Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486302 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 ... 128 B


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:56:48

167-BOB
Safarga chiqayotganlarning o‘zlariga hamroh olib va bo‘ysuniladigan bir kishini boshliq etib tayinlashlari mahbubligi haqida


957/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar insonlar yakka yurishning zararini men bilganchalik his qilishganida edi, biror yo‘lovchi kechasi yolg‘iz o‘zi yurmas edi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

958/2. Amr ibn Shu’ayb otalaridan, otalari esa bobolaridan qilgan rivoyatlarida Rasululloh (s.a.v.) «Bir yo‘lovchi bitta shayton, ikki yo‘lovchi ikki shayton, uchtasi esa haqiqiy yo‘lovchidir», dedilar. Abu Dovud, Termiziy va Nasaiylar rivoyatlari.

Bu hadisdan safarda bir va ikki kishi bo‘lsa, shaytonning yomonligidan omon bo‘lmasliklari mumkinligi, agar uch va undan ko‘p bo‘lsa, haqiqiy yo‘lovchi bo‘lib, shaytonning yomonligidan, inshoalloh, omonda bo‘lishlari tushuniladi. Vallohi a’lam.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:56:55

959/3. Abu Said (r.a.) va Abu Hurayralardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar uch nafar kishi safarga chiqsa, ichlaridan bittalarini amir (boshliq) etishsin», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.

960/4. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Hamsafarlarning yaxshisi to‘rt adadligidir. Otliqlarning yaxshisi to‘rt yuz adadligidir. Qo‘shinlarning yaxshisi to‘rt ming adadligidir. O’n ikki ming qo‘shin ozlikdan hech ham mag‘lub bo‘lmaydi», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:57:18

168-BOB
Safarda bir yerga tushish, yurish, yotish, uxlashning odoblari hamda safarda kechasi yurish, hayvonlarga muloyim bo‘lib, ularning foydasiga ish yuritish, hayvonlar haqqini bilmaganlarga uni o‘rgatish va agar ulov toqat qilsa, mingashtirishning joizligi haqida


961/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar ko‘kalamzor, hosildor yerga safar qilsangiz, tuyaga yerdagi nasibasini beringlar. Ya’ni o‘tlatib o‘tinglar. Agar quruq, unumsiz yerga safar qilsangiz, tuyani tezlatib yurgizinglar, toki iliklari erimasdan, ko‘zlagan manzilga yetib olinglar. Agar biror yerga qo‘nadigan bo‘lsangiz, yo‘l ustiga qo‘nishdan chetlaning, ya’ni yo‘ldan uzoqroqqa tushing. Chunki u kechqurun hayvonlarning yo‘llari va zararli hasharotlarning joylaridir», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Foyda: Bu hadisda Islom hayvonlar huquqini qay darajada himoya qilganiga ishora bordir.

962/2. Abu Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) odatlari, - agar safarga chiqib, kechasi biror yerga qo‘nsalar, o‘ng tomonlariga yonboshlardilar. Agar subh oldidan biror yerga qo‘nsalar, bilaklarini tikka qilib, boshlarini kaftlariga qo‘yib uxlardilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Ulamolar: «Rasululloh (s.a.v.) bilaklarini tikka qilib, boshlarini kaftlariga qo‘yib uxlashlaridan maqsad, uyquga sho‘ng‘ib, bomdod namozi o‘tib ketishidan xavf qilganlari uchun», deyishgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:57:25

963/3. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Safarga chiqsanglar, kechqurun yuringlar. Chunki kechasi masofa tez bosib o‘tiladi», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.

964/4. Abu Sa’laba al-Xushniydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Odamlar safar qilib, biror manzilga tushishsa, dara va vodiylar orasiga tarqalib ketishardi. Buni ko‘rgan Rasululloh (s.a.v.) «Albatta, dara va vodiylar orasiga tarqab ketishingiz shayton tomonidandir», dedilar. Bundan keyin ular biror yerga tushadigan bo‘lishsa, bir-birlariga qo‘shilib, jipslashib olishar edi. Abu Dovud rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:57:38

965/5. Sahl ibn Amr Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi (bu zot Ibn Hanzaliyya nomi bilan mashhur bo‘lib, Rizvon bay’atida ishtirok etgan sahobalardandir). Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) bir tuya oldidan o‘tdilar. U tuya ochlikdan qorni ichiga tortib ketgan edi. Rasululoh (s.a.v.) «Bu tilsiz hayvonlar xususida Allohdan qo‘rqinglar. Bas, qornini to‘yg‘azib mininglar. Va semirtirib, so‘yib yenglar», deb aytdilar. Abu Dovud rivoyatlari.

966/6. Abu Ja’far Abdulloh ibn Ja’fardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) orqalariga meni mingashtirib, bir sirni aytdilar. Men o‘sha sirni insonlardan birortasiga gapirmayman. Rasululoh (s.a.v.) tahorat ushatadigan bo‘lsalar, biror balandlik yoki xurmo daraxtidan bo‘lgan bog‘-to‘siq bo‘lar edi... Imom Muslim mana shu ko‘rinishdagi qisqa holda rivoyat qilganlar.

