Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486257 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 ... 128 B


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:42:47

904/5. Abu Abdulloh Usmon ibn Abul Osiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. U zot o‘zlariga kasallik yetganidan Rasulullohga shikoyat qildilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) u zotga: «Og‘riyotgan yeringga qo‘lingni qo‘y, «Bismilloh»ni uch marta aytib:
«A’uzu bi’izzatillahi va qudrotihi min sharri ma ajidu va uhaziru», deb yetti marta o‘qi», dedilar. (Ma’nosi: Allohning izzati va qudrati ila o‘zimda topadigan va hazar qiladigan narsaning yomonligidan panoh tilayman.) Imom Muslim rivoyatlari.

Foyda: Kishi o‘ziga-o‘zi, hadisda kelgan duolar bilan dam solishi mahbubligi ma’lum bo‘ladi.

905/6. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim kasal ko‘rgani borganida, agar ajali yetmagan bo‘lsa, uning huzurida yetti marta:
«As`alullohal ‘aziym Rabbal ‘arshil ‘aziym an yashfiyaka», desa, Alloh taolo uni kasalidan xalos qiladi», dedilar. (Ma’nosi: Ulug‘ Allohdan, buyuk arsh Rabbidan senga shifo berishini so‘rayman.) Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:42:56

906/7. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bir a’robiyni kasalligida ko‘rgani kirdilar. Agar kasal ko‘rgani kirsalar:
«La ba`sa tohurun inshaalloh» (Zarari yo‘q, inshaalloh, bu kasallik seni poklaydi), deb aytish u zotning (s.a.v.) odatlari edi. Imom Buxoriy rivoyatlari

907/8. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Jabroil (a.s.) Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, tobingiz yo‘qmi?» deb so‘radilar. Rasululloh (s.a.v.) «Ha», deb javob berganlarida, Jabroil (a.s.): «Bismillahi urqiyka, min kulli shay`in yu`ziyka, min sharri kulli nafsin av ‘aynin hasidin, Allohu yashfiyka, bismillahi urqiyka», deb aytdilar. (Ma’nosi: Allohning ismi ila dam solaman. Har bir aziyat beruvchi narsadan, har bir nafsning yomonligidan yoki hasad qiluvchi ko‘zdan Alloh sizga shifo bersin. Allohning ismi bilan sizga dam solaman.) Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:43:06

908/9. Abu Said al-Xudriydan va Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu ikkovlari Rasulullohning (s.a.v.) quyida aytgan so‘zlariga guvoh bo‘lishdi: «Kimki «La ilaha illallohu vallohu Akbar» (ya’ni Allohdan boshqa iloh yo‘q, Alloh ulug‘), desa, uni Rabbi tasdiqlab: «Mendan boshqa iloh yo‘q. Men ulug‘dirman», deydi. Agar banda: «La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu» (ya’ni yakka Allohdan boshqa iloh yo‘q, uning sherigi ham yo‘q, desa, Rabbi: «Yakka Mendan boshqa iloh yo‘q, Mening sherigim ham yo‘q», deydi. Agar banda: «La ilaha illallohu lahul mulku va lahul hamdu» (ya’ni Allohdan boshqa iloh yo‘q, mulk va maqtov uning uchundir), desa, Rabbi:
«Mendan boshqa iloh yo‘q. Mulk va maqtov Men uchun», deydi. Agar banda: «La ilaha illallohu vala havla vala quvvata illa billah» (Allohdan boshqa iloh yo‘q va Allohdan boshqa o‘zgartiruvchi ham, quvvat ham yo‘q), desa, Rabb: «Mendan boshqa iloh yo‘q. Va Mendan boshqa o‘zgartiruvchi ham, quvvat ham yo‘qdir», deydi. Endi kimki mana shularni kasalligida aytib, keyin vafot etsa, do‘zax uni yemaydi. Ya’ni do‘zaxga tushmaydi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:43:18

146-BOB
Kasallar ahvolini so‘rashning yaxshiligi haqida


909/1. Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (s.a.v.) o‘lim to‘shagida yotgan edilar. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) u zotning huzurlaridan chiqqanlarida, odamlar: «Ey Abul Hasan, Rasulullohning ahvollari qanday?» deb so‘rashdi. Shunda Ali (r.a.): «Alhamdu lillah, shifo topgan holda tong ottirdilar», dedilar». Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:43:31

147-BOB
Yashashdan noumid bo‘lib qolganda aytiladigan narsalar


910/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) menga suyanib turib:
«Allohummag‘firli varhamniy va alhiqniy birrofiqil a’la», deganlarini eshitdim». (Ma’nosi: Allohim, meni mag‘firat qil va menga rahm et. Meni Oliy rafiq bilan qovushtir.) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

911/2. Oisha (r.a.) aytadilar: «Rasulullohning (s.a.v.) o‘limlari yaqinlashganida oldilarida bir idishda suv bor edi. Unga qo‘llarini tiqdilar, so‘ng suvini yuzlariga surtib:
«Allohumma a’inniy ‘ala g‘omarotil mavti va sakarotil mavt», deb aytdilar». (Ma’nosi: Allohim, o‘lim shiddati va o‘lim talvasasida menga yordam ber.) Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:43:46

148-BOB
Kasalning oilasiga va unga xizmat qilayotganlarga kasalga yaxshi qarashni va qiyinchiliklarga sabr etishni nasihat qilishning hamda had yoki qasos tufayli o‘limga hukm etilganlarga ham yaxshilik ila nasihat etishning mahbubligi haqida


