IKKINCHI JUZ’
*************************
142. Odamlardan aqlsizlari: «Ular (musulmonlar)ni ilgari qaragan qiblalaridan qanday narsa yuz o‘girtirdi?» — deydilar. Ayting: «Mashriq ham, Mag‘rib ham Allohnikidir. U O’zi xohlagan kishilarni haq yo‘lga hidoyat qiladi». I z o h .
Musulmonlar Madinaga kelgan dastlabki davrlarda Quddusga qarab namoz o‘qir edilar. Quddus yahudiylarning qiblasi bo‘lgani uchun musulmonlar ham o‘sha tarafga qarab ibodat qilayotganlaridan ular juda g‘ururlanib yurardilar. Qachonki musulmonlarga Makka tarafga yuzlanib sajda qilish buyurilganda yahudiylar yuqoridagi so‘zlarni aytdilar. 143. Shuningdek (ya’ni haq yo‘lga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik. I z o h .
Rivoyatlarga qaraganda, Tangri taolo qiyomat kunida har bir payg‘ambarni o‘z ummatlari bilan ro‘baro‘ qilib, ulardan: «Bu payg‘ambarim sizlarga mening amru farmonlarimni to‘la yetkazdimi?» — deb so‘raganida, ular: «Yo‘q», deb javob qilishar, payg‘ambar esa: «Yetkazganman», der ekan. Undan guvoh so‘ralganida: «Muqammad alayhis-salom va u zotning ummatlari guvohlarimdir»,— deydi. Shunda Muhammad payg‘ambarni ummatlari bilan hozir qilinib; «Mana bu payg‘ambar o‘z vazifasini to‘la ado etganmi?» - deb so‘ralganida, ular: «Ha, o‘tgan barcha payg‘ambarlar o‘z elchilik burchlarini to‘la ado etganlar. Bizga bu haqda payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom xabar keltirganlar»,— deyishadi. Shuning uchun mazkur oyatda musulmonlarga qarata: «Odamlar ustida guvoh bo‘lasiz»,— deyildi. Siz ilgari qaragan qiblani Biz faqatgina kim payg‘ambarga ergashib, kim orqasiga qaytib ketishini bilish uchun qilganmiz, xolos. Shubhasiz, bu og‘ir ish. Magar Alloh hidoyat qilgan zotlargagina (og‘ir emasdir). Alloh iymonlaringizni (ya’ni, iymon bilan o‘qigan namozlaringizni) zoe qilguvchi emas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir. I z o h .
Arablar uchun Ka’ba Ibrohim payg‘ambar zamonlaridan buyon muqaddas sanalar edi. Muhammad alayhis-salom Madinaga hijrat qilishidan ilgari musulmonlar mana shu Ka’baga yuzlanib ibodat qilardilar. Madinaga ko‘chganidan keyin esa ularning iymonlarini sinash uchun boshqa tarafga — Quddusga qarab namoz o‘qish buyurildi. Hijratning o‘n yettinchi oyida qaytadan Makkaga yuzlanishga amr qilinib quyidagi oyat nozil bo‘ldi. 144. Goho yuzingiz samoda kezganini ko‘ramiz. Bas, albatta Biz sizni o‘zingiz rozi bo‘lgan qiblaga buramiz. Yuzingizni Masjid-al-harom (Makka) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qaerda bo‘lsangizlar, yuzlaringizni uning tarafiga buringiz! Kitob berilgan zotlar albatta buning Parvardigorlari tomonidan (kelgan haq hukm) ekanini biladilar. Alloh ular qilayotgan amallardan g‘ofil emasdir.
145. Qasamki, agar Siz kitob berilgan kimsalarga bor mo‘‘jizalarni keltirsangiz ham ular qiblangizga boqmaydilar. Siz ham ularning qiblasiga boquvchi emassiz. Ular (yahudiy va nasroniylar)ning birovlari birovlarining qiblasiga boquvchi emas. Agar farazan Sizga kelgan bilim (vahiy)dan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsangiz, u holda shubhasiz zolimlardan bo‘lib qolasiz.