Ammo imom Barqoniy imom Muslimning isnodlari ila «Xurmo daraxtidan bo‘lgan bog‘-to‘siq bo‘lar edi» so‘zidan keyin quyidagilarni ziyoda qildilar: «Bas, Rasululloh (s.a.v.) ansoriylardan bir kishining to‘sib qo‘ygan yeriga kirdilar. Qarasalar, bir tuya turibdi. U zot tuyaga qaragan edilar, tuya ovoz chiqarib, ko‘zidan yosh oqizdi. Rasululloh (s.a.v.) uning o‘rkachi va qulog‘i ortidan siladilar. Va: «Bu tuyaning egasi kim, bu tuya kimga qarashli?» dedilar. Ansoriylardan bir yigit kelib: «Ey Allohning Rasuli, menga qarashli», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh seni ega qilgan bu hayvon haqida Allohdan qo‘rqmaysanmi? Bu tuya och qoldirib, ko‘p ishlatishingdan menga shikoyat qildi», dedilar. Abu Dovud ham Barqoniy kabi rivoyat qilganlar.

967/7. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Agar biror manzilga tushsak, hattoki yuklarni ulov ustidan tushirib, egarlarni yechmagunimizcha, namoz o‘qimas edik», dedilar. Abu Dovud imom Muslimning shartlariga to‘g‘ri keladigan isnod ila rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:57:52

169-BOB
Do‘stlarga yordam berish haqida


Yuqorida kelgan «Bir banda birodarining yordamida bo‘lsa, Alloh ham o‘sha banda yordamidadir» hadisi va yana «Har bir yaxshilik sadaqadir» hadislari ham bu bobimizga taalluqlidir.

968/1. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz safarda edik. Bir kishi o‘z uloviga minib kelib, nazarini o‘ng va chap tomoniga tashlay boshladi. Bas, Rasululloh (s.a.v.) «Kimning ortiqcha minadigan narsasi bo‘lsa, ulovi yo‘qlarga bersin. Kimning ortiqcha safar taomi bo‘lsa, yo‘qlarga bersin», deb va yana har turli mol-dunyolarni zikr qildilar. Hattoki, biz kimda ortiqcha narsa bo‘lsa, o‘ziniki bo‘lmay, balki muhtojlarning haqqi ekan-da, deb o‘ylab qoldik. Imom Muslim rivoyatlari.

969/2. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) g‘azot qilmoqchi bo‘lib: «Ey muhojir va ansoriylar jamoasi, oralaringizdagi ba’zi toifadagi birodarlaringizning na mol-dunyolari va na qarindosh-urug‘lari bor. Shundoq ekan, sizlar o‘zlaringizga ikki yoki uch kishini qo‘shib oling», dedilar. Bizlardan birortamizda ortiqcha minadigan narsa yo‘q edi. Faqat navbat bilan minar edik. Men ham ulardan ikkita yoki uchtasini qo‘shib oldim. Mening tuyamni navbat bilan minishar edi. Abu Dovud rivoyatlari.

970/3. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) safarda yursalar, orqada qolib ketardilar. Zaiflarni oldinda yurgizib va ba’zilarini mingashtirib ham olardilar. Hamda ularning haqqiga duoda bo‘lardilar. Abu Dovud rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:58:28

170-BOB
Safarga chiqishni niyat qilib, ulovga minganda aytiladigan zikrlar


Alloh taolo:
«O’sha zot sizlar uchun kemalar va chorva hayvonlaridan - sizlar minadigan narsalar (paydo) qildi. Toki sizlar ularning ustiga o‘rnashgaysizlar, so‘ngra unga o‘rnashib olgach, Parvardigoringizning ne’matini eslab: «Bizlarga bu (kema yoki ot-ulovni) bo‘ysundirib qo‘ygan zot (ya’ni Alloh barcha aybu nuqsondan) pokdir. Bizlar o‘zimiz bunga qodir emas edik. Shak-shubhasiz bizlar (barchamiz) Parvardigorimizga qaytguvchidirmiz», degaysizlar» (Zuxruf surasi, 12-14-oyatlar), deb aytgan.

