236. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin, Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qildi. Aytdilar: «Alloh uchun tavozu’da bo‘lgan kishining darajasini Alloh taolo ko‘taradi».
Umardan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilindi. U kishi aytdi: «Tavozu’ning boshi musulmonlardan uchragan kishiga salom bilan boshlashingdir va majlisda kaerga kelgan bo‘lsang, o‘sha (bo‘sh) joyga o‘tirmoqlikka rozi bo‘lishingdir, yaxshilik va taqvoni gapirib yurmoqni yomon ko‘rishingdir».
Faqih aytadi: Biling! Kibr kofirlarning va fir’avnlarning axloqidandir. Tavozu’ esa, payg‘ambarlar va solihlarning axloqidandir. Chunki, Alloh taolo kofirlarni kibr bilan sifatladi. Chunki ular o‘zlariga:
«Hech qanday iloh yo‘q, magar yolg‘iz Allohgina bordir», deyilgan vaqtda kibr-havo qilgan edilar» (Vas-saffot, 35). Va aytdi:
«Horun, Fir’avn va Homonni ham (halok qildik). Darhaqiqat, Muso ularga (o‘zining payg‘ambar ekanligini dalolat qiladigan) aniq hujjatlar keltirganida, ular yer (yuzi)da kibru havo qildilar va (bizning azobimizdan) qochib qutilguvchi bo‘lmadilar» (Ankabut, 39). Va aytdi: «Albatta, Menga ibodat etishdan kibr-havo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar» (G‘ofir, 60).
Va aytdi: «Aytildi:
«Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o‘sha joyda mangu qolursizlar!» Bas kibr-havo qilguvchi kimsalarning joylari naqadar yomondir!» (Zumar, 72). Va aytdi: «Albutta, ul Zot mutakabbir kimsalarni sevmas» (Nahl, 73).
Albatta, Alloh taolo tavozu’ ahlini maqtadi va aytdiki: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradiganlardir» (Furqon, 63). Ya’ni tavozu’lilarni Alloh maqtadi va Payg‘ambar (s.a.v.) ham tavozu’li bo‘lishlikka amr qildilar. «Mo‘minlar uchun qanotingizni past tuting» (Hijr, 88) va yana: «O‘zingizga ergashgan mo‘min bo‘lgan kishilar uchun qanotingizni past tuting (ya’ni, ularga xushxulq bilan kamtarona muomalada bo‘ling)» (Shuaro, 215). Va yana Alloh taolo Payg‘ambarning (s.a.v.) xulqlarini maqtadi: «Albatta, Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz» (Qalam, 4). U kishining xulqlari kamtarinlik edi. Chunki kelgan xabarlarga ko‘ra, u kishi eshak minardilar, qullar chaqirishsa, borardilar. Albatta, kamtarinlik xulqlarning yaxshisi ekanligi isbot bo‘ldi. O‘tgan solihlarning xulqlari ham kamtarinlik edi. U zotlarga ergashishimiz vojib bo‘ladi. Hammalaridan Alloh rozi bo‘lsin.
Zikr qilindi: «Umar ibn Abdulazizning uyiga bir kuni mehmon keldi. Xufton namozini o‘qigandan keyin, bir narsa yoza boshladi. Mehmon oldilarida ekan, chiroqning nuri xiralashib qoldi. Mehmon: «Ey amiral mo‘minin, men men turib chiroqqa yog‘ to‘ldirayinmi?» deb so‘radi. Umar: «Mehmoniga bir ish qildirmog‘i kishining odamgarchili-gidan emas», dedi. Mehmon: «Xizmatchini uyg‘otayinmi?» dedi. Umar: «Yo‘q, u hozirgina uyquga ketdi», dedi. So‘ngra o‘zi turib, yog‘ idishdan yog‘ni olib, chiroqni to‘ldirdi. Mehmon: «O‘zingiz to‘ldirdingiz-ku, ey amiral mo‘minin», dedi. Umar ibn Abdulaziz: «Men turganimda ham Umar edim, qaytib kelib o‘tirganimda ham o‘sha Umarman. Odamlarning yaxshisi Alloh nazdidagi kamtarin kishilardir», deb javob qildi».
