"œSO‘TKA"ning sohibi kim, malayi-chi? Bugun oramizda uyali telefondan foydalanadiganlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Maktab o‘quvchisidan tortib telefonning qizil yoki ko‘k tugmasini bosishnigina biladigan kishilar ham ushbu aloqa vositasiga ega ekanligini ko‘rib, bunga amin bo‘lamiz. Xo‘sh, xorijdagi rivojlangan mamlakatlarda uyali aloqa vositalarining inson salomatligiga salbiy ta’siri bois ulardan foydalanishda ayrim cheklanishlar qo‘llanilayotgan bir paytda nima uchun bizda mobil aloqa vositalariga bo‘lgan ehtiyoj, yana ham to‘g‘rirog‘i, qiziqish oshib bormoqda?
Nazarimda, bugun qo‘l telefoni foydalanuvchilarining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlar uchun mobil telefonlar aloqa vositasi sifatida unchalik ahamiyatga ega emas. Ularni qiziqtiradigani ko‘proq qo‘l telefonining audiomagnitofon, videokamera, fotoapparat, hatto kompyuter vazifalarini ham bajarish xususiyatiga ega ekanligidir. Demak, mobil telefon ular uchun ovunchoq. Qachon qaramang, telefonda o‘yin o‘ynayotgan yoki qo‘shiq eshitib vaqt o‘tkazyotgan yoshlar fikrimizga misol.
Keyingi paytda maktab o‘quvchilari orasida ham uyali telefondan foydalanish keng urf bo‘layotganligi ayniqsa taajjublanarlidir. Ukam maktab o‘quvchisi. Kunda-kunora sinfdoshlarining qanday mobil telefon ishlatishi, kimda qanday qulayliklarga ega telefon boru, kimning "œsotka"si qancha turishi haqida maroq bilan so‘zlaydi. Boz ustiga, o‘zining ham, albatta, shunday telefondan foydalanishga ishtiyoqi borligini har gal gap orasida qistirib o‘tadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, maktab o‘quvchisiga telefon nima uchun kerak? O‘quvchining qanday muhim ishi borki, uni hal qilishda telefondan foydalanish zarurati tug‘ilsa? Tasavvur qilaylik: o‘quvchi dars paytida o‘qituvchidan bekitib telefon bilan ovora bo‘lyapti. Tabiiyki, bundan uning yonida yoki yon-atrofida o‘tirgan ba’zi o‘quvchilar diqqat-e’tibori ham chalg‘iydi. Agar sinfda bunday bebosh bolalar soni 4-5 nafar bo‘lsa-chi? U holda dars davomida ham, tanaffusda ham, uyda ham o‘quvchilarning o‘rtasidagi muloqot mavzusi shu haqda bo‘ladi. Xulosa esa o‘zingizga ayon bo‘lgandir? Aslida, bunday salbiy holatlarga barham berishda birinchi galda ota-onalardan mulohazakorlik lozim. Negaki, uyali aloqa kompaniyalari mijoziga aylanish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat — pasport bo‘lishi shart. Maktab o‘quvchisi esa tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bilan kompaniya mijoziga aylana olmaydi. Demak, farzandi taqdiriga befarq bo‘lmagan ota-onalar jigarbandiga qo‘l telefoni olib berishdan avval shular xususida o‘ylab ko‘rishi joiz emasmikan?
Yana bir achinarli jihati, nafaqat maktab o‘quvchilari, hatto talabalar ham qo‘l telefonidan kamdan-kam holatda o‘z o‘rnida foydalanmoqdalar.
— Qo‘shiq eshitib dars tayyorlamasam, o‘qiganlarim yodimda qolmaydi, shuning uchun doim qulog‘imda "œnaushnik" bo‘ladi, — deydi bir kursdoshim. Hayron bo‘ldim. Bu nimadan dalolat? Balki uyali aloqa vositasining inson salomatligiga salbiy ta’siridir bu?
Mashhur fantast yozuvchi Stiven Kingdan nima uchun uyali aloqa vositasidan foydalanmasligini so‘rashganida: "œHamma mobil telefon ishlatuvchilar telefonga egalik qilyapman, deb o‘ylashadi. Aslida esa buning aksi, ya’ni telefon insonga egalik qilyapti", deb javob bergan ekan. Darhaqiqat, ertalab telefon ovozi bilan uyg‘onib, kun davomida undan u yoki bu maqsadda foydalansak, hatto uyquga yotishdan oldin ertangi kun rejalarimizni ham unga muhrlab uxlasak, bu ma’lum ma’noda telefonning malayiga aylanayotganimizni anglatmasmikan?! Zero, har ishning o‘z o‘rni bor. Axir dono xalqimiz "œAsalning ham ozi shirin" deb bejizga aytmagan-ku.
Manba