Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam duo qilib: «Ey Allohim, menga ochlikdan panoh berishingni so‘rayman, zero, u juda yomon hamxonadir, hamda xiyonatdan panoh berishingni so‘rayman, zotan u juda yomon astar-yopinchiqdir», der edilar (Abu Dovud rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Do‘zax ahli beshtadir», deya bir necha toifani zikr qilib: «Arzimagan bo‘lsa-da, o‘zi yoqtirgan narsaga xiyonat qiladigan xoin», deganlar (Muslim rivoyati).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Alloh yo‘lida qatl etilish barcha gunohlarga kafforat bo‘ladi. Biroq omonat bundan mustasno. Qiyomat kuni bir bandani olib kelishadi. Garchi Alloh yo‘lida qatl etilgan bo‘lsa ham, unga: «Omonatingni ado et», deyiladi. U: «Ey Rabbim, dunyo o‘tib ketgan bo‘lsa, men qanday qilib omonatni ado qilaman», deydi. Uni «Hoviya»ga olib borishadi. Unga omonati ko‘rinadi. U o‘ziga berilgan kundagi shaklda bo‘ladi. Uni ko‘riboq taniydi. Uning izidan «Hoviya»ga tushib, unga yetib boradi-da, yelkasiga ortib, olib chiqa boshlaydi. Endi chiqaman, deganida omonat yelkasidan tushib ketadi. U abadul-abad omonatning izidan pastga tushib ketaveradi». So‘ng: «Namoz omonatdir, tahorat omonatdir, tarozi omonatdir, o‘lchov omonatdir», deb bir qancha narsalarni sanadilar-da: «Bularning eng qattig‘i va’dadir», dedilar (Ahmad, Bayhaqiy rivoyati).
Rivoyat qilishlaricha, odamlardan birinchi bo‘lib, ko‘tariladigan narsa omonatdorlik va oxirida qoladigan narsa namozdir. Holbuki, ko‘pchilik namozxonlarda xayr — yaxshilik bo‘lmaydi.
Ey Allohim, bizga lutf marhamating ila muomala qilgin va barchamizni afv aylagin.