Qays ibn Abu Hozim rivoyat qiladi: «Umar ibn Xattob Shomga keldi. U kishini shahar olimlari va kattalari kutib oldilar va aytdilarki: «Ey amiral mo‘minin! Egarlangan xachirga mining, odamlar sizni ko‘radi». Umar aytdi: «Ular amirni yerdan ko‘radilar. Holbuki, amir u yerdadir», deb qo‘llari bilan osmonga ishora qildi keyin aytdi: «Menga teginmanglar».
Boshqa rivoyatlarda shunday deyiladi: Umar bilan g‘ulomi bir tuyani almashib minib ketishardi. Hazrat Umar tuyaga minsa, xizmatchisi tuyaning yuganidan olib yetaklardi. Bir farsax miqdor yursa tushardi va xizmatchi minardi. Umar yuganni olib yetaklardi. Tuyaga minish navbati g‘ulomga yetib, tuyaga mindi va Umar tuyaning yuganini olib yetakladi. Bir farsax yurdilar, vaqtiki Shomga yaqin qolganida xizmatchisining navbati kelib qoldi. Xizmatchi mindi. Umar yetakladi. Ularning oldidan yo‘lda suv chiqib qoldi. Umar suvdan o‘ta boshladi. Bir qo‘li bilan tuyaning yuganini ushlab olgan va etiklari esa chap qo‘ltig‘ining ostida edi. U kishining oldiga Abu Ubayda ibn Jarroh chiqdi. U kishi Shomga amir edi. Ubayda ibn Jarroh aytdi: «Ey amiral mo‘minin! Shomning ulug‘lari oldingizga peshvoz chiqyaptilar. Bu holda sizni ko‘rishlari yaxshi bo‘lmaydi». Umar, Alloh undan rozi bo‘lsin, aytdi: «Alloh bizlarni Islom bilan aziz qildi. Odamlarning gaplariga parvo qilmaymiz».
Salmon Forsiydan zikr qilindi: U kishi Madoin shahrida amir edi. Shu shaharning ulug‘laridan biri bozordan bir narsa sotib oldi. Salmon Forsiy o‘tayotganda, uni Islomga kirmagan ajamlik kishi deb o‘ylab: «Ey, bu yerga kel, buni ko‘tarib ol!» dedi. Salmon Forsiy ko‘tarib oldi. U kishidan odamlar: «Alloh amirni isloh qildi: Bizga bergin, biz ko‘taramiz», deyishdi. Salmon Forsiy bosh tortdi. Haligi kishi o‘ziga aytardi: «Sho‘rim qursin! Nima uchun amirga yukimni ortdim?» Shundan so‘ng uzr so‘radi: «Men sizni tanimabman, Alloh sizni isloh qildi», dedi. Salmon: «Boraver», dedi. Uning uyiga bordi va yukini tashladi. Keyin haligi kishi: «Hech qachon, hech kimga yukimni tashitmayman», dedi.
Ammor ibn Yosirdan rivoyat qilindi. U kishi Kufada amir edi. Baqqolning do‘koniga chiqib, yeydigan narsalar sotib oldi. Keyin bu narsalarni ziyoda qilishni so‘radi. Poxoldan bo‘lgan xalta oldi, bir tomonini sotuvchi oldi. Keyin u xaltani to‘ldirib, Ammorning orqasiga qo‘ydi va u kishi yukni uyiga olib ketdi.
Abu Hurayradan rivoyat qilindi, Alloh undan rozi bo‘lsin. U kishini Umar ibn Xattob Bahraynga amir qilib yubordi. U kishi Bahraynga eshakda kirib bordi. Yo‘lda xaloyiqqa qarab: «Amirning yo‘lini bo‘shatinglar, amirning yo‘lini bo‘shatinglar», deb aytib borardi.
Bu zotlar Payg‘ambarning (s.a.v.) sahobalaridan edilar. Xulqlari kamtarinlik edi. Ular bandalar oldida ham, maloikalar oldida ham, Allohning nazdida ham aziz zotlar edilar.