971/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) safarga chiqadigan bo‘lib, ulovlariga o‘rnashib olganlaridan keyin uch marta takbir aytar, so‘ngra «Subhanallaziy saxxara lana haza va ma kunna lahu muqriniyn va inna ila robbina lamunqolibun. Allohumma inna nas’aluka fiy safarina haza al-birro vattaqva va minal ‘amali ma tarzo, Allohumma havvin ‘alayna safarana haza vatvi ‘anna bu’dahu, Allohumma antas sohibu fissafari valxaliyfatu fil ahli. Allohumma inniy a’uzu bika min va’sois safari va kaobatil manzari va su‘ il munqolabi fil mali val ahli val valadi», deb aytardilar. (Ma’nosi: «Bizlarga bu (kema yoki ot-ulov)ni bo‘ysundirib qo‘ygan Zot (ya’ni, Alloh barcha aybu nuqsondan) pokdir. Biz o‘zimiz bunga qodir emas edik. Shak-shubhasiz, bizlar (barchamiz) Rabbimizga qaytguvchidirmiz. Allohim, Sendan bu safarimizda yaxshilik va taqvoni hamda Sen rozi bo‘ladigan amalni so‘raymiz. Allohim, bu safarimizni bizga yengil qilib, uzoqligini yaqin qilgin. Allohim, safardagi yo‘ldosh ham, xonadonda qoluvchi o‘rinbosar ham O’zingdirsan. Allohim, men Sendan safar mashaqqatlaridan, mahzunlik manzarasi va molu-mulk, oilaga va farzandlarga yetadigan ziyon-zahmatdan panoh berishingni so‘rayman».)
Agar safardan qaytsalar, yuqoridagi duoni aytib, quyidagilarni qo‘shimcha qilardilar: «Oyibuna, toibuna, obiduna, lirobbina hamiduna». (Ma’nosi: «(Biz) qaytuvchi, tavba qiluvchi, ibodat qiluvchi va Rabbimizga hamd aytuvchilarmiz».) Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:58:44

972/2. Abdulloh ibn Sarjisdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) agar safar qilsalar, «Allohumma inniy a’uzu bika min va’sois safari va kaobatil munqolabi val havri ba’dal kavni va da’vatil mazlumi va su‘il manzari fil ahli val mali», deb aytardilar. (Ma’nosi: «Allohim, men Sendan safar mashaqqati, xafalik yetishi, istiqomat yoki ziyodalikdan noqislikka qaytish, mazlum duosi va molu-mulk, oiladagi yomon manzaradan panoh tilayman».) Imom Muslim, Termiziy va Nasaiy rivoyatlari.

973/3. Ali ibn Rabiy’adan rivoyat qilinadi. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) otlarini mingani kelib, oyoqlarini ulovga qo‘yganlarida «Bismillah», dedilar. Qachonki, uning ustiga o‘rnashganlarida «Alhamdu lillahillaziy saxxara lana haza va ma kunna lahu muqriniyn va inna ila robbina lamunqolibun», deb aytdilar. (Ma’nosi: «Bizga bularni bo‘ysundirib qo‘ygan Zotga hamd bo‘lsin. Bizlar o‘zimiz bunga qodir emas edik. Barchamiz Parvardigorimizga qaytuvchidirmiz».) So‘ngra uch marta «Alhamdulillah» va uch marta «Allohu akbar», so‘ngra «Subhanaka inniy zolamtu nafsiy fag‘firliy innahu la yag‘firuz zunuba illa anta», deb kulib qo‘ydilar. «Ey mo‘minlarning amiri, qaysi narsadan kulyapsiz?» deyilganida, u zot aytdilar: «Rasululloh (s.a.v.) ham xuddi shu amalni qilib kulganlarida, «Ey Rasululloh, nima narsadan kuldingiz?», deganimda, u zot: «Albatta Rabbing biror banda gunohimni kechir, deb aytsa, U: «Mendan boshqasi kechira olmasligini biladi», deb ajablanadi», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:59:01

171-BOB
Musofir tepalikka (dovonga) ko‘tarilganda takbir, past (vodiy)ga tushganda tasbih aytishi hamda takbir aytayotganda mubolag‘a tarzida ovozini balandlatishdan qaytarish haqida


974/1. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Bu zot: «Agar tepalikka ko‘tarilsak, takbir aytardik. Agar pastlikka tushsak, tasbeh aytardik», deb aytdilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

975/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululoh (s.a.v.) va askarlari agar tepalikka ko‘tarilishsa, takbir aytishar edi. Agar pastlikka tushishsa, tasbeh aytishar edi. Abu Dovud rivoyatlari

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:59:16

976/3. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) agar haj yoki umradan (roviy: «g‘azot deb aytganlarini bilaman xolos», dedilar) qaytadigan bo‘lib, tepalik yoki sahro yeriga ko‘tariladigan bo‘lsalar, uch marta takbir aytib, so‘ngra «La ilaha illallohu vahdahu la sharika lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ‘ala kulli shay’in qodiyr. Oyibuna obiduna sajiduna lirobbina hamiduna, sodaqollohu va’dahu va nasoro abdahu va hazamal ahzoba vahdahu», deb aytardilar. (Ma’nosi: «Yakka Allohdan boshqa iloh yo‘q. Uning sherigi ham yo‘q. Mulk U uchundir. Hamd ham U uchundir. U har bir narsaga qodirdir. (Bizlar) qaytguvchi, tavba qilguvchi, ibodat qilguvchi va Rabbimizga hamd aytguvchilarmiz. Allohning va’dasi haqdir. Quliga nusrat berib, ahzoblarni (guruhlarni) yakka O’zi yengadi.) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari

Qayd etilgan