Kechqurun esa bizni yoniga olib, coatlab «Go'ro'g'li» dan baxshiyona ohangda kuylar, so'ngra yana kitob o'qishga, yozishga kirishardi. Biz esa u kishining atrofida parvona bo'lib, uxlab qolganimizni bilmasdik.
Katta otamning qanday dars berishini, o'quvchilarga munosabatini ko'rmaganman. Men birinchi sinfga borganimda, katta otam nafaqaga chiqdi. Maktabga borgach, o'qituvchi nima ish qiladi, nima uchun har tongda kitob varaqlaydi, kechasi o'qish, yozish bilan band bo'ladi, hammasi oydinlashdi.
Uyda «Fan va turmush», «Saodat», «Yoshlik», «Sharq yulduzi» kabi bir nechta gazeta-jurnallar taxlami haligacha saqlanadi. Kitob javoni esa turli xil kitoblarga to'la. Undan amakilarim ham, men ham, ukalarim ham bahramand bo'lganmiz. Ayniqsa, qishning rutubatli kechalari chiroq yorug'ida o'zbek xalq ertaklarini, dostonlarini ovoz chiqarib o'qirdik. Katta otam, katta onam, onam, ukalarim - butun oilamiz vujudi quloqqa aylanib tinglashardi.
Elu xalqning katta otam haqida aytgan fikrlari, ularning o'zaro munosabatlari menda «muallimlik - ulug' kasb» degan tushunchani shaklÂlantirgan. Men yuqori sinflarda o'qiyotgan kezlar katta otam bilan ko'p joylarga birga borardik. Shogirdlarining bildirayotgan ehtiromini ko'rgach, men ham muallimlarimni shunday hurmat qilaman, deya o'zimcha ahd qilganman.
Odam bu dunyoda nimani izlasa o'shani topadi. Odamlarga yaxshilik qilishda hikmat bor. Nimaki qilsang, bari o'zingga ziyodasi bilan qaytarkan. Katta otam nafaqaga chiqqaniga, mana, qariyb yigirma yil bo'layapti, u kishining eng ko'p boradigan tadbirlari - shogirdlariniki. Mabodo, kechikkudek bo'lsa, o'zlari kelib olib ketishadi. Bundan tashqari, falon shogirdining yubileyi, falon yilgi bitiruvchilarning falon yilligi... kabi tadbirlar katta otamsiz o'tmaydi.
Bir kuni katta otam bilan qo'shni Nurota tumanidagi qishloqlardan biriga to'yga borayotgandik. Ortimizdan bir yengil mashina signal berib, tezlikda o'tib ketdi. Bir oz yurgach, chang-to'zonga belanib to'xtadi. Shofyor qo'l silkitib, bizni ham to'xtashga ishora qildi.
Mashinadan bashang kiyingan uch kishi tushib kelib katta otam bilan xushxandon quchoq ochib ko'risha ketdi. «Mashinada siz borligingizni bilmabmiz, domla, oldinga o'tib ketganimiz uchun ming bora uzr», deya xijolat tortishdi. Va katta otamni o'zlarining mashinasiga olib, yo'lda davom etishdi.
Bu voqea menga juda qattiq ta`sir qilgandi. O'sha voqeani eslasam, mashhur shoir Abdulla Oripovning shunday satrlari yodimga tushadi:
Shoirga dedilar:
- Siz baxtli inson,
Xalqingiz ardoqlar, hamma taniydi.
Shoir javob qildi:
- Menda bir armon:
Muallim desalar meni, qaniydi!
Shogirdlari ustozlari bilan, o'z navbatida ustozlar ham o'quvchilari bilan faxrlanishadi. Katta otam shogirdlari haqida ko'p gapiradi. Gapirganda ham to'lqinlanib, yayrab gapiradi. Ularning bugungi yutuqlaridan xursand. Biri bu vazirlikda, biri u universitetda, yana biri viloyatda mas`ul vazifada, deya g'ururlanib so'zlaydi. Nomlarini sanab yuradigan shogirdlarining hammasi qishloqqa borganida katta otam bilan, albatta, ko'rishib, dildan suhbatlashib ketishadi. Ko'p kuzatganman, bunday paytlarda katta otamning kayfiyati yanada ko'tariladi, dili yayraydi.
U kishi qariyb qirq yil umrini yosh avlod ta`lim-tarbiyasiga baxshida etgan. Nurota tumanidagi 16-o'rta maktabda matematika fanidan saboq berdi. Ko'p yillar maktabga rahbarlik qildi...
Yaqinda qishloqqa to'yga bordim. Ustozlar bilan diydorlashdik, u yoqdan-bu yoqdan suhbat qildik. To'yda kelib-ketuvchi mehmon ko'p, taniganlarimiz bilan quchoq ochib ko'rishamiz, ba`zilari bilan yengil salom-alik qilamiz. Bir kishi yonida turgan o'qituvchimdan mening kimligimni so'radi. Katta otamning nomini eshitgach:
- Ey, ha, domlaning nevarasimi, - deya men bilan qaytadan ko'rishdi. - Bir yili o'quvchilik paytimizda, qahraton qish edi, qishloq bilan maktab orasi olti-etti chaqirim keladi, yo'llar yarim metr qor bilan qoplangan, to'qqiz-o'nta bola edik chamamda, domla oldinga tushib, maktabgacha bizga yo'l ochib borgan edilar...
Katta otam qishlog'imiz keksalaridan, yoshi saksonni qoralab qolgan. Donoboy Shodiyev desa ellikka yaqin qishloqlarni birlashtirgan Qo'shrabot tumanining Jo'sh qishloq fuqarolari yig'ini, Nurota tumanining Chuya qishloq fuqarolari yig'ini hududida yashovchi ko'plab insonlar taniydi, hurmat qiladi.
Bu satrlarni yozishimdan maqsad, katta otamni ko'klarga ko'tarib maqtash emas, balki oddiy bir muallimning katta hayot yo'lida o'zim guvohi bo'lgan ba`zi qirralarni yod etish, xolos. Zotan, el ishiga, inson tarbiyasiga umrini bag'ishlagan olijanob o'qituvchilarni, mo'`tabar muallimlarni jamiyatning o'zi boshiga ko'tarar ekan.
Mamlakatimiz Prezidentining «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» kitobida shunday ta`kidlanadi: «Inson o'z umri davomida qanday yutuq va natijalarga erishmasin, qayerda, qanday lavozimda ishlamasin, maktab dargohida olgan ta`lim-tarbiyasi uning yetuk shaxs va malakali mutaxassis bo'lib shakllanishida ulkan ahamiyatga ega ekani shubhasiz».
Darhaqiqat, o'qituvchi nainki sinf xonasiga fayz va ziyo olib kiradigan, balki ming-minglab murg'ak qalblarga ezgulik yog'dusini baxsh etadigan, o'z o'quvchilariga haqiqatan ham hayot sabog'ini beradigan mo'`tabar zotdir.
***
Biz har tongda katta otamning iliq erkalashlaridan uyg'onar edik, u kishi bergan ilm saboqlari esa yuzlab shogirdlar qalbini uyg'otgan, hayotga yo'llagan...
Hozir ham qishloqqa borganda, ayniqsa, yoz pallasida tunlari hovlida yotamiz. Subhidam beixtiyor uyg'onib ketaman. Katta otam sokin saharlab bog' kezadi, rizq-ro'z, nasiba kirsin deya darvozani ochadi, yana teraklar uchiga nur ina boshlaydi, daraxt shoxlarida qushlar chug'urlaydi...
Nurali SHODIYEV
Jamiyat gazetasi