DARVOZABON SAFGA QAYTDI
Andijonning "Andijon-UzDEUAvto" jamoasi darvozaboni Pavel Matus jarohatidan tuzalib safga qaytdi, deb xabar beradi klubning rasmiy veb sahifasi.
Xabaringiz bor, o'tgan turda andijonlik futbolchilar Namanganda "Navbahor" jamoasiga imkoniyatni boy berishgan edi. Galdagi turda "Samarqand-Dinamo" jamoasiga qarshi kechadigan uchrashuvda klub rahbariyati futbolchilar oldiga qanday qilib bo'lmasin g'alaba qozonish vazifasini yuklagan.
Uchrashuv arafasida klub a'zolari jamoa bazasiga yig'ilib 24-sentabrdan e'tiboran mashg'ulotlarda ishtirok etishmoqda. Pavel Matus ana shu mashg'ulotlarda faol ishtirok etmoqda.
"Ahvolim hozir ancha yaxshi. O'zimni o'yinga tayyor futbolchidek his qilmoqdaman. Oyog'imdagi jarohat tuzalib ketdi. Samarqandliklarga qarshi o'yinda jamoa darvozasini qo'riqlashimga ishonaman", - deydi turkmanistonlik darvozabon.
Jamoa himoyachisi Azamat Isayev esa, jarohati bois mashg'ulotlarda yakka tartibda shug'ullanayapti. Tahmin qilinishicha, Isayev Tachmurat Agamuratov jamoasiga qarshi uchrashuvni o'tkazib yuboradi.