Qo'rboshi tizzasi ustiga ko'ndalang ko'yg'an qilichining ikki tarafidan bosib, bir qo'zg'alib qo'ydi:
— Bali, bali, mulla Homid, munday og'aynilarning sadaqasi ketsang ham arzir, — dedi, tomoqlarini qirib qo'ydi.— Shu kunlarda o'g'ilchalarning yoshi etib, sunnati nabiyunani bajo keltirish taqozo etadir... To'y keraklaridan ko'pini tadorik qilg'an bo'lsam ham, yetishmagan yerlari ham ko'b. Shuni sizning kelishingiz oldida o'ylab o'lturar edim...
— Bek aka,— dedi Homid va tusiga yasama kulish chiqardi; — siz achchig'lansangiz ham aytay: beklar zoti kishiga sira ham oshna bo'lmas ekanlar. Ayniqsa siz hamon o'zinggizning beklig'ingizga borib, istig'nongizni eskicha olib borasiz. Boshingizda shunchalik qayg'ingiz bo'lur emish-da, bir og'iz menga aytmas emishsiz?
Qo'rboshi Homidning zakovatiga qoyil bo'lib iljaydi:
— Yo'q, yo'q, mulla Homid, — dedi, — bu yoqda gap bor: hukumat xizmatida turganingdan keyin yuz yoqning mulohazasini qilar ekansan...
— Tuzik, bek aka, ammo manim oshnachilig'im tamom boshqacha-dir,—dedi Homid va yonchig'ini chiqarib bir qo'lidan ikkinchi qo'liga oltinlarni sanab tushira berdi.