Endi esa Ja’farning hayotidan ayrim lavhalar bilan tanishing.
Abu Tolib Quraysh qabilasi ichida eng sharafli kishilardan bo’lishiga, qavmdoshlari orasida benihoya xurmat-extiromga ega ekanligiga qaramay qo’li qisqaroq odam edi. Boz ustiga, bola-chaqasi ham ko’p edi.
Bir yili Makkada qurg’oqchilik bo’lib, qurayshliklarning mol-hollari qirilib ketdi. Hatto ba’zi odamlar o’limtik jonivorlarning sasigan go’shtlarini yeyishgacha borib yetishdi. Ayni chog’da banu Hoshim qavmida Muhammad ibn Abdulloh va amakisi Abbosdan ko’ra to’qroq kishi yo’q edi.
Bir kuni Muhammad Abbosga:
- Ey amaki, odamlarni qahatchilikdan qiynalib qolganini, ocharchilik ularning sillasini quritib yuborganini ko’rib turibsiz. Akangiz Abu Tolibning bir etak bolasi bor. Yuring, uning oldiga boraylik, bir bolasini siz oling, birini men olay. Unga ko’rsatadigan yordamimiz shu bo’lsin, - dedi.
Abbos jiyanining gapini ma’qulladi. Ular Abu Tolibning oldiga borib:
- Biz sizning og’iringizni, oz bo’lsa-da, qo’limizdan kelgancha yengillashtirmoqchi edik. To ocharchilik tugab, yaxshi kunlarga yetib olguncha, farzandlaringizdan ayrimlari bizlarnikida yashab tursin, - deyishdi.
Nochor Abu Tolib:
- Aqiyldan boshqasini oladigan bo’lsangiz, mayli, nima ham derdim, - deb rozi bo’ldi.
Muhammad o’zi bilan Alini olib ketdi. Abbosning bolalari safiga Ja’far qo’shildi. Ali Muhammaddan to Alloh taolo uni hidoyat va haq din bilan elchi qilib yuborguncha ajralmadi. Islom kelgach, Ali yosh bolalar ichida birinchi bo’lib iymon keltirdi.
Ja’far esa amakisi Abbosning uyida o’sdi, ulg’aydi islomga kirdi va mustaqil hayotga qadam qo’ydi. U va xotini Asmo binti Umays islom yo’liga asos solingan ondan ilohiy nurga yo’g’rilgan karvon safiga qo’shilishdi. Ular hali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Dorul Arqamda da’vat markazini tashkil qilmaslaridan turib, Abu Bakr Siddiqning nasihati bilan islomni qabul etishdi. Yosh kelin-kuyov boshqa ilk musulmonlar singari qurayshliklar tarafidan ko’p ozor chekishdi. Hamma ko’rguliklarga sabr qildilar, chunki jannat yo’li tikanaklar bilan to’shalgan, musibatu alamlarga to’lib-toshganligi ularga besh panjaday ma’lum edi, lekin ularning va dindosh birodarlarining ta’bini xiralashtiradigan narsa boshqa edi — qurayshliklar islom shiorlarining oshkora namoyish etilishiga tish-tirnog bilan qarshilik ko’rsatishar, musulmonlarni ibodat lazzatini totib, zavqlanishdan mahrum qilishar, ularni holi-joniga qo’ymas, har qadamini kuzatishar, har nafasini hisoblashardi.
Ja’far ibn Abu Tolib, pichoq suyakka qadalgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib, xotini ikkisiga Habashiston yeriga jo’nayotgan sahobalar bilan birga hijrat qilish uchun izn so’radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mahzun kayfiyatda, noiloj ruxsat berdilar. Shundoq pokiza, olijanob kishilarning hech bir gunohsiz faqatgina "Robbim — Allohdir", deganlari uchun o’z diyorlaridan ajralayotgani, sho’x-shodon bolalik yillari, har lahzasi oltinga teng yoshlik davrlari o’tgan yerlaridan judo bo’layotgani ul zoti bobarakot uchun nihoyatda og’ir edi, lekin ayni damda mushriklarning popugini pasaytirib, tanobini tortib qo’yadigan darajada quvvatga ega emas edilar.