12. O‘sha kun Toshkent tsirki
Bolalar bilan to‘ldi.
Do‘stimiz Amir bilan
Qiziq uchrashuv bo‘ldi.
Oq ayiqchasi bilan
Arenaga chiqdi u
Butun tsirk qarsak chaldi,
Bolalarga yoqdi u,
— Bolalar, Chukotkadan
Keltirdim sizga salom.
Ajib uchrashuv uchun
Rahmat sizga avvalom.
Keldim yangi yil bilan
Qutlash uchun yurtimdan.
Qorbobo ham ha demay
Kelib qolar ortimdan.
Ilk bor Toshkentga keldim,
Men g‘oyatda mamnunman.
Do‘stlarim, shahringizning
Jamoliga maftunman.
Juda ko‘p eshitganman
Shahringiz ta’rifini.
Kitobdan o‘qiganman
Yurtingiz tarixini.
Ermitajda ko‘rgandim
Xorazm ko‘zasini,
Chochning kamoni bilan
Keshning mo‘’jizasini.
Mening havasim kelar,
G‘urur bilan maqtaning —
Dunyoga dong‘i ketgan
O‘zbek tergan paxtaning.
Izzatli mehmon bo‘ldim
O‘zbeklarning uyida.
Kuni kecha qatnashdim
Mahallaning to‘yida.
Qishning chillasida ham
Tarvuz-qovun so‘yishdi.
Dasturxonga nok, uzum,
Olma, anor qo‘yishdi.
Qirday-qirday qor uyulgan
Qirlar mening vatanim.
Tog‘day-tog‘day muz uyulgan
Yerlar mening vatanim.
Qorga qolgan ish muzlaydi,
Ayoz urib qish muzlaydi,
Uchgan mahal qush muzlaydi,
Qorlar mening vatanim.
Bo‘ron-sehrgar shomon,
Sovuq izillar yomon,
Shamol kuylagan zamon
Zorlar mening vatanim.
Qutb kechasi tong otmas,
Yuz kunda bir kun o‘tmas,
Quyosh umuman botmas,
Porlar mening vatanim.
Bo‘yin egmaymiz qishga,
Tishni bosamiz tishga,
Odamlarni yumushga
Chorlar mening vatanim.
Xalqimiz qishloqlarda
O‘tov qurib yashaydi.
Muzeyda o‘tovingiz
Biznikiga o‘xshaydi.
O‘rmonda sarv, qarag‘ay,
Osmonda yulduzlar ko‘p.
Oyna kabi ko‘llarda
Zarafshon qunduzlar ko‘p.
Urchuq eshar, o‘rmak to‘qir
Qo‘li gul chevar qizlar.
Bug‘u ko‘p — poda boqib,
Baliq ovlaymiz bizlar.
Bizning bolalar uchun
Muhimdir sport, mehnat.
Ishyoqmaslar bor, biroq
Hayotda chekmas zahmat.
Brakoner-tekinxo‘rlar —
Tabiatning dushmani.
Jazolanar beshafqat
Darhol qo‘lga tushgani.
Biz yovuz dushmanlardan
Asraymiz jamiyatni.
Sergak qo‘riqlagaymiz
Onamiz — tabiatni.