16-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning ilm ahlini va ikki haram — Makka va Madina aholisini totuvlikka da’vat qilganlari xususida hamda Nabiy sallallohu alayhi va sallam, muhojirlar va ansorlarning Makka va Madinadagi qadam joylari va Nabiy sallallohu alayhi va sallamning namozgoh, minbar va qabrlari haqida
Jobir ibn Abdulloh as-Calamiy rivoyat qiladilar: Bir badaviy islomga sadoqat bildirib Janob Rasulullohga bay’at qildi. Keyin ul xastalanib qolib, Janob Rasulullohning huzurlariga keldida: «Yo Rasulalloh, bay’atimni bekor qilingiz!» — dedi. Janob Rasululloh ko‘nmadilar. Ul yana kelib talab qildi. Janob Rasululloh yana ko‘nmadilar. So‘ng, yana kelib talab qilib erdi, yana ko‘nmadilar. Keyin, badaviy Madinadan bosh olib chiqib ketdi. Shunda Janob Rasululloh: «Madina temirchining bosqoni yanglig‘ odamlarning iflosini puflab chiqarib tashlab, pokizasiga yanada sayqal berg‘aydur» — dedilar».
Ibn Abbos rivoyat qiladilar: "Men Abdurrahmon ibn Avfga Qur’on tilovat qilmoqni o‘rgatar erdim. Ul Hazrat Umar so‘nggi bor haj qilganlarida birga bo‘lgan bo‘lib, menga bunday dedi: «Bugun Amir al-Mo‘mininning huzurlariga kelgan kishini bir ko‘rganingda erdi! O’shal odam: «Yo Amir al-Mo‘minin, siz falonchiga nima yomonlik qilgan erdingiz, ul sizning haqingizda: «Agar Umar o‘lsa, men falonchiga bay’at qilgan bo‘lur erdim!» — dedi. Hazrat Umar darg‘azab bo‘lib: «Inshoolloh, men bugun kechqurun kimlar ig‘vo qilib odamlarni chalg‘itishga urinayotganini barchaga oshkor qilg‘aymen!» — dedilar. Shunda men: «Yo Amir al-Mo‘minin, bunday qila ko‘rmangiz, chunkim hozir haj mavsumi bo‘lib, ko‘plab johil va ig‘voga tez uchadirgan odamlar to‘plangandur, odamlarga so‘zlayotgan vaqtingizda o‘shal toifadagi kishilar sizni qurshab olishib, yengib qo‘yishmasa erdi! Men qo‘rqamenkim, biror nojo‘ya so‘z og‘zingizdan chiqsa, ular ilib olishib. darhol chor atrofga tarqatgaylar va odamlar bunga o‘ylamay-netmay ishonib qo‘ya qolg‘aylar. Sira oshiqmangiz, avval Madinaga eson-omon qaytib boringiz, chunkim bul shahar hijrat va sunnat qarorgohi bo‘lib, ul yerda siz faqihu ashroflar birlan holis suhbat qurib, o‘zingiz aytmoqchi bo‘lgan gaplarni aytgaysiz, ular ersa, gapingizni aql tarozusiga solib ko‘rib, noqis yerlarini tuzatg‘aylar!» — dedim. Hazrat Umar: «Gaping ma’qul, Olloh taolo haqi, Madinaga borishim birlanoq dastlab shul ishni qilgaymen!» — dedilar. Biz Madinaga qaytdik. Hazrat Umar odamlarga: «Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamni haq dinni yuzaga chiqarmoq uchun yuborgandur, ul zotga Kitob nozil qilgandur. Nozil qilgan qavli karimlaridan biri — «Rajm» oyatidur!» — dedilar».