— Men boyatdan beri sizga qarab yotibman. Haykalga o‘xshab qotib o‘tiribsiz. Men sizga aytsam, — u Anvarning qulog‘iga shivirladi, — men ham soppa-sog‘man. Lekin hamma meni jinniga chiqargani uchun ba’zan o‘zim ham ishonib ketaman. Davlat ham ishonadi. Ishonadi. Ishonmasa yigirma uch so‘m pensa berarmidi. Endi uka, mening otim Shoqayum, tuz-nasib ekan, shu yerda jon saqlaymiz. Men hangomatalab odamman. Ko‘p gapirib bezdirvorsam, shartta urishib tashlayvering, xafa bo‘lgan — nomard. Lekin hadeb bunaqangi siqilib o‘tiravermang. O‘zingizni yeb qo‘yasiz. Men ham oldiniga shunaqa bo‘lganman. Keyin bilsam, qaytaga shu yaxshi ekan. Odamlar meni jinniga chiqargandan beri mazza qilib yashaydigan bo‘ldim. Oldin to‘g‘ri gapni aytolmay ezilib ketardim. Endi shartta-shartta aytaman. Birovning qulog‘iga kiradimi, yo‘qmi, aytaveraman. Shunaqa qilib yuragimni bo‘shatib olaman. Siz ham shartta-shartta gapirib yuboravering. Bunaqa o‘tirmang.
«Bunaqa o‘tirmang... Rostdan ham qimirlamay o‘tirdimmi? Nur-chi? Sharshara-chi?»
— Shoqayum aka, kirganimdan beri haykalday qotib o‘tirdimmi?
— Ha, de! Asqar rahmatli ham shunaqa edi. Derazaga tikilib o‘tiraverardi. Qorong‘ida nimani ko‘ryapti, deb hayron bo‘lardim. Ammo uni gapga solish qiyin edi. Bir kuni «nima qilib o‘tiribsiz, uka?» desam, «quduq qidiryapman», deydi. «Hazillashyapsizmi, qanaqa quduq?» deb so‘rasam, «Iskandarning shoxi bor», degani bir quduq kerak manga» deydi. Shunaqa g‘alati gaplari bor edi. Ko‘p gaplariga tushunmasdim.
Anvar «bu oddiy gap, har bir shoir haqiqatni aytishni istaydi. Rivoyatdagi sartarosh kabi aytolmay qiynaladi. Bir quduq topsayu aytsa, yuragini bo‘shatib olsa...» demoqchi bo‘ldi-yu, Shoqayumning gap xaltasini battar kavlamay, deb indamay qo‘ya qoldi. Shoqayumning gap xaltasi birov tegmasa ham qaynaverar edi. Anvar indamagani bilan gapi toshib chiqaverar edi. Anvar uning so‘zlarini uzuq-yuluq eshitardi. «Demak, ko‘zimga ko‘ringan. O‘tirgan yerimda uxlamay turib, tush ko‘rganman. «Uchar likopchani ko‘rdim», deganlar ham menga o‘xshab xayolan uchrashganlar. Bu — jinnilikning boshlanishi emasmikin?»
— Bu yerdan chiqib ketmay, yaxshi qilibsiz. Shu yerda qishlab, bahorning o‘rtalarida chiqish kerak. Bahorda quling o‘rgilsin odamlar kelishadi, zerikmaysiz.
«Qanaqa odam bu o‘zi! Jinnilarni masxara qilyaptimi? Tavba! Ishtoni yo‘qning ishtoni yirtiqqa kulgani shumi? Chiqib ketmasam bo‘lmaydi bu yerdan».
Anvar Elchin ketganidan beri qayta-qayta «qolib to‘g‘ri qildimmi?» degan savolni o‘ziga-o‘zi berib «To‘g‘ri qildim!» degan qaysar javobdan nariga hatlamas edi. Shoqayumning ezmaligi bu qaysarlik to‘g‘onini buzib, «chiqib ketishim kerak!» degan tushuncha darvozalarini ochib yubordi.