298. Hasan (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: Sahobalar u zot sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdiki: "Agar bizlar bir narsani ko‘rib, xohlab, uni olishga kuchimiz yetmasa, bizga ajr bormi?" Rasululloh aytdilar: "U bilan ajr olmasanglar, nima bilan ajr olasizlar".
Zahhok aytadilar: "Kim bozorga chiqib, bir narsani ko‘rib, o‘sha narsaga havasi kelsa va ololmaganiga sabr qilsa, bu ishi o‘n ming dirhamni Alloh yo‘lida infoq qilishdan yaxshidir".
Faqih aytadilar: Kambag‘allarning ulug‘ligiga Allohning bu so‘zi dalildir:
" (Ey mo‘minlar), namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni ato etinglar va payg‘ambarga bo‘ysuninglar, shoyad rahmatga erishsanglar" (Nur,56). Ya’ni, Menga ibodat qilinglar, kambag‘allarga zakotlaringizni beringlar, deb Alloh taolo o‘zining haqqi bilan kambag‘allarning haqqini yonma-yon sanayapti.
Aytilishicha, kambag‘al — boyning tabibi, uning oqlovchisi, elchisi, qo‘riqchisi, shafoatchisi.
Tabibi deyilishiga sabab — boy kasal bo‘lib, kambag‘allarga sadaqa qilsa, kasalidan tuzaladi. Oqlovchisi degani — boy unga sadaqa bersa, kambag‘al duo qiladi, boy gunohlardan pok bo‘ladi va molini ham poklaydi. Elchisi degani — boy o‘lgan ota-onasi yoki qarindoshlaridan biri uchun sadaqa qilsa, sadaqasining savobi o‘likka yetadi, demak, kambag‘al kishi boy bilan o‘tganlarning orasida elchilik qiladi. Qo‘riqchisi degani — boy sadaqa qilsa, faqir uning haqqiga duo etadi, kambag‘alning duosi bilan boyning moli qo‘riqlanadi.