«Mo‘g‘ulistonda bo‘lganimda, Oyun shunday degandi: «Bilasizmi, Ulan-Batorga maxsus ish bilan kelgan bir tilmoch ayol sizni bilar ekan...» Miyamga birinchi kelgan so‘z «Fiona!» bo‘ldi. Ha, Fiona! «U uzun bo‘ylimi?»-so‘radim. Bu bema'ni savol edi, xuddiki men uni Oyunnning o‘zi bilan solishtirayotganga o‘xshadim, lekin Oyun tezda javob berdi: «Yo‘q, o‘rta bo‘yli». «Uning ismi Irmami?» - so‘radi Oyun past ovozda. «Ha, Irmami...» - yuzimda hafsalam pir bo‘lgani yaqqol sezildi, chunki Oyun yana qayta meni ruhlantirishga intildi: «U judayam chiroyli ekan!»
Men odatda ayollarga xos masalalarni boshqa ayollar bilan muhokama qilishni yoqtiraman: ularni bilib olishning eng maqbul yo‘li shu. Birinchidan, bunda vaysaqilik kerakmas, chunki bu boshqa bir ayol haqida, ikkinchidan, o‘zingiz suhbatlashayotgan ayolda yaxshi taassurot qoldirishga intilasiz, uchinchidan, suhbat asnosiga qarab, o‘zingizni o‘zgartira olasiz, to‘rtinchidan, u ayol u yoki bu sharoitda o‘zini qanday tutishi haqida gapirib, barcha sirlarini oshkor qilib qo‘yadi, beshinchidan, oltinchidan va hokazo. Lekin men Oyun bilan hech kimni muhokama qilmoqni istamadim. Balki bunga uning sirliligi sabab bo‘lgandir.