OLOVDA BIRINCHI YONADIGANLAR
Valid ibn Abu Valid va Abu Usmon al-Madaniydan Uqba ibn Muslim rivoyat qiladi:
"œBir safar Madinaga borganimda xalqning bir odam atrofida to‘planganini ko‘rib:
— Bu odam kim? — deb so‘radim.
— Abu Hurayra, — deyishdi.
Shundan so‘ng uning yoniga borib o‘tirdim. Abu Hurayra yig‘ilganlarga va’z aytardi. So‘zlarini tugatganidan so‘ng, jamoat tarqalgach, unga:
— Alloh roziligi uchun, agar Janobi Payg‘ambarimizdan eshitib, xotirangda yaxshi saqlangan hadis bo‘lsa, menga aytib ber, — dedim.
Abu Hurayra:
— Mayli, Rasuli akramdan eshitgan va yaxshi eslaydiganim bir hadisni aytaqolay, — dedi-yu, hushidan ketib, yerga yiqildi. Anchadan keyin o‘ziga kelib, yana:
— Janobi Rasulullohdan eshitgan va yaxshi eslaydiganim bir hadisni senga aytib beray, dedi-yu, takror behush holda yiqildi.
Tag’in o‘ziga kelgach:
— Ha, ha, senga Payg‘ambarimizning o‘zlari bilan mendan bo‘lak biror kimsa yo‘qligida aytgan hadislarini so‘zlayin, — dedi va bu safar yanada qattiqroq behush bo‘lib, yuzi bilan yerga yiqildi.
Uni yelkalaridan ushlab, ko‘kragim bilan suyadim. Nihoyat hushyor tortib, yuz-ko‘zini ishqalaganidan so‘ng, quyidagilarni aytdi:
— Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, o‘shanda marhamat qildilarki, Alloh taolo qiyomat kuni hammani hisob-kitob qiladi. To‘planganlar tiz cho‘kkan ko‘yi, navbatini kutadilar. Eng avval uch toifa odam chaqiraladi: Qur’onni ko‘kragida jamlagan kishi, mol-dunyosi ko‘p bo‘lgan kishi va shahid bo‘lgan kishi.
Alloh taolo Qur’onni yod olgan kishidan:
— Payg‘ambarga nozil etilganlarni senga o‘rgatmadimmi? — deb so‘raydi.
— Menga bildirding, yo Rab.
— Senga o‘rgatilgan ilmga muvofiq harakat qildingmi?
— Ha, yo Rabbim! Men kecha-kunduz Senga ibodat qilardim.
Alloh taolo:
— Yolg‘on gapiryapsan, — deydi.
— Sen yolg‘on gapiryapsan, — deyishadi farishtalar ham.
Alloh taolo:
— Boshqalarning: "œFalonchi o‘qigan odam, ilmli", deb maqtashlari uchun o‘qib-o‘rgangan eding. Seni shunday deyishdi ham, — deydi.
Undan keyin mol-dunyosi ko‘p bo‘lgan kishi o‘rtaga olib chiqiladi. Alloh taolo undan:
— Men senga yetarlicha mol-dunyo bermadimmi, hatto hech kimga muhtoj bo‘lmaydigan darajada seni boy qilib qo‘ymadimmi? — deb so‘raydi.
— Ha, yo Rabbiy, — deya javob beradi u odam.
Alloh taolo:
— Senga berilgan molni nima qilding, qanday sarflading? — deb so‘raydi.
— Qarindoshlik haqlariga rioya etdim, sadaqa qildim, muhtojlarga yordam berdim.
Alloh taolo:
— Yolg‘on gapiryapsan, — deydi.
Farishtalar ham:
— Yolg‘on gapiryapsan, — deyishadi.
Alloh taolo:
— Sen "œOdamlar meni saxiy deb atasin" deya shunday qilarding. Seni shunday atashdi ham.
Shundan so‘ng shahid bo‘lgan kishi olib kelinadi. Janobi Haq undan:
— Sen nima uchun o‘ldirilding? — deb so‘raydi.
— Yo Rabbiy, Sening yo‘lingda qurbon bo‘ldim.
Alloh taolo unga:
— Yolg‘on aytyapsan, — deydi.
— Yolg‘on so‘zlayapsan, — deyishadi farishtalar ham.
Alloh taolo unga deydi:
— Mening amrimni ado etish uchun emas, odamlarning: "œFalonchi jasur ekan" deyishlari uchun kurashding. Odamlar seni shunday deyishdi-ku".
Abu Hurayra, roziyallohu anhu, davom etib, aytdiki: "œJanobi Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, shundan keyin, mening tizzamga urib:
— Ey Abu Hurayra, qiyomat kuni Allohning maxluqlaridan jahannam olovida birinchi yonadiganlari ana shu uch odamdir, — dedilar".