Imom Muslim rivoyatlarida Ubay ibn Ka’b shunday deydilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Makkaning bir mavze’ida edilar. Huzurlariga Jabroil (a.s.) kelib: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga bir harfda o‘qib berishingizni buyurdi», —dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni bir harfda o‘qishga qodir emas», dedilar. Ikkinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga ikki harfda o‘qib berishingizni buyurdi», — dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni ikki harfda o‘qishga ham qodir emas», —dedilar. Uchinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga uch harfda o‘qib berishingizni buyurdi», — dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni uch harfda o‘qishga ham qodir emas», — dedilar. Jabroil (a.s.) to‘rtinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga yetti harfda o‘qib berishingizni buyurdi. Yetti harfdan haysi birida o‘qisalar ham to‘g‘ri o‘qigan bo‘ladilar», dedilar. (Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut. 1-j. 41-42-bet.)
Qur’oni Karimning «yetti harf»da nozil bo‘lganligiga dalolat qiluvchi hadislar mutavotir darajasida bo‘lib, barcha sahih kitoblar, jumladan: Buxoriy, Muslim, Molik, Abu Dovud, Nasaiy, Termiziy va boshqa muhaddislarning «Sahih» va «Sunan»larida ulug‘ sahobalar Abu Hurayra, Ubay ibn Ka’b, Abdulloh ibn Mas’ud, Umar ibn Xattob, Ibn Abbos (r.a.) va boshqalardan rivoyat qilingan.