Ikrimaning tarjimai holi
Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Ikrima Al-Barbariy Al-Madaniy, Ibn Abbosning mavlosi, asli millati barbar, Mag‘rib diyoridandir. Ikrima xojasi Ibn Abbos (r.a.) Ali ibn Abu Tolib (r.a.), Abu Hurayra (r.a.) va boshqa sahobiylardan rivoyat qilgan. Ikrimaning haqiga ba’zi mufassirlar va roviylar ta’na yetkazganlar, uning rivoyatlarini va tafsirlarini kizb (yolg‘onga)ga chiqazganlar. Ammo Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Ahmaddek muhaddis va mufassirlar Ikrimaning rivoyatini tasdiq etganlar. Demak, Ikrimaning sha’niga aytilgan barcha ta’nalar yolg‘ondir. Ibn Mu’in aytadiki: "Ikrimaga o‘xshab ta’naga qolgan boshqa odam ham bormikin, axir unga Islomi uchun tuhmat qilinyapti-ku!".
Yahyo ibn Ayyub Al-Misriy aytadi: "Ibn Jurayj mendan: "Ikrimaning rivoyatlaridan yozdingmi?"— deb so‘radi. Men: "Yo‘q!"— dedim. Ibn Jurayj: "Unday bo‘lsa ilmning uchdan ikki qismi zoe bo‘lipti", — dedi.
Ikrima ilmda muqaddam, rivoyati ishonchli, fahmi o‘tkir, bir so‘z bilan aytganda Ibn Abbosning ilm vorisi edi. Hijriy sananing bir yuz to‘rtinchi yilida vafot etgan.