313-FATVO
Bemor namozxon qiroat, tasbeh va tashahhudni xuddi sog‘lom odamdek o‘qiyveradi. Faqat o‘tirib-turish, ruku’, sajdalarda farq qiladi. Bordi-yu, mazkurlarni o‘qishga ham toqati yetmasa, ularni o‘qimay, faqat imo-ishora bilan kifoyalanadi.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya»
314-FATVO
Bemor kishi qiblaga o‘girilib olishga kuchi yetmasa yoki yordam beradigan odam ham topa olmasa, qaysi tomonga qarab namozini o‘qisa ham bo‘laveradi. Keyin qayta o‘qimaydi. Ammo qiblaga qaratib qo‘yadigan odam bo‘la turib, undan yordam so‘ramay, boshqa tomonga qarab o‘qigan namozi durust emas.
Shuningdek, bemor yotgan to‘shak nopok bo‘lsa va uni o‘zi almashtira olmasa, yordam beradigan odam ham bo‘lmasa, o‘sha to‘shakda namozini o‘qiyveradi. Biroq, odam topsa, albatta, undan yordam so‘rashi shart. Aks holda namozi nodurust hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Muhit»