Abu Lays Samarqandiy aytadilar: «Bilgilki, sening to‘rtta dushmaning bo‘lib, ularning har biri bilan kurashishga muhtojsan. Birinchisi dunyodir. Zero, Alloh: «Dunyo hayoti sizlarni aldab qo‘ymasin», degan. Ikkinchisi nafsing, u dushmanlarning eng yomonidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Dushmanlaringning eng yomoni o‘zingning nafsingdir», deganlar. So‘ngra jinlardan bo‘lgan shaytondirki, Allohdan uning yomonligidan panoh berishini so‘ra. Zero, Qur’oni karimda: «Albatta, shayton sizlar uchun ochiqÂoydin dushmandir», deyilgan. To‘rtinchisi odamlardan bo‘lgan shaytonlardir, ulardan ehtiyot bo‘l. Chunki u jinlardan bo‘lgan shaytondan ham qo‘rqinchliroqdir. Jinlardan bo‘lgan shaytonlar faqat vasvasa bilan adashtirsa, odamlardan bo‘lgan shaytonlar yuzmaÂyuz turib adashtiradi».
Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Alloh taolo shaytonga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga borib, u kishining savollariga javob berishni buyurdi. Shayton hassalik chol ko‘rinishida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi. Shunda ul zot: «Sen kimsan?» deb so‘radilar. «Shaytonman», dedi u. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Nima uchun kelding?» deb so‘radilar. «Alloh meni sizning savollaringizga javob berish uchun yubordi», deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘radilar: «Ey iblis, ummatimdan sening nechta dushmaning bor?» Shayton quyidagicha javob berdi: «O’n beshta. Siz ularning eng avvalisiz. So‘ng odil boshliq, tavozu’li boy, rostgo‘y savdogar, namozlarini xushu’ bilan o‘qiydigan olim, nasihat qiluvchi mo‘min, rahmdil mo‘min, tavbasida sobit turuvchi, haromdan taqvo qiluvchi, davomli tahoratda bo‘luvchi mo‘min, ko‘p sadaqa qilguvchi, xulqi chiroyli mo‘min, odamlarga foydasi teguvchi, Qur’onni yodlab, uni qiroat qiluvchi kishi va odamlar uxlayotganda kechalari turib namoz o‘qiguvchi». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey iblis, ummatimdan do‘stlaring kim?» deb so‘ragan edilar, u: «Zolim boshliq, takabbur boy, xiyonatkor savdogar, mast qiluvchi ichimlik ichuvchi, chaqimchi, riyokor, yetimning molini yeguvchi, namozga beparvo kimsa, molining zakotini bermaydigan boy, orzuÂhavasni ko‘p qiladigan kimsa. Bularning hammasi mening do‘stlarimdir», deb javob berdi.