Jalil shom chog‘i kirib keldi. Asadbek qorong‘i uyda, pisillagan tanchada qunishib o‘tirardi. Do‘stining salomiga javoban bir qarab qo‘yib, lom-mim demay o‘tirgan yerida qo‘l uzatdi. Jalil Asadbek yo‘qlayotganini eshitiboq noxush voqea yuz berganini sezgan, «Nimaga? Nima bo‘ldi?» deb o‘tirmay, norin to‘g‘rashni ham yig‘ishtirib, chaqqon otlangan edi. Oshnasining qunishib o‘tirganini ko‘rib, xunuk voqea yuz berganiga ishonch hosil qildi. Shu sababli ham Asadbekdan ranjimadi. Boshqa payt bo‘lganida «Azroilning qavmidan bo‘lsang o‘zingga, men bilan odamga o‘xshab so‘rash!» deb bobillab berardi. Asadbekka bu yorug‘ olamda shu Jalil bas kelib tik gapira oladi. Jalil kezi kelsa otasini ham ayamaydigan, gapirganda ham hamisha baland pardada oladigan toifadan. Burni bir oz puchuq, yuzi dumaloqdan kelgan, qalin qora qoshli bu odam xunuk ko‘rinsa-da, bejirim burun, bejirim lab, bejirim yuzli odamlarga nisbatan istaraliroq edi. Lekin u Asadbekka yaqin bo‘lgani uchun a’yonlar ham astoydil uni hurmat qilishadi, desak adashamiz. Hurmatning sababi boshqa: hayotning qaltis o‘yinlarida ishtirok etayotgan, hamisha tig‘ ustida yurib, ertaga kimning qahriga uchrashi-yu, kimning fatvosi, kimning qo‘li bilan umrlariga nuqta qo‘yilishini bilmay hamisha xatarda yashaydigan a’yonlar bu beg‘ubor odamning rost gaplarini eshitganlarida o‘zlarini dunyo tashvishlaridan bir oz forig‘ bo‘lganday his etardilar. Ammo Xudoning bu adashgan bandalari inson umri faqat yaxshi gaplar uchun, yaxshi ishlar uchun berilganini anglab yetmas edilar. Asadbekning yurak ko‘zini alam, qasos o‘ti ko‘r qilgan, ularning aksari esa mol-dunyo, shuhrat, maishat ilinjida ojiz edilar. Jalil buni bilgani uchun ham ularni ayamas edi. To‘g‘ri, ba’zan u quyushqondan chiqadi. Ularning, hatto Asadbekning ham hamiyatiga tegadi. Shunday bo‘lsa-da, uni kechirishadi. Boshqa odam Jalilning tilidan uchgan gaplarni aytib yuborsami — hukm tayin. Ammo Jalil bu davrada, o‘z iborasi bilan aytganda «shaytonsaroy»da, moziy yodgorxonasining qirilib ketayotgan pokizalik ramzi sifatida saqlanuvchi anjomi kabi asraladi.