirog‘i ham shu, ya’ni, mushriklarning go‘daklari jannatdadirlar. (Mazhabimiz amomi Abu Hanifa mushriklarning bolalari kaerda bo‘lishi haqida sukut qilganlar. - Muh.) Ular fikrlariga Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisni hujjat qiladilar: "Xadicha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan mushriklar bolalari haqida so‘radilar. U zot: "Ular otalari bilan birga", dedilar. So‘ng bundan keyin yana so‘radilar. U zot unda: "Ular nima qiluvchi ekanliklarini Alloh bil-guvchiroq", dedilar. So‘ng Islom qaror topib, "Hech bir ko‘targuvchi (ya’ni, gunohkor jon) o‘zga jonning yukini (ya’ni gunohini) ko‘tarmas" (An’om, 164, Isro 15, Fotir, 18), oyati nozil bo‘lganidan keyin yana so‘radilar. U zot ularning jannatda ekani xabarini berdilar" (Abu Umar "Tahmid" kitobida keltirgan).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Parvardigorimdan bashariyat zurriyotidan bo‘lgan yosh bolalarni azob-lamasligini so‘radim, bas, U so‘raganimni berdi".
Yana bir toifa ulamo: "Mushriklarning bolalari jannat ahlining xizmatchilaridir", deydi. Ularning xujjatlari Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisdir: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Mushriklarning bolalari jannat ahlining xizmatchilaridir". Bu xabarni Abu Umar zikr qilgan, ammo isnodi quvvatli emas, biroq, ular jannatda yoki jannatda xizmatchi, degan ma’no sahihdir.