Tunda soy bo'yi ham ko'rkam ham vahimali bo'ladi. O'tloqning u yer, bu yerida o'tlab yurgan otlar qorayib ko'rinardi. Hammayoq jimjit. Otlar shabnam ingan o'tlarga to'yib, dam-badam pishqirishar va yengil mudrashardi. Sal narida Gurkirov suvi quturib, mayda tol novdalarini egib, toshlarni yumalatib, sokin tun jimligini buzib, go'yo yer qa'ridan otilib chiqayotgandek dahshat bilan sharillab oqardi. Shunday kechalarda men doim Doniyorni eslardim. "Darvoqe, Doniyor qayerda qoldi ekan?" deb so'rardim o'zimdan-o'zim. U doim o'zi yakka suv bo'yidagi pichan g'aramlari ustiga borib yotardi. "Nima balo u kechasi qo'rqmaydimi? Suvning sharillashidan qulog'i bitmaydimi? -- degan fikr xayolimdan o'tardi -- U xozir ham uxlayotganmikin, yo uyg'oqmikin. Tavba, yolg'iz suv bo'yiga borib yotishning nima xojati bor ekan, nima halovati bor? Qiziq sira odamlarga qo'shilmaydi-ya. U xozir qayerda ekan? -- deb atrofga nazar tashlab, quloq solaman, hammayoq jimjit.
Qirg'oq bo'ylab cho'zilib ketgan tog' etaklariga qorong'ulik cho'kmoqda, osmonning u yer-bu yerida yulduzlar miltillab ko'rinmoqda. Ovulga kelganiga bir necha kun bo'lsa ham o'zini chetga tortib, hech kimga qo'shilmay yurgan Doniyor oshna-og'ayni orttira olmadi. Birovga yondoshmas, janjallashish, tortishish nima ekanligini bilmas, birovga yaxshi ham gapirmas, yomon ham gapirmas edi. Ovulga yaxshilik ham qilib, yomonlik ham qilib, yig'ilishlarda so'zlab, to'y-ma'rakalarda qariyalar bilan yonma-yon o'tirib, elning issiq-sovug'iga aralashib yurgan o'ktam yigitlar qadr-qimmatli bo'lib darrov og'izga tushadigan, xotin-qizlarimizning nazariga ilinadiganlar ham shular bo'lardi.
Doniyorga o'xshab ertadan-kechgacha ter to'kib ishlaydigan, lekin o'zini boshqalardan chetga olib yuradigan, o'zi bilan o'zi bo'lib, birovga foydasi ham, zarari ham tegmaydigan kishilar to'g'risida "Bir amallab kun ko'rib yurgan bechora-ku" deyishardi. Bizlarga o'xshagan o'zibilarmon, mahmadona bolalar esa haligidek chinakam, asl yigitlardek bo'lishni xavas qilib, Doniyorni yuz-kozi oldida bo'lmasa ham, orqasidan mazax qilardik. Uni ko'ylagini o'zi yuvganiga ham kulardik. U harbiydan bitta ko'ylak bilan kelganligi uchun ham, uni qurir-qurimas kiyib olardi. Biroq qizig'i shundaki, Doniyor mo'min-qobil bo'lsa ham, biz u bilan bemalol, botinib gaplasha olmasdik. Gap unin kattaligida emas edi, albatta. Chunki u, nari borsa akalarim bilan teng edi. Shuning uchun ham biz u bilan sansirab gaplashardik. Nima, o'zimizni pastga urarmidik. Garchi Doniyor ulug'sfat bir odam bo'lmasada, uning shunday hech kim bilan gapirishmay, vazmin yurishida qandaydir bir xosiyat bordek, sho'x, shayton bolalar undan xayiqib turishardi.