23-bob. Xuftondan oldin charchab uxlab qolgan kishi xususida
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xuftonga imomlik qilmaklari lozim erdi, (uxlab qolib) hadeganda chiqavermadilar. Shunda Hazrat Umar: «Xotinlaru bolalar uxlab qoldi»,— deb ovoz qilib u kishini chaqirdilar. Janob Rasululloh chiqib: «Yer yuzida sizlardan boshqa hech kim xufton o‘qiydirmen, deb muntazir bo‘lib o‘ltirgani yo‘qdir»,— dedilar. O’sha vaqtlarda Madinadan boshqa hech qaerda namoz o‘qilmas erdi. Xuftonni shafaq yo‘qolgandan boshlab, tunning birinchi qismining uchdan biri oralig‘ida o‘qishar erdi».
Abdulloh ibn Umar raziyalohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tunlardan birida xufton vaqtida band bo‘lib qolib, unga bir oz kechikdilar, hatto biz u kishini kutib masjidda uxlab qoldik, bir uyg‘onib, keyin yana uxlab qoldik va yana uyg‘ondik, shundan keyingina Janob Rasululloh bizning oldimizga chiqdilar, so‘ng bizga qarab: «Yer yuzida hech kim xufton o‘qiydirmen, deb muntazir bo‘lib o‘tirgani yo‘qdir», — dedilar». Ibn Umarning o‘zlari, uyqu g‘oliblik qilib, xuftonni qazo qilib qo‘ymakdan qo‘rqmasalar, undan oldin yokim undan keyin mizg‘ib olaverar erdilar.
Ibn Abbos rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tunlardan birida xuftonga kechikdilar, hatto odamlar uxlab qoldilar, uyg‘onib, yana bir uxlab turdilar. Shunda Umar ibn Xattob turib, «Namoz!» deb ovoz qildilar. Ato va ibn Abbos: «Shundan keyin Janob Rasululloh ikki qo‘llari boshlarida, sochlaridan suv tomgancha chiqib keldilar-da, «Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmog‘ini xohlaganimda, xuftonni shu tariqa o‘qimoqni buyurar erdim, dedilar», — deb aytishdi».