377-FATVO
Oy tutilganda ham xuddi Quyosh tutilgandagi kabi ikki rak’at nafl namozi o‘qiladi. Faqat bunda jamoat bilan emas, balki har kim o‘zi yakka holda o‘qiydi. Shuningdek, qattiq shamol, bo‘ron ko‘tarilganda, qor yoki yomg‘ir tinmay qattiq yogaverganda, osmon qizarib ketganda, kunduzni zulmat qoplaganda yoki biror kasallik ommaviy ravishda tarqalganda, zilzilada, chaqmoq ko‘p chaqqanda, yulduzlar ko‘p uchganda, tunda ortiqcha yorug‘lik paydo bo‘lganda, dushmandan xavf kuchayganda ham ikki rak’at nafl namoz o‘qib, Allohdan najot so‘rash tavsiya etiladi. Oy tutilganda va yuqorida eslatilgan holatlarda jamoat bilan emas, balki har kim o‘z uyida o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Sirojiya», «Tabyin»
378-FATVO
O’lim tushagida yotgan og‘ir bemor o‘ng tomoni bilan yotqizilib, yuzi qiblaga qaratib qo‘yiladi. Bu sunnatdir. Osmonga qaratib yotqizib, boshi ostita yostiq qo‘yib, tizzalari ko‘tarib qo‘yilsa ham joizdir. Lekin bu ikki xil yotqizishda bemorga noqulaylik tug‘iladigan bo‘lsa, o‘z holicha qoldiriladi.
O’limi yaqinlashganining belgilari — oyoqlari bo‘shashib ketganidan tizzasini ko‘tarib yota olmasligi, burnining egri shaklga kirishi, yuzining rangi o‘chib, terisining bo‘shashib ketishi va hokazo. Shu kabi alomatlar paydo bo‘lishi bilan unga kalimai shaxodat talqin etiladi. Ya’ni, unga eshittirib, «Ashhadu allo iloha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh» kalimalari o‘qib turiladi. Bu mustahab amallardandir. Lekin bemorga «Ayt!» - deb qistalmaydi. Agar bir marta bo‘lsa ham aytsa yoki g‘arg‘ara qila boshlasa talqin to‘xtatiladi.
«Muxtasar», «Olamgiriya», «Hidoya», «Javhara»