912/1. Imron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga Juhayna qabilasidan zinodan homilador bo‘lgan bir ayol kelib: «Ey Allohning Rasuli, menga had urish lozim bo‘lib qoldi. Uni menga qoim qiling», dedi. Rasululloh (s.a.v.) uning yaqinlarini chaqirdilar. «Unga chiroyli muomala qil va homilasini tug‘ib bo‘lganidan keyin olib kel», dedilar. Xotin tuqqanidan keyin uni keltirishdi. Rasululloh (s.a.v.) ayolning ko‘ylagini mahkam bog‘lashni, so‘ng toshbo‘ron qilishni buyurdilar. Hukm ijro qilinganidan keyin unga janoza namozini o‘qidilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:44:04

149-BOB
Bemorning «Kasalim qattiq» yoki «Og‘rig‘im kuchli» yoki «Voy boshim» deyishi, g‘azablanish va sabrsizlik tarzida bo‘lmasa, joizligi haqida


913/1. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kirsam, og‘riqlari kuchayayotgan ekan. U zotni ushlab turib: «Ey Rasululloh, qattiq og‘riyapsizmi?» dedim. «Ha, men sizlardan ikki kishiga beriladigan og‘riq bilan kasallanaman», dedilar Nabiy alayhissalom». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

914/2. Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Qattiq kasal bo‘lib yotganimda, Rasululloh (s.a.v.) meni ko‘rgani kirdilar. «Ey Rasululloh, ko‘rib turganingizdek betobman. Bilasiz badavlat kishiman. Bitta qizimdan boshqa merosxo‘rim yo‘q», dedim...» Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

915/3. Qosim ibn Muhammaddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Oisha (r.a.): «Voy boshim», degandilar (Rasululloh (s.a.v.) Oishaga (r.a.) yoqtirmaydigan bir so‘z aytdilar. Oisha (r.a.) esa bu aytgan so‘zlariga e’tiroz bildirganlaridan keyin) Rasululloh (s.a.v.) «Unday bo‘lsa, o‘zimning boshim og‘riyapti», deb, hadisning qolganini zikr qildilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:44:18

150-BOB
O’limi yaqinlashgan kishi oldida «La ilaha illalloh»ni aytib turish haqida


916/1. Muozdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimning oxirgi so‘zi «La ilaha illalloh» bo‘lsa, jannatga kiradi», dedilar. Abu Dovud va imom Hokimlar rivoyatlari.

917/2. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «O’liklaringizga «La ilaha illalloh»ni talqin qilib turinglar. Ya’ni oldida eslatib, unga ayttiringlar», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:44:31

151-BOB
O’lgan kishi ko‘zini yumganidan so‘ng aytiladigan narsalar


918/1. Ummu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Abu Salamaning oldiga kirganlarida, u zot vafot etib, ko‘zlari ochiq qolgan edi. Rasululloh (s.a.v.) uning ko‘zlarini yumib qo‘ydilar. So‘ngra: «Agar ruh olinsa, ko‘z unga ergashadi», dedilar. Abu Salamaning ahllaridan bo‘lgan kishilar baland ovoz ila qichqirib yuborishdi. Rasululloh (s.a.v.) «O’zingizga duo qilayotganingizda faqat yaxshilik so‘ranglar, chunki farishtalar aytayotgan narsangizga omiyn, deb turishadi», deb quyidagi duoni o‘qidilar: «Allohummag‘fir liabiy Salamata varfa’ darojatahu fil mahdiyyiyna vaxlufhu fiy ‘aqibihi fil g‘obiriyna vag‘firlana va lahu ya robbal ‘alamiyn vafsah lahu fiy qobrihi va navvir lahu fiyhi». (Ma’nosi: Allohim, Abu Salamani mag‘firat qil. Uning darajasini hidoyat topganlar qatoriga ko‘tar. Orqasida qolganlarga O’zing uning o‘rnini bos. Ey olamlar Rabbi, uni va bizni mag‘firat qil. Uning qabrini keng qil, nurga to‘ldir.) (Bu duoni o‘qiyotganda «Abu Salama»ning o‘rniga o‘lgan kishining ismi aytiladi.) Imom Muslim rivoyatlari.
152-BOB

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:44:57

152-BOB
O’likhuzurida aytiladigan va mayyit egalari aytadigan narsalar


919/1. Ummu Salama onamiz (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (s.a.v.) «Agar kasal yoki mayyitning oldida hozir bo‘lsangiz, faqat yaxshi gapni aytinglar. Chunki farishtalar aytayotgan narsangizga omiyn, deb turishadi», dedilar. Abu Salama vafot etganlarida, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kirib: «Ey Rasululloh, Abu Salama vafot etdi», dedim, u zot: «Allohummag‘firliy va lahu va a’qibniy minhu ‘uqba hasana» (Allohim, meni va uni mag‘firat qil hamda menga undan yaxshisini qoldir), deb ayt», dedilar. Men shu duoni aytganimda, Alloh taolo menga erimdan ham afzal Rasulullohni (s.a.v.) berdi (ya’ni, u zot meni nikohlariga oldilar)». Imom Muslim rivoyatlari.

920/2. Ummu Salama onamiz (r.a.) aytadilar: «Rasululloh alayhissalom: «Biror bandaga musibat yetganida: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un, Allohumma ajirniy fiy musiybatiy vaxlufliy xoyrom minha» (Biz Allohnikimiz va Allohga qaytuvchimiz. Ey Rabbim, musibatimda ajr qil va menga undan yaxshirog‘ini ber), deb aytsa, Alloh taolo musibatiga ajr berib, undan yaxshisini ato etadi», dedilar. Erim Abu Salama vafot etganida, Rasululloh buyurganlaridek, o‘sha duoni aytdim. Alloh taolo erim Abu Salamadan ham yaxshirog‘iga - Muhammad alayhissalomning nikohlariga musharraf qildi». Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan