V. 1) Usulud-din: Bu ilm kalom ilmi ham deyiladi. Mufassir kalom ilmini yaxshi bilsagina, Allohning zoti, sifatlari, Unga nima loyiq, nima loyiq emas, dalillar bilan gapirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2) Usulul-fiqh: Mana shu ilm bilan oyatlardan ahkomlarni chiqariladi, dalillarni keltiriladi. Ijmol, taqyid, umum, xusus, amr va nahiyning dalolati va boshqa zaruriy narsalar shu ilm bilan hal qilinadi.
3) Asbobunnuzul: Bu ilm bilan oyatlardagi Allohning murodi tushuniladi.
4) Qissalar ilmi: Bu ilm bilan Qur’on oyatlaridagi mujmal ma’nolar ravshanlashadi.
5) Nosix va mansux: Bu ilm bilan Qur’on oyatlarining muhkam yoki yo‘qligi o‘rganiladi. Mufassir agar nosix va mansux oyatlarini bir-biridan ajratmasa, mansux oyat asosida hukm chiqarib qo‘ysa, o‘zi ham, tobe’lari ham zalolatga ketadi.
6) Hadislar: Mufassir oyatlarning mujmali va mubhamini aniqlab beruvchi hadislarni yaxshi bilishi kerak.
7) Ilmul-mavhiba: Bu ilm laduniy ilm bo‘lib, Alloh Ta’olo tomonidan bilganiga amal qilgan kishilarga ato qilinadigan sovg‘adir. Alloh Ta’olo oyati karimada shu ilmga ishora qilgan:
وَاتَّقُوا اللَّهَ وَيُعَلِّمُكُمُ اللَّهُ
"Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga ta’lim beradi ". (Baqara, 282)Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham:
"Kim bilgan ilmiga amal qilsa, Alloh unga bilmagan ilmini nasib etadi",— degan so‘zlari bilan ilmi laduniyga ishora qilganlar.